Dolzarb seminar-trening

Iqtidorli talabalarni turli tanlovlarga tayyorlash va ularni qishloq va suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirib borish uchun tashkil etilgan navbatdagi seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

 

 

Sizga ma’lumki, institutimizda 2018 yil 16 fevral kuni iqtidorli talabalarni turli tanlovlarga tayyorlash va ularni qishloq va suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirib borish uchun seminar-treninglar o‘z ishini boshlagan edi.

Navbatdagi seminar-trening darsini 2018 yil 23 fevral kuni institut Axborot xavfsizligi bo‘limining boshlig‘i, filologiya fanlari nomzodi  Jumaniyozov Raximboy Matkarimovich olib bordi. U o‘zining “Notiqlik san’atini shakllantirish va talabalarni har qanday auditoriyada o‘zini tutish, fikrlash darajasi va bilim ko‘nikmalarni oshirish bo‘yicha tayyorlash” mavzusidagi ma’ruza bilan qatnashdi.

  

Ular o‘z nutqida quyidagi masalalarga e’tibor qaratib, jozib nutq irod etdilar.

 Insonning o‘zligini bildiruvchi ko‘zgu bu uning so‘zligidir. O‘z fikrini aniq, tiniq va ta’sirchan ifoda eta olish, aslida, yuksak ma’naviyatdan, yurish-turish, ko‘rinish va kiyinish esa etik va estetik me’yorlardan dalolat. Tinimsiz mashq va intilish maqsadlarning ro‘yobi bilan bog‘liq. Bu xususiyatlarni chuqur idrok etgan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi o‘quv markazida o‘z malakalarini oshirishga kelgan tinglovchilar so‘zlash, tinglash va anglashning inson uchun qay darajada zarurligini bilibgina qolmasdan, balki uni o‘z faoliyatida qo‘llay olayotgani ijobiy hodisa. Kasbini sevgan, o‘z sohasini nozik tushuna oladigan talabchan xodim  boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas.

1997 yilning 29 avgustida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining IX sessiyasidagi nutqlarida birinchi Prezident ushbu mulohazalarni keltirib o‘tgandilar. “O‘z fikrini mutlaqo mustaqil, ona tilida ravon, go‘zal va lo‘nda ifoda eta olmaydigan mutaxassisni, avvalambor, rahbar kursisiga o‘tirganlarni bugun tushunish ham, oqlash ham qiyin.”  Bu shunchaki fikr emas, balki kasbga, vazifasiga, tilga, elga bo‘lgan mas’uliyat hissi va majburiyat burchi ham demakdir.

Bugungi kunda o‘z sohasining va kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lish ilinjidagi har bir xodim o‘z nutqida to‘liq va ravon gapira olishi lozim. Ayniqsa, rahbar xodimlar so‘zlagan nutqini adabiy tilda o‘z maromiga yetkazib ifodalay olishi shart. Rahbar xodim o‘z nutqi orqali qo‘l ostidagi xodimlarini ergashtirish orqali muvaffaqiyatlarga erishishi oson bo‘lsa, aksincha nutqidagi kamchiliklar va chaynalishlar mavjudligi orqali esa xodimlar hurmatiga sazovor bo‘la olmaydi, kasbdoshlarining ishonchini qozona olmaydi ham.                  

Mazkur seminar-treningda institutimizning iqtidorli talaba va magistrantlari ishtirok etishdi. Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Eslatib o‘tamiz, ushbu seminar-treninglar har hafta juma kuni soat 1500 da reja asosida belgilangan joylarda bo‘lib o‘tadi.

 

IT va IPKT bo‘limi 1-toifali injeneri S.B Yarova axboroti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov