Institutimizda “Loyihalash guruhi” tashkil etiladi
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 19 sentyabrь kuni suv resurslarini boshqarish tizimini isloh qilish va suvdan foydalanish samaradorligini oshirish masalalari boʼyicha yigʼilish oʼtkazdi.
Maʼlumki, butun dunyoda suv taqchilligi muammosi yildan-yilga kuchayib bormoqda. Mamlakatimizda bu masalaga alohida eʼtibor qaratilib, suvdan oqilona foydalanish choralari koʼrilmoqda. Sohada boshqaruv tizimini takomillashtirish maqsadida Suv xoʼjaligi vazirligi tashkil qilindi.
Davlatimiz rahbari koʼrsatmalariga muvofiq ishlab chiqilayotgan qishloq xoʼjaligini rivojlantirishning 2030 yilgacha moʼljallangan strategiyasida ham suvdan foydalanish va uni tejash boʼyicha dolzarb chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
Yigʼilishda sugʼorishdagi yoʼqotishlarni qisqartirish, ajratilayotgan byudjet mablagʼlaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda 3 million 200 ming gektar yerga 46 milliard kub metr suv sarflanib, uning 60 foizi ekinlarga yetib boryapti, xolos. Chunki jami 180 ming kilometr sugʼorish tarmoqlarining 23 foizi beton qoplamali boʼlib, ular ham 30-35 yildan buyon deyarli yangilanmagan.
Yana bir sababi ekin maydonlarining 98 foizi eskicha uslubda sugʼorilayotgani, ekinlar nomaqbul joylashtirilayotganidir. Suvdan samarali foydalanish, hisobini yuritish, irrigatsiya tarmoqlarida suv tejovchi yangi texnologiyalarni qoʼllash boʼyicha hech bir tashkilot talab qoʼymayapti.
Shu bois hududlarning suv taʼminoti va uni tejash imkoniyatidan kelib chiqib, ekinlarni joylashtirishning takomillashtirilgan tizimini ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Suv xoʼjaligi vazirligiga Janubiy Koreyaning 7 million dollarlik granti hisobidan 61 ta suv xoʼjaligi obʼektida suv sarfini onlayn kuzatish imkonini beruvchi “Аqlli suv” tizimini joriy etish vazifasi yuklatildi. Kelgusi yili 120 ta va 2023 yilgacha 300 ta obʼektda ushbu tizim tatbiq etiladi.
Energetika vazirligiga 1 ming 700 ta nasos stantsiyasini 2020 yil yakunigacha elektr energiya isteʼmolining avtomatlashgan nazorat tizimiga oʼtkazish topshirigʼi berildi.
Umuman, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy qilish zarurligi koʼrsatib oʼtildi.
Sohada bozor mexanizmlarini tatbiq etish ham zamon talabi. Negaki hozirda hatto yuqori daromad keltiruvchi ekin maydonlari, bogʼlar va tokzorlarga ham suv davlat hisobidan yetkazib berilmoqda.
Shulardan kelib chiqib, 2020 yilda 22 ta tumandagi 50 ta obʼektni davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga berish zarurligi taʼkidlandi.
Yigʼilishda suv xoʼjaligida ilm va innovatsiyani jadal rivojlantirish, ishlab chiqarish bilan chambarchas bogʼlash masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Yosh olimlarning ilmiy ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etish, talabalarda loyihalash koʼnikmalarini shakllantirish, xorijiy tajriba va mutaxassislarni jalb qilgan holda tizimga innovatsiyalar kiritish maqsadida Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mehanizatsiyalash muhandislari institutida “Loyihalash guruhi”ni tashkil etish boʼyicha koʼrsatma berildi.
Barcha yirik loyihalarda ilmiy xodimlar va iqtidorli talabalarni obʼektlarga biriktirish, ularning xorijda malaka oshirishiga koʼmaklashish hamda ilmiy-innovatsion ishlanmalarni ushbu loyihalar doirasida amaliyotga tatbiq etish lozimligi taʼkidlandi.
Suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish sohadagi eng asosiy vazifadir.
Bunday texnologiyalar samaradorligi Fargʼonadagi bitta fermer misolida tahlil qilinganda, suv sarfi xarajatlari 50 foizga, oʼgʼit 37 foiz, yoqilgʼi 35 foizga qisqargan.
Shu bois keyingi yilda qoʼshimcha 200 ming, 2025 yilgacha 1 million gektar ekin maydoniga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish boʼyicha topshiriqlar berildi.
Bugungi kunda suv xoʼjaligi tashkilotlari tasarrufida 4 mingta sugʼorish qudugʼi mavjud. Bitta quduq 30 gektar maydonga xizmat koʼrsatib, yiliga 40-50 million soʼmgacha xarajat qilinmoqda. Sugʼorishda quduq suvini odatdagidek ishlatish oqibatida yer osti suvi borgan sari kamaymoqda.
Shuning uchun mutasaddilarga quduq suvlari isteʼmolchilarini 2020 yilda suv tejovchi texnologiyalar va quyosh panellaridan foydalanishga oʼtkazish yuzasidan koʼrsatmalar berildi.
Yana bir masala – hozirda suv obʼektlarini qurish, rekonstruktsiya va ekspluatatsiya qilish boʼyicha ham buyurtmachi, ham pudratchi vazifasini bitta idora – Suv xoʼjaligi vazirligi amalga oshirmoqda. Bu esa sogʼlom raqobatga salbiy taʼsir koʼrsatishi mumkin.
Shu bois 57 ta pudrat korxonasini vazirlik tizimidan chiqarib, alohida aktsiyadorlik jamiyatiga birlashtirish vazifasi qoʼyildi.
Suv isteʼmolchilari uyushmalari faoliyatini qayta koʼrib chiqish zarurligi, ular investitsiya, grant va boshqa mablagʼlar jalb qila oladigan, maxsus texnikalarga ega, fermerlarga sifatli xizmat koʼrsatuvchi professional tuzilma sifatida faoliyat yuritishi kerakligi koʼrsatib oʼtildi.
Yigʼilishda muhokama qilingan masalalar boʼyicha mutasaddilar hisobot berdi.
Manba:president.uz