Muqaddas xotira
Insonning aziz va xotiraning muqaddasligini bilgan xalq el-yurti uchun tinchlik yoki urush sharoitida jonbozlik va matonat ko‘rsatgan qahramonlarini aslo unutmaydi. Ana shu muborak sana - “Xotira va qadrlash kuni”ga bag‘ishlangan tadbirlar barcha idora va muassasalarda, turli tashkilot va ta’lim muassasalarida o‘tkazib kelinmoqda.
Institutimizda kuni kecha o‘tkazilgan tadbir ishtirokchilarga, urush faxriylariga olam-olam quvonch baxsh etdi. Tadbirni ochish uchun so‘z institut rektori Umurzakov O‘ktam Pardayevichga berildi. Ular o‘zlarining tabrik nutqlarida jumladan ushbu mulohazalarni bildirib o‘tdilar.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoevning 2018 yil 16 apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi pq-3667-son qarori asosida bu yil bayram tadbirlari mamlakatimizda «Inson qadri ulug‘, xotira muqaddas», “Mardlik, burch va sadoqat” shiorlari ostida umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanmoqda. Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug‘, o‘tganlarni, ularning xayrli ishlarini, jasoratini yodga olmoq, e’zozlamoq xalqimizga xos ezgu fazilatlardandir.
Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli daqiqalarda ham o‘zligini yo‘qotmagan, imoni butun yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish tom ma’noda milliy qadriyatga aylandi. Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoevning ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 73 yilligini nishonlanishi munosabati bilan 1941-1945 yillardagi urush qatnashchilari va nogironlarini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmoni ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan ehtiromning yana bir yorqin ifodasidir. Mazkur farmonga muvofiq barcha shahar va tumanlarda, qishloq va mahallalarda urush qatnashchilari va nogironlariga esdalik soatlari va 5 million so‘mdan pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, ularga kuzatuvchilari bilan birgalikda jang qilgan mamlakatlariga bepul sayohatga borishi, Kislovodsk, Sochi, Yalta shaharlaridagi sanatoriylarda va O‘zbekistonning xohlagan sanatoriylarida bepul davolanishlari tashkil etildi.
Yurtimizda muqaddas xotira va qadrlash kuni deb nom olgan bu qutlug‘ bayram bilan avvalo bugun safimizda cog‘-salomat hayot kechirayotgan urush qatnashchilarini, nuroniy otaxonlarimizni, barcha-barchasini jumladan, bugun bu yerda ishtirok etayotgan ularning vakillarini chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Xotira va qadrlash tushunchalari asl milliy qadriyatlarimizga javob berib, ota - bobolarimiz-dan qolgan ham diniy, ham insoniy urf-odatimizdir.
Urush arafasida mamlakatimizda 6,5 millionga yaqin aholi yashagan bo‘lsa, shundan 1,5 millioni urushda bevosita ishtirok etgan. Ya’ni, yosh go‘dak va bolalarni, qariyalar va ayollarni hisobga olmaganda, xalqimizning 40 foizdan ko‘prog‘i qo‘liga qurol olib, jang maydonlarida qatnashgan. Va bu dahshatli urushda qariyb 500 ming yurtdoshimiz, ya’ni urushda qatnashganlarning 30 foizi halok bo‘lgan, nobud bo‘lgan, albatta, hammamiz yaxshi tushunamiz, shuncha qurbon va yo‘qotishlarni xalqimiz vatanini fashizm balosidan, fashizm qulligidan saqlab qolish uchun bergan qurbonligidir.
Shuningdek, urushning boshlanishida institutda 59 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, ularning 20 nafari urushga ketgan.
1941-1942 o‘quv yilda talabalar soni 380 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, ulardan 152 nafari, 1943 yilning boshida yana 108 nafar talabalar vatan himoyasi uchun urushga ketganlar. Ularning barchasi orden va medallar bilan taqdirlangan. Jumladan, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash fakulteti 4 kurs talabasi Viktor Malyasov Qizil Yulduz ordeni, Aleksandr Nevskiy ordeni bilan taqdirlanib Sovet ittifoqi qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan.
Ishonchimiz komilki, bizning ota-bobolarimiz suronli urush maydonlarida, avvalambor o‘z vatani ota-onasi, bolalari, sevimli yori uchun, ularning kelajagi va tinch hayoti uchun jon fido qilgan.
Yurtimizda hukm surayotgan, eng katta boyligimiz bo‘lmish tinchlik va osoyishtalik, mehr-oqibat, o‘zaro hurmat, millatlararo totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrash, uzoq va yaqin qo‘shnilar bilan til topib, do‘stlik va hamkorlik aloqalarini kuchaytirish vazifasi bu borada o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan shu maqsadga erishish yo‘lida vatanimizning ertangi kuni, kelajagi bo‘lmish, bizning tayanchimiz va suyanchimiz bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalash, farzandlarimizga zamonaviy bilim berish va ularni haqiqatan ham hal qiluvchi kuchga aylantirish eng ustuvor vazifamiz ekanini hech qachon unutmasligimiz darkor.
Bugun nishonlayotgan bayramimiz shunday bir kunki, u shu yurtda yashayotgan har qaysi oila, har qaysi xonadon uchun bevosita daxldor bo‘lgan, ularning hayotida qandaydir chuqur iz qoldirgan tarixiy sanadir. Ayni shu kunda men el-yurtimiz bilan birga bo‘lib, shu kunning ham xursandchiligini, barham ko‘rayotgan tadbirimizda ishtirok etayotgan, muhtaram faxriylarimiz 2-jahon urushi qatnashchisi, general-mayor Abdullajon Artiqboev, 2-jahon urushi qatnashchisi, ko‘plab qurol aslaha yetkazib bergan Erik Xarasovich Musinlarni bag‘rimga bosib, yana va yana bir bor shu tarixiy sana bilan tabriklayman. yaratganning o‘zidan sizlarga sog‘liq-omonlik tilayman, xamisha yuzingizdan nur taralib turishini tilayman.” Rektorimizning yuqoridagi mulohazalari bayram tadbiriga alohida xushnudlik baxsh etdi.
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov