TIQXMMIda «Construction the formation of living environment» (FORM-2019) mavzusidagi XXII xalqaro ilmiy konferensiyasi o'z ishini boshladi
Dunyoning rivojlangan davlatlari xalqi taraqqiyotning mezoni o‘zlarida mavjud bo‘lgan imkoniyatlar bilan tajriba almashish va o‘zaro hamkorlikda ekanini yaxshi idrok etishadi. Ko‘pgina davlatlar bilan memorandumlar imzolanishi zamirida ham ana shu haqiqat yotadi. Hamkorliklar turli soha va jabhalarda bo‘lishi mamlakatlarning ravnaqiga xizmat qiladi.
Xuddi shu maqsadda fan-ta’lim rivojini ta’minlanishiga xizmat qiladigan muhim va dolzarb mavzularga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalarning o‘rni doimo yuksak bo‘ladi.
2019 yil 18-21 aprel kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) Milliy tadqiqot Moskva davlat qurilish universiteti (NIU MGSU) va “Gidroproekt” AJ bilan hamkorlikda qurilish sohasida erishilgan yutuqlarni targ‘ibot qiladigan «Construction the formation of living environment» (FORM-2019) mavzusidagi XXII xalqaro ilmiy konferensiyasi ana shunday ahamiyatga ega.
Konferensiyaning ochilish marosimi Toshkent shahridagi Yoshlar ijodiyot markazida bo‘lib o‘tdi, unda TIQXMMI rektori O‘.Umurzakov bilan birgalikda nufuzli mehmon sifatida O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I. Majidov, O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Sh. Xamraev, O‘zbekiston Respublikasi qurilish vazirining o‘rinbosari Sh. Xoshimov, “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruv raisining o‘rinbosari D. Turgunov, “Gidroproekt” AJ direktori A. Axmedov, Milliy tadqiqot Moskva davlat qurilish universitetining prorektori A. Pustovgarlar qatnashib o‘z tabrik so‘zlarini aytishdi.
Tabrik izhorlaridan so‘ng TIQXMMI professori A. Karimov, Toronto universiteti (Kanada) professori Daman K. Panesar, Berlin amaliy fanlar universiteti (Germaniya) professori Borislav Xristov, Pensilvaniya universiteti (AQSh) professori David Passmore, NIU MGSU professori Andrey Juravlev hamda TIQXMMI professori A. Pulatovlar saroyga to‘plangan 10 dan ortiq davlatlardan 700 ga yaqin konferensiya qatnashchilariga o‘z taqdimotlarini namoyish qilishdi.
Tushlikdan so‘ng konferensiya qatnashchilari TIQXMMI hamda Interxaus litseylarida seksiyalar bo‘yicha o‘z ishlarini davom ettirishdi.
Konferensiya o‘z ishini 20 aprel kuniga qadar davom ettiradi.
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov