Hamkorlik – tinchlik va taraqqiyot mexanizmi
Davlatlararo hamjihat va hamkorlik har ikkala tomon uchun ham o‘zaro manfaatli bo‘lishi aniq. Fan va ta’lim yo‘nalishidagi hamkorlik esa bevosita istiqbolli rejalar bilan chambarchas bog‘langan bo‘ladi. O‘qish va o‘qitishning tajriba almashish badaliga tashkil etilishi ko‘p jihatdan foyda keltiradi. Bu esa taklif va tashriflarning har tomonlama ahamiyati katta ekanligini anglatadi. Muhtaram Prezidentimizning xorijiy davlatlarga chikishlari hamda o‘sha davlatlar rahbarlarining yurtimizga tashrifidan ko‘zlangan maqsad ham taraqqiyot, hamjihatlik va hamkorlik zamiriga qaratilganligiga shubha yo‘q. O‘zaro manfaatli hamkorlik tinchlik siyosatining ustuvorligi va jamiyat taraqqiyotining asosiga daxldor ekanligini anglatadi.
Xuddi shu maqsadlarning amaldagi ifodasi o‘rnida bugun institutimizga Afg‘oniston va Xitoy davlatlarining fan va ta’lim mutaxassislari tashrif buyurishdi. Ertalabdanoq mehmonlarning kelishlari sharafiga tegishli hamma narsa muhayyo qilib qo‘yilgandi. Soat 10.00. da institutimiz rektori O‘.Umurzakov boshchiligidagi jamoamiz Afg‘oniston Islom Respublikasi tomonidan kelgan delegatsiyani ochiq chehra va do‘stona kayfiyat bilan kutib olishdi. Delegatsiya so‘ngra videokonferensiya zali tomon yo‘naldi.
Delegatsiya tarkibida Kobul universitetining professori La’l Pocha Azmun, Afg‘oniston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasidan Abdulahad Xoliqyor va tarjimonlar bor edi.
Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Afg'oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G'ani o'tgan yili 4 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelganida turli yo'nalishlar bo'yicha hamkorliklar belgilab olingandi.
Tashrif paytida Prezidentimiz "Sizni O'zbekistonda qutlashdan mamnunman. Biz keyingi bir yilda besh marotaba uchrashib, bugungi tarixiy tashrifga zamin yaratdik. O'zbekiston Afg'onistonni yaqin qo'shni va do'st mamlakat deb biladi. Afg'onistonda tinchlik va osoyishtalik o'rnatilishi, savdo, iqtisodiyot, transport, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorligimiz rivojlanishi uchun barcha sa`y-harakatlarni safarbar etmoqda,-deya iliq munosabat bildirgan edilar.
Ayni paytda Ashraf G'ani "O'zbekiston bilan hamkorligimizning yangi davri boshlanganidan mamnunmiz. Umid qilamizki, bu munosabatlarimiz oyma-oy, kunma-kun yanada mustahkamlanib boraveradi" - deya o'z minnatdorchiligini izhor qilgan edilar.
Ana shu maqsadlarning ro'yobi sifatidagi bugungi tashrif ham katta ahamiyatga ega bo'ldi. Rektorimiz, dastavval, institutimiz tarixi va buguni haqida ma'lumot berdilar. 7 fakultet va 37 ta kafedra bilan ta'lim jarayoni olib borilayotgan institutimizda bir paytlari 49 ta davlatdan kelgan talabalar tahsil olganligini g'urur bilan e'tirof etdilar. Kobul universitetining professori La’l Pocha Azmun Afg'oniston uchun irrigatsiya sohasi bo'yicha mutaxassislar tayyorlashda yordam so'radilar. Rektorimiz buning uchun institutda maxsus Til o'rgatish markazi mavjudligi va bu bo'yicha hamkorlik shartnomasini imzolash asnosida ijobiy ishlar hal qilinishiga va'da berdilar.
Tushdan keyin soat 15.00.da xitoylik delegatsiya qabul qilindi. Delegatsiya tarkibida Xitoy xalq respublikasining Shinjon qishloq xo'jaligi fanlari akademiyasining vitse prezidenti Dai Jian, Tuproqshunoslik institutining direktori Vang Xin Yong, Qishloq xo'jaligi iqtisodiyoti va ilmiy-texnik informatsiyalar institutining direktori Dai Jun Sheng va ilmiy xodim Shang Henglar bo'lishdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tsinpinning taklifiga binoan 11 may kuni davlat tashrifi bilan Pekin shahriga borgan edilar. Prezidentimiz "Bitta belbog‘ - bitta yo‘l" xalqaro forumida qatnashish uchun Xitoyga safar qilganlarida ham oliy maqsad mamlakatimiz taraqqiyotini yanada yuksaltirish borasidagi hamkorlikni nazarda tutganlari sir emas.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoev va Si Tsinpin O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi Qo‘shma bayonotni imzolashgandi. Hukumatlararo texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi, xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi bitimlar, umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasini asbob-uskunalar bilan jihozlashga doir loyihalarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi hukumatlararo notalar almashinuvi hamda veterinariya va o‘simliklar inspeksiyasi karantini sohasida Anglashuv memorandumi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish bo‘yicha Anglashuv memorandumi, qishloq xo‘jaligi sohasida 2018–2020 yillarga mo‘ljallangan idoralararo almashinuv hamkorlik rejasi kabi qator muhim hujjatlar imzolangandi o'shanda.
Ushbu xayrli harakatlarning natijasi sifatida xitoylik fan va ta'lim mutaxassislarining institumizga tashrifi ham katta ahamiyat kasb etdi. O'quv jarayonining tashkil etilishi har bir davlatda o'ziga xos. Har biri tajriba almashish bobida afzal jihatlarni o'zlashtiradi. O’quv jarayoniga tatbiq qiladi. Bu muloqotdan ko'zlangan maqsad ham aslida shu. Irrigatsiya va melioratsiya bobida ehtiyojlar mushtarakligi hamkorligimizga mezon bo'la oladi. Institutimiz rektori xitoylik mutaxassislarga minnatdorchilik bildirdi. Xitoylik talaba va pedagoglarning ta'lim olishi uchun institutimizda barcha sharoitlar mavjudligi, imkoniyat va hamkorlik eshiklari ochiqligini qayd etdilar. Va institutimizga tashrif buyurgan xorijlik mehmonlarga esdalik sovg'alarini taqdim etdilar.
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov.