Institut professor - o‘qituvchilari ziyorat sayohatida
Teran tomirlari tutash bo‘lgan, yondosh va qondosh o‘zbek va qozoq xalqlarining maqsadlari ham mushtarakdir. Prezidentlarimizning taklif va tashriflarida, o‘zaro uchrashuvlarida ham ana shu ezgu niyat bor. O‘zaro hamkorlik va hamjihatlik zamiriga qurilgan ijtimoiy-iqtisodiy hamda ilmu fan, san’at sohalaridagi madaniy aloqalarimizning yanada rivojlanayotgani istiqbolimizning, iqbolimizning porloq ekanidan nishondir. Prezident Nursulton Nazarboev tomonidan joriy yilning “O‘zbekiston yili” deb e’lon qilinishi va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning o‘zaro hamkorlik siyosati bo‘yicha takliflarining qo‘llab–quvvatlanishi ham xuddi shu fikrlarimizning yorqin ifodasidir. Uzoq tarixga ega bo‘lgan bordi-keldi munosabatlarimizning yanada jonlanayotgani har ikkala xalqning qalbiga xushnudlik olib kirdi.
Joriy yilning 30-31 mart kunlari institutimizga Qozog‘iston milliy agrar universiteti rektori, akademik Yespolov Tlektes Isabaevich boshchiligidagi delegatsiyaning tashrif buyurishi va ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi bitimlarning imzolanishi ham ana shu maqsadlarning ifodasidir.
2018 yilning 30 - 31 mart kunlari institutda ko‘p yillardan beri fidoiylik bilan mehnat qilib kelayotgan 30 nafar professor-o‘qituvchilar Turkiston shahrida joylashgan islom olamining buyuk namoyondasi Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasiga ziyorat uchun 2 kunlik sayohat uyushtirildi. Rejaga muvofiq dastlab Xo‘ja Ahmad Yassaviy tug‘ilgan Sayram shahrida uning Ibrohim ota va onaizori Qorasoch (Oysha) onalarning qabrlari ziyorat qilindi. So‘ngra Forob qishlog‘ida joylashgan Xo‘ja Ahmad Yassaviyga Muhammad payg‘ambarning omonatini yetkazgan va ustozlik qilgan Arslonbobo maqbarasiga tashrif buyurishib, qo‘y so‘yilib qurbonlik qilindi hamda ziyorat amallari bajarildi.
Sayohatning ikkinchi kuni Turkiston shahridan 60 km uzoqlikda joylashgan Qarnaq qishlog‘ining tog‘li hududida qo‘nim topgan, Muhammad payg‘ambarning sahobalaridan biri bo‘lgan Ukash ota qabri ziyorat qilindi. Kunning ikkinchi yarmida Turkiston shahridagi Xo‘ja Ahmad Yassaviy mavzoleyiga tashrif uyushtirilib ziyorat amallari bajarildi. Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasi Qozog‘istonning Turkiston shahrida XIV-asrning oxirlarida Sohibqiron Amir Temurning buyrug‘i bilan barpo etildi. Turkiston shahridagi Ahmad Yassaviy binosi – o‘rta asrdagi binokorlikning noyob namunasi. U XII - asrda ijod kilgan butun sharq dunyosiga mashhur qadimgi turkiyzabon shoiri, tasavvufni yoygan Ahmad Yassaviy dahosi va zakosiga ta’zim ramzidir.
Muqaddas qadamjolarning ziyorati ulug‘ avliyolarning ruhini shod etish hamda shukronalik va qanoat tuyg‘usini dildan tuyish uchun ham ahamiyatlidir.
Institutimizning kasaba qo‘mitasi tomonidan bunday tadbirlarning tez-tez uyushtirilishi maqsadga muvofiq ekanligi belgilandi. Endilikda qardosh respublikalarimiz va o‘z hududimizdagi tarixiy-me’moriy yodgorliklar hamda muborak qadamjolarni ziyorat qilish insonning yurtga, hayotga muhabbatini kuchaytirmasdan qolmaydi.
Institut kasaba qo‘mitasi raisi Farrux Irisov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov