Hisobot – majburiyat va mas’uliyat yorlig‘i
Joriy yil 9 yanvar kuni institut rektori Umurzakov O‘ktam Pardaevich institutning barcha xodimlari va ustoz-murabbiylari bilan uchrashuv o‘tkazdi. O‘tgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuq va yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklar borasida axborot berildi va shu yo‘sinda fikr almashinildi. Yil yakuni bo‘yicha ma’lumotlar va yangi yilda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar va rejalar xususida ham kelishib olindi.
Institut prorektorlari, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari, kafedra mudirlariga xuddi shu yo‘sinda zarur bo‘lgan ishlar yuzasidan taklif va topshiriqlar berildi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad oliygoh nufuzini yuksaltirishgina bo‘lib qolmay, balki har bir talabani yashash va o‘qish sharoitini tubdan o‘rganish, unga yaqindan ko‘mak berish, ularni qo‘llab-quvvatlash lozimligi ta’kidlandi.
Qolaversa, o‘quv jarayonlarini yanada yuksaltirish, sifatini oshirish maqsadida barcha kerakli shart-sharoit yaratish va qo‘llab-quvvatlashga institut rahbariyati doimo tayyorligini aytib o‘tildi.
O‘ziga xos hisobot o‘rnida o‘tgan ushbu uchrashuv barcha pedagog va xodimlarga mas’uliyat hissi va majburiyat burchi o‘rnida bo‘lishi yana bir bor ta’kidlandi.
Institut matbuot kotibi: Rahimboy Jumaniyozov