Navoiyni ulug‘lab

2018 yil 7 fevral kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mehanizatsiyalash muhandislari instituti 4-sonli talabalar turar joyida Axborot resurs markazi xodimi Dilfuza Sobirova, talabalar turar joyi mudirasi Dilfuza Aminova, tarbiyachi pedagog Javlonbek Qutlimurotovlar tomonidan 9-fevral kuni xazrati Alisher Navoiyning tavalludi munosabati bilan she’riyat kechasi o‘tkazishdi. Shuningdek, 2-bosqich talabasi Qamariddin Abdug‘apporovning “Davosiz dardlar” deb nomlangan   birinchi kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimot davomida talabalar Qamariddin Abdug‘apporovga turlicha savollar berdilar. Talabalar tegishli javoblarni olishdi.  U “Umr” degan she’rini o‘qib berdi. Bu she’rini o‘qib berganida talabalarning ko‘zlariga yosh qalqdi.

Taqdimot davomida talabalarimiz hazrati Alisher Navoiy bobomizning she’rlaridan yoddan o‘qib berishdi hamda  4-bosqich talabasi Elnur Mirzaev jonli ijroda qo‘shiq aytib talabalarimizning kayfiyatini ko‘tardi.

Tadbir so‘ngida Dilfuza Aminova, Dilfuza Sobirova, Javlonbek Qutlimurotovlar so‘zga chiqib Qamariddin Abdug‘apporovga kelajakda hazrati Alisher Navoiyning yo‘llarini tiladilar  hamda  talabalariga ota-onalarining qadriga yetishlarini uqtirdilar.

Umr

Oila a’zolarim xotirasiga

 

Yurakning zorini so‘yladim bugun,

Ayo do‘st, hech qachon g‘aflatda qolmang.

Armonlarga to‘la mening hayotim,

Lekin armon bilan hamsuhbat bo‘lmang.

 

O‘chmas dog‘ qoldi-ku, g‘arib yurakda,

Aytishni uddalay olmadim nolam.

Ko‘rishni istayman, imkon yo‘q, erk yo‘q,

Dunyoga sig‘madi munisim, onam.

 

Kuzda to‘kkanidek daraxt barglarin

Gullamay xazonga aylandi umrim.

Dunyoga sig‘moqda g‘amim, anduhim,

Vodarig‘, sig‘madi mehribon opam.

 

Ko‘nglimni kuydirding, yoqding, kul qilding,

Senga nechun kerak ikki qanotim.

Ikki akam mening ikki ming ohim

Sochlarini yoyar faryodim, dodim.

 

Boshimni egaman, qo‘lim havoda,

Yalinib, yolvordim bu tor olamga.

Izimda bu falak yig‘lab yugurar

Qanday chiday axir, mungli navoga?!

 

Mening azizlarim, onajon, opam,

Ikkita qanotim – ikkala akam.

Iztirobning ham oxiri bor—ku,

Og‘rinar ortimda dunyo biri kam.

4 –TTJ tarbiyachi pedagogi Javlonbek Qutlimurotov axboroti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov