Sifat samaraga sabab
Qaysi davlatda bo‘lmasin, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish manbai, ta’limning samarasi ta’limning sifatiga daxldor. Bu esa innovatsion ixtirolar va investitsion faoliyat bilan bog‘liqligi kundek ravshan. Shuning uchun ham jahonda ta’lim sifatini baholovchi ko‘plab reyting tizimlari mavjud. Ular muntazam ravishda ta’lim, madaniyat sport, sog‘liqni saqlash sohalariga qaratilgan yillik universitetlarning reytingini e’lon qilib boradi. Reyting natijalariga qarab pirovard maqsad, istiqbolli rejalar, taraqqiyot strategiyasi va taktikasi belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi “Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3151-sonli qarori ijrosini ta’minlash hamda respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarini xalqaro reyting agentliklari tomonidan e’tirof etishiga tayyorlash maqsadida 2019 yilning 14-15 yanvar kunlari Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Birinchi “Universitetlar va xalqaro reyting: rivojlanish strategiyasi (1st International Conference «Universities and International Rankings: Strategy Building»)” mavzusida o‘tkazilayotgan Xalqaro konferensiya ham ana shu maqsadlarga qaratilgan.
Dastavval, dunyoda ta’lim sifatini baholovchi ayrim reyting tizimlarinig bugungi kundagi roli beqiyos. Ular orasida dunyo tan oladigan QS, Times Higher Eduducation (THE) kompaniyalari o‘zining nufuzi bilan e’tiborga molik.
QS (Quacquarelli Symonds) kompaniyasi ta’lim va mutaxassislik tarmog‘iga yo‘naltirilgan kompaniya bo‘lib, 1990 yilda Nunzio Kuakuerelli tomonidan tashkil etilgan. Kompaniya qiziqishlari, mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olmoqchi bo‘lgan insonlarga o‘z yo‘nalishlariga mos keladigan OTMni tanlash uchun xizmat qiladi. Kompaniya har yili dunyo bo‘ylab eng yaxshi universitetlarning reytingini e’lon qiladi. Reytingni turli xil indikatorlar yordamida aniqlaydi.
QS hamda Times Higher Eduducation (THE) Niderlandiyaning Elsevier kompaniyasi bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotchilarning maqolalari tahlilini qiladi.
Dunyoda ilmiy tadqiqot ishlarini elektron saqlash, ularni foydalanuvchilarga yetkazish uchun ko‘plab ma’lumotlar bazalari mavjud bo‘lib, ulardan jahonda e’tirof etilgan Web of Science, Elsevier, Springer kabi yetakchi kompaniyalar mavjud.
Elsevier ilmiy-texnik, tibbiyot sohasiga yo‘naltirilgan informatsion va analitik kompaniyadir. Kompaniya o‘z ichiga bir nechta ma’lumotlar bazalarini oladi. Bulardan, Scopus, ScienceDirect hamda Mendeley ma’lumotlar bazalarini misol qilib ko‘rsatish mukin.
- Scopus - ilmiy maqolalar va iqtibosliklarni analiz qiluvchi ma’lumotlar bazasi, bunda maqolalarga beriladigan iqtibosliklarni ko‘rish imkoniyati mavjud.
- ScienceDirect – ma’lumotlar bazasi Elsevier kompaniyasiyaning yana bir mahsuli, maqolalarni jurnallar va kitoblar bo‘yicha qidirish uchun yengillik yaratadi.
- Mendeley – Ilmiy ishlarga iqtiboslik berish uchun ko‘maklashadigan informatsion, bibliografik kutubxona.
Iqtiboslik (Sitirovanie) – kimningdir ilmiy ishidan foydalanib, unga iqtiboslar keltirish
H-indeks (indeks Xirsha) – ilmiy o‘lchov ko‘rsatkichi. Kaliforniya Universiteti fizigi Xorxe Xirsha tomonidan yaratilgan ilmiy tadqiqot ishining o‘lchov birligi. Uning nomi bilan ataladi. Ushbu indeks ma’lumotlar bazalariga qarab turlicha o‘lchanadi, misol uchun, Scopusda har bir maqolaga qilingan 5 ta iqtiboslik 1 ta h-indeksga teng.
Ana shunday mezon va imkoniyatlarga ega bo‘lgan, ta’lim sifatini aniqlashga qaratilgan xalqaro reytinglar jahonshumul ahamiyatga ega. Bu esa institutimizda tashkil etilayotgan Xalqaro konferensiyaning nufuzi nechog‘lik yuqori ekanligidan dalolatdir.
Xorijlik mutaxassislarning ushbu xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun qiziqishlari va tashriflari bejiz emas. Niderlandiya, Rossiya, Qozog‘iston kabi mamlakatlardan tashrif buyurgan mutaxassislarning fikr-mulohazalari konferensiya ishining samarasi va darajasini oshirmasdan qolmaydi.
Ikki kunga mo‘ljallangan xalqaro konferensiya 14 yanvar kuni o‘z ishini boshladi. Anjumanni institut rektori Umurzakov O‘ktam Pardaevich boshqarib borish asnosida bugungi Xalqaro konferensiyaning ilk marta tashkil etilayotgani, yuqori malakali mutaxassislarni, pedagog va ilmiy xodimlarni tayyorlash, ularni zamonaviy talablar va ilg‘or xorijiy tajriba bilan qurollantirish borasida katta ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdi.
So‘ngra so‘z O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari Uzoqboy Shoyimqulovich Begimqulovga berildi. Ular oliy ta’lim sohasida mamlakatning strategik maqsad va vazifalari yuzasidan taqdimot qildilar. Keyin esa Buyuk Britaniya QSning hududiy direktori Zoya Zayseva ma’ruza uchun so‘zga chiqib, universitetlarning umumjahon reytingiga kirishiga doir mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Rossiya fan va ta’lim vazirligi huzuridagi oliy ta’limda davlat siyosati boshqaruvining sobiq direktori o‘rinbosari Yelena Kolesnikova "5-100 loyihasi" ning mohiyati bo‘yicha ma’lumot berdi. Keyin esa Al-Forobiy nomidagi namunaviy Qozog‘iston milliy universitetining prorektori Muxambetkali Burketbaev "Iz niotkuda v top 250" bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirdi. Kibermetrika Lab huzuridagi jahon universitetlari reytingi direktori Isidro Aduillo o‘z ma’ruzasida vebometrikaga kirish yuzasidan to‘xtalib o‘tgan bo‘lsa, "Elsevier" (Niderlandiya) kompaniyasining hududiy direktori Aliya Ospanovaning ma’ruzasi universitetlar reytingida bibliometriyaning muhimligi masalasiga bag‘ishlandi.
Qisqa tanaffusdan so‘ng Xalqaro konferensiya oltita seksiyaga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettirdi.
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov