Ma’naviyat mohiyati

2018 yil 27 mart kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 4-sonli talabalar turar joyi tarbiyachi pedagogi Javlonbek Qutlimurotov 8-qavatda yashovchi talabalarga “Ma’naviyat tushunchasining mazmun-mohiyati” mavzusida davra suhbati o‘tkazdi.

Suhbat jarayonida ma’naviyat borasida matbaa nashrlarida e’lon qilingan maqola va shu yo‘sindagi ma’lumotlardan kelib chiqqan holda, quyidagi mulohazalar bildirib o‘tildi.

«Milliy ma’naviyat desak, milliy biqiqlikka yo‘l qo‘yamiz, umuminsoniy ma’naviyat haqida fikr yuritish kerak»,- degan gapni na ma’naviyat nimaligini, na milliylik va umuminsoniylik orasidagi nisbat qanday bo‘lishini to‘g‘ri tasavvur eta olmaydigan, ilmiy savodi chala odamlargina aytishi mumkin. Bir insonga o‘z milliy ma’naviyatini tugal anglab yetish uchun ham, Alloh yuz yil umr bersa, kamlik qiladi. Hindiston madaniyatidan bir chimdim, Yevropa ilmidan ikki jumla, islom dunyosi ma’naviy merosidan ikki cho‘qim olib, «jahonshumul» ma’naviyat nazariyasiga da’vo qilgandan ko‘ra, o‘zbek yurtida yashab o‘tgan buyuk allomalar ijodini imkon darajasida izchil o‘rganib, shu bilimlar asosida milliy ma’naviyat haqida fikr yuritgan afzal emasmi? Biz «ma’naviyat nima?» degan savolga nemis yoxud ingliz, rus yoki polyak, hind yoki yapon qanday javob berishi mumkinligini bashorat qila olmaymiz. Umr bo‘yi milliy ma’naviyatini, uzoq asrlar davomida o‘z millati mansub bo‘lgan mintaqa madaniyati vakillari ijodini asl manbalardan o‘rganib kelgan odam ham milliy ma’naviyatimizni mukammal anglab yetdim, deb da’vo qilishga xijolat bo‘ladi. Bu ish aslida, ko‘pchilikning ishi. Millat ma’naviyati uchun butun millat qayg‘urishi kerak.

Ma’naviyat doimo milliy bo‘ladi, shu bilan birga unda umuminsoniy qadriyatlarga zid narsa ham bo‘lmaydi, chunki har bir millatning mustaqil ma’naviy dunyosi, ma’naviy qiyofasi bir paytning o‘zida ichki mohiyatiga, o‘zak tomirlariga ko‘ra, o‘zga xalqlar ma’naviyati bilan umumiy jihatlarga, butun bashariyatni birlashtirib turuvchi mushtarak unsurlarga ega bo‘ladi. Ma’naviyatning yuqorida eslab o‘tilgan ta’rifini millat ma’naviyatiga tatbiq etadigan bo‘lsak, uni bemalol millat ruhidagi Borliq haqiqati bilan uyg‘unlik, deb atash joizdir. Shunday ekan, ayni millatimizni o‘zga millatlardan ajratib turuvchi mohiyatlar emas, balki birlashtiruvchi omillar milliy ma’naviyat zamirini tashkil etadi. Faqat buni jo‘n tushunish ham, jo‘nlashtirib talqin etish ham - xato. Ma’naviyatimizdagi eng umuminsoniy g‘oyalar ham nihoyatda milliy bir tarzda o‘zligini namoyon qiladi, ular boshqa millat ma’naviyati unsurlaridan nusxa ko‘chirish shaklida namoyon bo‘lmaydi.

 

4–TTJ tarbiyachi-pedagogi Javlonbek Qutlimurotov axboroti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov