Murojaatni tinglab
Har qanday murojaat munosabatni kutadi. Aytilgan soʻz, fikr, gʻoya amalga oshishi bilan natijalar yuzaga chiqadi. Bu esa xalqning farovonligi, mamlakatning taraqqiyoti bilan bogʻlangan holda oʻz samarasini beradi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning parlamentga, Oliy majlisga murojaatini tinglash asnosida baʼzi mulohazalarni bildirishni lozim topdik. Xalq, vatan tushunchalari har bir davlat rahbarining jon va qon tomiri desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki, xalq ishonchi va ehtiromi uning uchun muqaddas. Xuddi shu yoʻlda oʻz xalqini rozi qilishni faoliyatining mezoniga aylantiradi. Haq roziligini xalq roziligidan topishni niyat qiladi. Ana shu maqsadlarni amalga oshirishda ikkita tushuncha muhim ekanligi murojaatnomada oʻz aksini topdi. Bu bebaho neʼmatlarning biri tinchlik, ikkinchisi sogʻlikdir. Yurti tinch, xalqi sogʻlom boʻlgan davlat doim qudratlidir. Shuning uchun ham xalq tinchligi va osoyishtaligi, davlatimiz rahbarining doimiy diqqat markazida.
Millat tanlamas illatlar butun dunyoga qutqu solishi xavf tugʻdirishi mumkin. Bunday illatlardan biri diniy ekstremizm va terrorizmdir. Shuning uchun ham Prezident BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida oliy minbardan turib tinchlikka xavf tugʻdiruvchi kuchlar borasida soʻz yuritib butun dunyo mamlakatlarini ogohlikka chorlagan edilar. Tinchlik uchun tolmas kurashchi sifatida jahon ahli eʼtiboriga tushgan Prezident oʻz murojaatida ham yurt tinchligi uchun, har qanday jinoyatlarni jilovlash uchun barcha chora-tadbirlar koʻrish zaruratini bildirdilar. Ulugʻ ajdodlarimizning merosiga ixlosi yuqori boʻlgan Prezidentimiz Imom Buxoriyning amallar niyatlarga yarasha boʻlishi haqidagi fikri bilan oʻz maʼruzalarini boshladilar. Niyat xayr - oqibat xayr degan hikmat bejiz emas. Harakatlarimizning barchasi xalqimizning yanada farovon boʻlishi, davlatimizning dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari qatoriga olib chiqishdek xayrli niyat bilan bogʻliq. Prezidentimizning xorijga qilgan 18 ta tashrifi davomida ham ana shu maqsadlarning samarali, amaliy ifodasini koʻrish mumkin. Uzoqni koʻzlab, istiqbolli rejalarni belgilab ish tutish, albatta investitsiyani talab etishi aniq. Rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda ish tutilgani maqsadga muvofiq boʻldi. Maʼlumki, bugungi kunda har qanday davlat jahon tajribalarini oʻrganmasdan, dunyodagi yetakchi davlatlarning ilm, fan va texnika sohasida erishgan yutuqlarini qabul qilmasdan turib rivojlanish boʻlmaydi. Iqtisodiyotining kelgusi rivoji asosan investitsiyalarga bogʻliqligini deyarli har bir mutaxassis hamda xoʻjalik yurituvchi subyekt yaxshi anglashi sir emas.
Shunga koʻra, hozirgi kunda respublikamiz iqtisodiyotiga investitsiyalarni, xususan, xorijiy investitsiyalarni kengroq jalb etish, ularning mamlakatimizda oʻtkazilayotgan iqtisodiy islohotlarning samarali ijrosini taʼminlashning muhim asosiga aylangani bilan bogʻliqligini tushunib olish qiyin emas. Mamlakatni ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy rivojlanishida investitsiyalarning, jumladan, xorijiy investitsiyalarning ahamiyati cheksiz.
“Investitsiya” lotin tilidagi “invest” soʻzidan kelib chiqqan boʻlib “qoʻyish”, “mablagʻni safarbar etish”, “kapital qoʻyilmasi” maʼnolarini bildiradi. Keng maʼnoda investitsiya mablagʻni koʻpaytirib va qaytarib olish maqsadida kapitalni safarbar etishni anglatadi. Xorijiy davlatlar, korporatsiyalar bilan investitsiya borasidagi hamkorlik shunchaki xoʻjakoʻrsinga emas, balki manfaatli, samarali maqsadlar zaminiga qurilishi uchun astoydil intilish, saʼyi harakat talab etiladi. Faol investitsiyaning mazmun-mohiyati ham shunda, aslida. Faoliyatning ikki qanoti bor. Biri tashabbuskorlik, ikkinchisi tashkilotchilik. Har qanday tashabbus tashkilotchilikka yoʻgʻrilmasa, uning qiymati yoʻq. Faollik oʻzni qiynash, izlanish va intilish bilan bogʻliq. Bu esa barcha yutuqlarning garovidir. Prezident yirik mutasavvuf shayx Najmiddin Kubroning xuddi shu boradagi hikmatlarini keltirishlari bejiz emas. “Muvaffaqiyatni saʼyi harakatda, muvaffaqiyatsizlikni loqaydlik va dangasalikda koʻrdim”. Bu ogʻir, lekin muvaffaqiyatli yoʻl ekanini uqtirish zaylida Prezident taraqqiyotimiz mezoni faol investitsiyalarga bogʻliq ekani, bu jahonning rivojlangan davlatlari tajribasida allaqachon sinashta boʻlganini eʼtirof etdilar. Yangi texnologiyalar olib kirish, undan unumli foydalana olish samarali ayni paytda mashaqqatli yoʻl. AQSH va Xitoy bu borada ancha ilgarilab ketgan, hozirda ham investitsion faoliyatni qoʻldan chiqazmaganligi buning yorqin guvohidir. Investorlar ham anoyi emas, ular oʻzlariga davlat korxonalaridan koʻra, xususiy partnyorlarni izlaydi. Oʻziga foydali, samara beradigan, manfaat yetkazadigan hamkorlar bilan ish tutadi, pul tikadi.
Jahon bozoriga chiqish zarurligini davrning oʻzi talab etayapti. Rivojlangan davlatlarning xarakterli jihati shundaki, ular eksportbop mahsulotlari bilan dunyo bozorida yetakchilik qilib keladi. Xuddi shu maʼnoda, Prezidentimiz qatʼiy ravishda ushbu talabni qoʻydilar. “Eksport bilan shugʻullanmagan korxonaning kelajagi yoʻq, raqobatbardosh mahsulotlarni chiqarish kerak.” Bu esa sanoatning rivojlanishini taʼminlaydi, ayni paytda ishchi oʻrinlar koʻpayishi va aholining ish bilan bandligi masalasi uchun ham keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Nemis mutafakkiri Gyote “Qonun kuchli, muhtojlik undan ham kuchliroqdir,” - degan edi. Darhaqiqat, muhtojlik bu ehtiyojmandlik demakdir. Ehtiyoj esa bu manfaatni qoplashdir. Shuning uchun ham Asosiy qonunimizda “Inson manfaati hamma narsadan ustun”,-degan gʻoya bejiz aks etmagan.
Inson tabiatan nimadandir naf koʻrish orqali huzurlanadi, foyda olib zavqlanadi. Bu esa uning kuchiga kuch qoʻshadi, ulugʻ maqsadlar sari intilishga chogʻlaydi, izlanishga chorlaydi. Shunday ekan, oila, jamiyat, davlat ham manfaatlar zamiriga quriladi. Prezident bu masalada ham oqilona mulohazalarini bildirdilar. “Manfaat boʻlmasa, natija boʻlmaydi”. Demak, ertangi kunning asosi manfaatdorlik bilan izohlanishini qayta uqtirdilar. Qishloq va suv xoʻjaligi jabhasida yerdan samarali foydalanish texnologiyalarini qoʻllash, tomchilab sugʻorish masalasini jiddiy oʻylab koʻrish, keng joriy etish, bu esa hosildorlik masalasining muhim omili ekanligini uqtirdilar. Bu borada oʻz kuchimizga va oʻz aqlimizga tayanib ish tutishimiz, hech kim chetdan kelib bizga hech narsa qilib bermasligini his etishimiz maqsadga muvofiq.
Inson omili masalasi harakatlarimizning mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Inson oʻzgarmasa jamiyat oʻzgarmasligi ayon haqiqat. Shuning uchun ham Prezidentimiz insonni kamolotga yetkazuvchi kuch maʼrifat va maʼnaviyat ekanini alohida uqtirib, 3 yoshdan 22 yoshgacha boʻlgan paytda bolalarimiz taʼlimi va tarbiyasiga alohida sarmoya sarflash lozimligini taʼkidladilar. Bu borada xususiy va nodavlat taʼlim muassasalariga ham eʼtiborni qaratish, ularning sonini koʻpaytirish va sifatini kuchaytirish kerak. Xalqqa qanchalik yaqinlashsak, ularning tuzum va tizimga ishonchi mustahkamlanadi va kelajakka dadil qadam tashlash imkoniyati tugʻiladi.Toʻgʻri, maʼlum muddat xalq bilan oramizdagi katta masofa paydo boʻldi, endilikda uni qisqartirish kerak, qabulxonalarda arzlarini tinglashdan ularning xonadonlariga yurish, yashash sharoitlari bilan tanishish kerakligini Prezidentimiz alohida taʼkidlab oʻtdilar.
Inson ongi va tafakkurini oʻzgartirmasdan turib koʻzlangan maqsadlarga erishish mushkul. Buning uchun milliy gʻoyani omma ongiga singdirishning taʼsirchan mexanizmini ishlash, gumanitar sohani rivojlantirish zarur. Xuddi shu maʼnaviy ehtiyoj yurtimiz tarixiga, oʻtmish madaniy merosimizga qiziqish va mehrni uygʻotish zaruriyati bilan bogʻliq. Ana shu bois davlatimi rahbari Oʻzbekiston tarixi milliy telekanalini tashkil etish taklifini kiritdilar. Har bir insonda oʻz kasbi, sohasi va salohiyati nuqtai nazaridan tinimsiz izlanish, harakat, masʼuliyat hissi va majburiyat burchini anglash tuygʻusi boʻlishi kerak. Oʻzni qiynash iborasi ham faoliyatning kengqamrovli boʻlishini taqozo etadi. Inson tafakkuri ulugʻ ishlarga qodir. Yangi fikr yangi gʻoyaga doʻnadi uni ommalashtirish yoyish, targʻib qilish uchun soʻz atalmish ilohiy neʼmat oʻz kuchini koʻrsatadi. Ana shundan keyingina uning natijasi amaliyotda roʻyobini namoyish etadi. Bu esa natija va samaraga mezondir. Uzoq oʻtmishimizning madaniy mayogʻi, moziy mashʼali boʻlgan “Avesto”da ezgulikka yoʻgʻrilgan ishlar xayrlik va manfaat keltirishi borasida soʻz ketadi. Bu esa yuqoridagi fikrlarning jamlanmasi sifatida “Ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal” gʻoyasiga kelib birlashadi. Fikrning libosi soʻz, uning jilosi esa amal bilandir. Ana shu uch birlik insonning xulqiy va nutqiy madaniyatiga borib bogʻlanadi. Buning tag zaminida komil inson konsepsiyasi, qolaversa, barkamol avlod gʻoyasi yotadi. Insonning maqsadi, umr mazmuni, faoliyati masalasi borasida koʻp va xoʻb yozilgan.
Davlatimiz rahbari oʻz faoliyatini boshlash paytlarida chop etilgan risolasining nomidayoq inson maqsadlarining yuzaga chiqishi, jamiyatning rivojlanishi va faoliyat mezonlarini belgilab bergandilar. “Tanqidiy tahlil, qatʼiy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi boʻlishi kerak” deb nomlangan risolasida yuqoridagi masalalarga munosabatlarini bildirib oʻtgandilar. Bu borada nazorat tizimining muhim taʼsirchan shakllarini oʻylab topish muhim. Shundagina jamiyat tartibli va tizimli tarzda rivojlanadi.
Davlat organlariga xodimlar qabul qilish, kadrlar siyosati masalasida ham muammolarimiz koʻpligini taʼkidlab oʻtdilar. Yaxshi mutaxassisgina ishning koʻzini biladi, toʻgʻri va ijobiy hal etadi. Strategik tahlil, tashabbuskorlik va tashkilotchilik bor joydaginarivojlanish boʻladi. Afsuski, yuqoridan buyruq yoki topshiriqni kutib oʻtirish maylidan hanuzgacha qutulganimiz yoʻq. Yuqoridan pastga emas, balki pastdan yuqoriga tomon borib muammolar hal etilishi, qarorlar ishlab chiqilishi taʼkidlandi. Erkin fikr boʻlmasa, tashabbus ham, gʻoya ham boʻlmaydi. Innovatsion ixtirolar ijodiy izlanish va erkin fikrning mahsuli. Prezident misol sifatida Surxondaryoda qamishdan DSP tayyorlash yoʻlga qoʻyilganini eʼtirof etdi. Nega shu ishni qanchadan - qancha qamishzorlari bor boʻlgan Qoraqalpogʻiston hududida amalga oshirmaslik kerak deya oʻrinli tanbeh berdilar.
Har bir ishlarimizga, harakatlarimizga, chiqargan qarorlarimizga hakam xalq va vaqt ekanligini unutmaslik foydadan xoli emas. Mamlakat iqtisodiyotini yuksaltirish, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan yangi korxonalarni barpo etish hamda rekonstruksiya qilish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilar ekanmiz, buning uchun avvalo, aholi bandligi, uning ish haqi va daromadlarini oshirish kabi eng muhim ijtimoiy muammolarni yechish, xorijiy investitsiyalarni jalb etayotgan korxonalarni iqtisodiy ragʻbatlantirish va ularga zaruriy sharoitlarni yaratib berish ham kundalik dolzarb masalalardandir.
Shu soha boʻyicha mutaxassislardan, tadqiqotchi olima Dilnoza Ahayedovaning internet orqali bergan maʼlumotlariga tayangan holda, shularni keltirish oʻrinlidir. Xorijiy investitsiyalarni jalb etmay, ayniqsa, yetakchi tarmoqlarda chet el investitsiyalari ishtirokini kengaytirmay turib, iqtisodiyotda tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirish va modernizatsiyalash, korxonalarni zamonaviy texnika bilan qayta jihozlash hamda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish mumkin emas. Yurtimiz iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarning jalb etilishi iqtisodiy imkoniyatlarning kengayishini tezlashtirib, barcha sohalarda ichki imkoniyat va rezervlarni ishga solishga yordam beradi. Shuningdek, yangi texnika va texnologiyalarni, eksportbop tovarlarni oʻzlashtirish, ularni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish orqali davlatimiz iqtisodiy qudratini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Haq gap. “Barchamiz oddiy bir haqiqatni yaxshi anglab olishimiz darkor, – degan edi birinchi prezidentimiz, - investitsiyalarsiz modernizatsiya ham, yangilanish ham boʻlmaydi.” Toʻgʻri, yurtimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridan xorijiy investitsiyaga katta ahamiyat berila boshlangandi. Hatto, 1998 yil 30 aprelda qabul qilingan “Chet el investitsiyalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni ham qabul qilingandi. Lekin afsuski, uning ijrosi borasida baʼzi kamchiliklarga yoʻl qoʻyildi. Natijada bu masalaga eʼtibor bir muncha susaygandi.
Endilikda mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy hayotida strategik muhim masala – innovatsion rivojlanishni jadallashtirish, sanoatchilar, olimlar va tadbirkorlar hamkorligini mustahkamlash, Oʻzbekistonning intellektual va iqtisodiy salohiyatini chet ellik ishtirokchilarga namoyon etish orqali xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni koʻpaytirish masalasidir. Bu bizga porloq istiqbolning, taraqqiyotning darvozalarini keng ochishga xizmat qilishi tayin. Prezidentimizning Murojaatnomasini tinglar ekanman, taʼbir joiz boʻlsa, uni shunday taʼriflagim keladi. Murojaatnoma - farovon hayotimiz uchun yoʻllanma, yuksak taraqqiyotimiz uchun qoʻllanmadir.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Matbuot kotibi, filologiya fanlari nomzodi, Xalqaro “Antik dunyo” va “Turon” fanlar akademiyalarining akademigi Rahimboy Jumaniyozov