Talabalarni birlashtiruvchi mexanizm

Bugungi globallashuv davrida talaba yoshlarning ta’lim va tarbiyasiga e’tibor har qachongidan ham ziyoda bo’layotgani sir emas. Chunki Respublikamizdagi aholining 65 foizini yoshlar tashkil etishining o‘ziyoq ularning intellektual salohiyatiga e’tibor zarurligini anglatibgina qolmay, balki bu vatan ravnaqi va yurt osoyishtaligiga daxldor masaladir.

“Jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasining mohiyati yoshlarning bilim darajasi va saviyasini yuksaltirish bilan bog‘liq mexanizmlarni takomillashtirishdir. Ular qanchalik zamonaviy hamda keng qamrovli bilimga ega bo‘lishsa, vatanimiz shu darajada yuksaladi, yangi fikr va yangi g‘oya taraqqiyotimizga zamin hozirlaydi.

Ana shu ulug‘vor maqsadni nazarda tutgan holda, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rahbariyati ilm-u ma’rifatni singdirishning qiziqarli va ta’sirchan mexanizmini ommalashtirishni maqsad qilgan holda, xayrli va ma’rifiy ishga qo‘l urishdi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba yoshlarning intellektual qobiliyatini sinash va oshirishga qaratilgan “IQ-SHOU” intellektual-musobaqaviy loyihani tayyorlashdi. Kuni kecha uning institutimiz fakultetlari orasidagi ikkinchi soni bo‘lib o‘tdi.

Unda bu gal “Iqtisodiyot va menejment” fakultetining “Genius”, “Perrfekt” va “Yerdan foydalanish va yer kadastri” fakultetining “Geostart”  jamoalari o‘zaro kuch sinashdi.  Intellektual o‘yinda asosan talabalarning topqirligi, tezkorligi butun muxlislarga manzur va maqbul bo‘ldi. Nihoyat  intilganga tole yor doim bilimga chanqoq “Geostart”  jamoasi bilimdonlikda peshqadamlikni qo‘lga kiritdi va keyingi bosqichga o’tdi.

Musobaqaviy jarayonda musiqiy bog’lanishlarni har bir harakatga mos holda musiqiy bezak berishda ayniqsa, Hamza Abdullayevning xizmatlari katta bo’ldi.

G’olib jamoaning a’zolari tarkibi quyigagicha: Guruh sardori - Amanqulova Hilola - 4 kurs, guruh a’zolari - Sadullaev Sanjar - 4-kurs, Jumanazarov Olimjon - 4-kurs, Norboeva Dilshoda - 2-kurs, Hamidullayev Shohjahon - 2-kurs.

Tadbir nihoyasida institut xotin-qizlar qo’mitasi raisasi Zulfiya Hafizova g’oliblarni samimiy tabrikladi va keying bosqichlarda ham omad va zafarlar yor bo’lishini tiladi.

Dasturning qiziqarli tarzda o’tishida Yoshlar ittifoqining institut boshlang’ich tashkiloti a’zolari o’zlarining faolligi bilan  munosib hissalarini qo’shishdi.

So‘ngra faol ishtirokchilar va g’oliblar institut kasaba qo’mitasi tomonidan qo’yilgan sovg’alar bilan rag’batlantirildi. Ayni paytda “Notiqlik san’ati akademiyasi” ta’lim muassasasi tomonidan tayyorlangan audio va video multimedia ilovalari hamda turli xil mavzudagi ilmiy-publitsistik hamda badiiy adabiyotlar  ham ularga ulashildi.

Tadbir jo’shqin, qiziqarli tarzda o’tgani hamda yuqori saviyada tashkil etilgani bilan xarakterlanib turganligini ta’kidlash joiz.

 

“Gumanitar fanlar” kafedrasining o’qituvchisi Bahriddin Muqimov va

Yoshlar ittifoqining boshlang’ich tashkiloti yetakchisi Akmal Bertdimurodov axboroti,

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov.