Moziy sari muzeydan
2018 yil 27-fevral kuni TIQXMMI “Gidromelioratsiya” fakulteti “Pedagogika, psixologiya va o‘qitish metodikasi” kafedrasi katta o‘qituvchisi D.Madazizova o‘zining 112b murabbiylik guruhi bilan “TEMURIYLAR TARIXI DAVLAT MUZEYI”ga sayohat uyushtirishdi.
Jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan Sohibqiron Amir Temur barpo etgan buyuk davlatning insoniyat sivilizatsiyasida tutgan o‘rni beqiyosdir.
O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov iboralari bilan aytganda, «Buyuk strateg, mohir siyosatchi, savdo sotiq, hunarmandchilik va madaniyatning homiysi bo‘lgan Amir Temur, qonunlar va urf-odatlarga asoslangan davlat barpo etgan». Shuningdek, «Amir Temur davlati qurilishi, harbiy san’ati ko‘p asrlar davomida Sharqu G‘arb davlatlariga o‘rnak va andoza bo‘ldi».
Muzey binosi o‘zida Temuriylar davri va zamonaviy me’morchilik san’ati uslublarini mujassamlashtirgan. Bino Amir Temur davridagi saroylar ko‘rinishida qurilgan bo‘lib, uning o‘zi bir muzeydir.
Talabalar muzey xazinasida O‘zbekiston tarixini, Amir Temur va temuriylar davri tarixini aks ettiruvchi ashyolar saqlanib kelinayotganining guvohi bo‘lishdi. Bular – Amir Temur va Temuriylar davri tarixiga oid qo‘lyozmalar, yozishmalar, oltin, kumush va mis tangalar, sopol, bronza va mis buyumlar, me’moriy qoplamalar, etnografik buyumlar, o‘sha davr zargarlik buyumlari namunalari, shuningdek, Go‘r Amir maqbarasidan, Bibixonim masjididan topilgan ashyolar va h.k.
Hozirgi kunda muzey ekspozitsiyasidan 1000 dan ortiq eksponat joy olgani talabalar qalbida o‘zgacha g‘urur uyg‘otdi.
Muzeyga tashrif juda qiziqarli va sermazmun o‘tdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga to‘liq javob oldilar.
112 “b” guruh murabbiysi Dilfuza Madazizova axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov