Kitob - ma’naviyat mo‘jizasi

Kitob orqali e’tiborni bildirish nafaqat ehtirom belgisi, balki ma’naviyat va ma’rifatni ulashish hamdir. Prezidentimizning taklif va chorlovlari bilan boshlangan ma’rifat tarqatishning o‘ziga xos ta’sirchan va samarali usuli “kitobulash” xayrli harakati ommaviy kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish borasida katta ahamiyat kasb etayotgani rost.

  

Sakkiz burchaki, olti tomoni bor bo‘lgan ilmu tilsimga ega, qudratli mo‘jiza bor. Biz uni varaqlab ichiga kiramiz, ma’naviy ozig‘imiz, ta’bir joiz bo‘lsa, yozig‘imiz ham aslida, shu bilan. U ta’lim va tarbiyaning mayog‘i, insoniylikning bayrog‘idir. Bu sehrli mo‘jiza kitobdir.

Xalqimizdagi “Bir kun tuz totgan joyga qirq kun salom bering”, degan naqlning mohiyati katta. Bu sizga taom bergan xalq va vatanga ehtiromli bo‘lish demakdir. Sizning murg‘ak qalbingizda ilk bor ilm kurtagini nish urishiga bois bo‘lgan, kalom bergan ta’lim muassasasi va u maskanda faoliyat yuritgan murabbiylarga ehtirom doimo yuksak darajada bo‘lishi aniq. Chunki bilim uchquni va ilm alangasini qalbingizda yondira olgan qutlug‘ maskan bu maktabdir.Badanga quvvat taomdan bo‘lsa, ruhga quvvat kalomdan ekani ham bejiz emas.

 

O‘zingiz ta’lim olgan maktabga borish kitoblar taqdim etish zavqli, qolaversa, bu ma’rifat ulashishning muhim mexanizmi. Maktabda ta’lim olayotgan o‘quvchilar sizdan o‘rnak oladi, sizdek bo‘lishga intiladi. Bu siz taqdim etgan kitobni qo‘lga olganlari zahotiyoq ularda tug‘iladigan ilk taassurotdir.

Ana shu ma’naviy ehtiyojni, ma’rifiy zaruratni his etish asnosida oliy ta’lim muassasalari rektorlari o‘zlarining bolaligi kechgan, o‘zlari ta’lim olgan maktablarga borib kitoblar taqdim etishlari, ijodiy muloqotlar uyushtirishlari ommaviy tarzda bo‘layotgani quvonarli va xayrlidir.

  

Institutimiz rektori, professor Umurzakov O‘ktam Pardaevich o‘zlari ta’lim olgan Jizzax viloyati Zomin tumanidagi 1 – sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabiga tashrif buyurdilar. Beg‘ubor bolalikning quvonch va hayratlari kechgan ta’lim muassasasiga qadam qo‘yish beixtiyor insonni hayajonlantiradi. O‘zining yoshlik davridagi o‘qish va intilishlari, kitobga bo‘lgan mehri qalbida yana bir bor junbush urishi tayin. Qalblaridagi quvonch bilan O‘ktam Pardayevich o‘zlari ta’lim olgan maktabga qadam qo‘yishlari bilanoq, o‘qituvchi va o‘quvchilar ularga peshvoz chiqishdi.So‘ngra maktabning keng va yorug‘ faollar zalida o‘quvchi va o‘qituvchilar ishtirokida ustoz bilan ijodiy uchrashuv va eng sara kitoblarni taqdim etish tadbiri bo‘lib o‘tdi. 

Ellikdan ziyod nusxadagi badiiy va ilmiy-publitsistik kitoblarni ustoz qo‘lidan xursandlik, ayricha quvonch va zavq bilan qabul qilayotgan o‘quvchilarning shodligini tasavvur etish qiyin emas.

Kitob ulashish xayrli tadbiri davom etaveradi, xuddi oy nur va quyosh ziyo baxsh etavergani singari.

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov