"Meliorator" to’garagi
"Irrigatsiya va melioratsiya" kafedrasi qoshidagi “Meliorator” to’garagi faoliyati doirasida kafedra o’qituvchisi - to’garak rahbari Yulchiyev D.G. to‘garakning faol talabalari bilan birgalikda yana bir tashrif uyushtirdilar. Bu galgi tashrif Toshkent shahar Bektemir tumanidagi “Durdona sifat lyuks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan gidroponika usulida pomidor yetishtirayotgan issiqxona faoliyati bilan tanishishga qaratildi. Mamlakatimizda barcha sohalardagi kabi, qishloq xo'jaligida ham ilg'or texnologiyalarni, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga joriy etishda keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Qishloq xo'jaligida so'nggi yillarning ilg'or kashfiyoti sifatida Gidroponika tipidagi issiqxonalarni keltirishimiz mumkin.
“Durdona sifat lyuks” MCHJ tomonidan o'tgan yili 2 gektar maydonda issiqxona barpo etilib, Janubiy Koreyaning “Mayson plakon” kompaniyasi innovatsion texnologiyalari asosida, ya`ni gidroponika usulida pomidor ko'chatlarini yetishtirish yo'lga qo'yilgan. Ayni kunlarda bu mahsulotlar gidroponika usulida, ya’ni kokos po‘stlog‘ida yetishtirilmoqda. Bu yerdagi barcha jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan.
Gidroponika – bu o‘simliklarni sun’iy muhitda tuproqsiz yetishtirish usulidir. Ixcham va samarador bunday issiqxonalar yuqori sifatli poliz mahsulotlarini yetishtirish, minglab ish o‘rinlarini yaratish imkonini bermoqda. Gidroponika tipidagi issiqxonaning yana bir afzalligi shundaki, maxsus unumdor yerga zarurat yo‘q. To‘liq avtomatlashtirilgan nazorat tizimi bilan boshqariladi. Joydan maksimal darajada foydalanish imkoniyati mavjud. Mahsulot yetishtirish uchun sarflangan energiya resurslari ancha arzon. Tejamkor usulda sug‘orish va oziqlantirish tizimi mavjud. Yoritish va sug‘orish uchun maxsus quyosh panellaridan foydalanish mumkin.
Xo’jalik rahbarining ta’kidlashicha, oddiy usulda yetishtirilayotgan pomidor ko‘chatlaridan 2,5-3 kilogramm hosil olinsa, gidroponika usulida hosildorlik 10-12 kilogrammgacha yetadi. Ekinlarning pishib yetilishi 20-30 kunga qisqarib, hosil olish davri 50-60 kunga uzayadi.
Hozirgi kunda xo'jalikda mahsulotni xalqaro andozalar talablari darajasida qadoqlash ham yo'lga qo'yilgan bo'lib, yetishtirilgan mahsulotning asosiy qismi Rossiya, Qozog’iston kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. Tashrif mobaynida talabalar gidroponika usuli yordamida pomidor ko'chatlarini yetishtirish va ularni sug’orish texnologiyalari bilan tanishishdi va o’zlarini qiziqtirgan barcha savollarga xo’jalik rahbaridan javob olishdi.
Bu kabi tashriflar ta’lim va amaliyot uyg’unligini ta’minlagan holda, talabalarni kelajakda soha bo’yicha yetuk mutaxassis bo’lib yetishishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.
"Irrigatsiya va melioratsiya" kafedrasi o’qituvchisi Yulchiyev Davronbek axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov