Xitoy xalq respublikasining Powerchina International Group Limited kompaniyasi va institutimiz o’rtasidagi hamkorlik

Suv va qishloq xo‘jaligi oliy ta’limi va ilmi fani rivojiga erishish yo‘lida o‘z faoliyatlarini xalqaro andozalar va kunning dolzarb muammolarining barqaror yechimlari hamda sohada olib borilayotgan islohotlar talablari asosida tashkil etayotgan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida xalqaro o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalariga alohida e’tibor bilan qaralmoqda.  Mazkur yo‘nalishda bugun TIQXMMIda uning ishonchli hamkorlaridan biri bo‘lgan Xitoy xalq respublikasining Powerchina International Group Limited kompaniyasi va institut rahbariyati o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi doirasida muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinayotgan o‘zaro manfaatli hamkorlikning navbatdagi vazifalarini muhokama qilish bo‘yicha ishchi uchrashuv o‘tkazildi. 

Uchrashuvda Powerchina kompaniyasidan uning bosh injeneri va O‘zbekistondagi vakolatxonasi Bosh direktori janob Van Yan Li va kompaniyaning tijorat menejeri Chao Yue hamda TIQXMMIdan institut rektori prof. O‘. Umurzakov va “Ekologiya va suv resurslarini boshqarish” kafedrasi mudiri, rektorning xalqaro aloqalar bo‘yicha maslahatchisi prof. A.T. Saloxiddinov ishtirok etdilar.

Ishchi uchrashuv davomida kelishuv memorandumi doirasida 2018 yilning ikkinchiga rejalashtirilgan ishlar va ularni amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilindi:

  1. TIQXMMI rahbariyati va O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi vakilining XXRga bo‘ladigan rasmiy safarini tashkil etish va o‘tkazish;
  2. Powerchina kompaniyasi ishtirokida Xitoyning suv resurslarini boshqarish sohasidagi eng nufuzli oliy ta’lim muassalaridan biri bo‘lgan Xoxay universiteti va TIQXMMI o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni tashkil etish;
  3. Xitoyning Xoxay universitetiga magistraturaga yuborilayotgan 6 nafar TIQXMMI bitiruvchilarining nafaqat o‘qishi, balki XXR sharoitida a’lo o‘qishi va tegishli malakalarga ega bo‘lishlari uchun zaruriy sharoitlarni doimiy ta’minlash bilan birga, tegishli monitoring olib borishni tashkil etish;

Uchrashuv davomida muhokama qilingan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi:

TIQXMMI rahbariyati va O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi vakilining XXRga bo‘ladigan rasmiy tashrifi muddatlari va dasturi loyihasi kelishib olindi.

Xitoyning suv resurslarini boshqarish sohasidagi eng nufuzli oliy ta’lim muassalaridan biri bo‘lgan Xoxay universiteti va TIQXMMI o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi mazmuni kelishib olindi.

Xoxay universitetiga magistraturaga o‘qishga qabul qilingan 6 nafar TIQXMMI vakillarining 2 nafariga Xitoy davlat stipendiyasi va 4 nafariga Xoxay universiteti stipendiyasi berilishi, shuningdek, istisno tariqasida har olti talabaning yo‘l haqlari ham bu yil kompaniya tomonidan qoplab berilishi bo‘yicha qaror qabul qilindi.

 

“Ekologiya va suv resurslarini boshqarish” kafedrasi mudiri, rektorning xalqaro aloqalar bo‘yicha maslahatchisi prof. A.T. Saloxiddinov axboroti,

 

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov