Navro‘z - ezgu niyatlar nashidasi

Tabiatning chinakam jonlanishi yurtimizda Navro‘zi ayyom shukuhi kezayotgan ayni damda yaqqol namoyon bo‘ladi. Bu tabiatning evrilishiga bog‘liq bo‘lgan iqlim bilangina emas, balki jamiyatning ruhiyati va inson kayfiyatidagi tetiklik bilan ham uzviy aloqadordir. Tabiat va jamiyatdan ruh va oziq olgan har bir insonning tetik bo‘lishi ulug‘ maqsadlar yo‘lida dadil qadam tashlashiga, xalq manfaati va roziligi uchun kamarbasta bo‘lib xizmat qilishiga imkon tug‘diradi.

Allomalardan biri "Pulingni yo‘qotsang, hech narsangni yo‘qotmabsan, vaqtingni yo‘qotsang, ma’lum bir narsalaringni yo‘qotibsan, ammo tetikligingni yo‘qotsang, barcha narsangni yo‘qotibsan" , - deyishi bilan haqlidir. Tetik inson barcha kemtikni to‘ldiradi, u xayrli ishlarga qobil va qodir bo‘ladi. Chunki, uning niyati ezgu ishlarga yo‘g‘rilgan bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ikkinchi murojaatnomalarida ulug‘ alloma Imom Buxoriyning "Jome’ us-sahih" to‘plamidan quyidagi hadisni keltirganlari ham bejiz emas. "Amallar niyatlarga bog‘liq." Demak, yaxshi ishlar yaxshi niyatlar bilan uyg‘un bo‘ladi. Zeroki, niyat xayr - oqibat xayr. Ko‘tarinki kayfiyat, tetiklik va bardamlik bayramona ruhiyatdan boshlanadi. Ana shu ma’naviy-ruhiy  ehtiyojni nazarda tutgan holda, bayram bahona institutimizda navro‘z dasturxoni tashkil etildi. Ustoz va shogirdlar, nufuzli mehmonlar, xalqimiz ardog‘idagi taniqli san’atkorlar bilan o‘tkazilgan tadbirning bayram oshi ham ancha totli bo‘lgani sir emas.

30 mart kuni ertalabdanoq, institutimiz bayramona bezaklar bilan muzayyan qilindi. Anvoyi gullar, har bir viloyatning urfiga binoan tayyorlangan tansiq taom va pishiriqlari, o‘ziga xos ayram liboslari ko‘zni quvnatib, dilni yayratadi.

Institutimiz rektori o‘z jamoasi bilan har bir fakultet talabalari tomonidan tayyorlangan bayramona dasturxon, musiqiy hamda musobaqaviy dasturlarni tomosha qila turib, talabalarning ijodkorligi, san’atkorlik mahoratidan qoniqish hosil qildilar. Bayram bilan talabalarni qizg‘in qutladilar.

  

Soat 13.00.da institutimiz bosh binosining old tomonida katta monitor o‘rnatilgan, anvoyi gullar va bejirim bezaklar bilan yasatilgan sahnada konsert dasturi boshlandi. Taniqli va mashhur san’atkorlarning diltortar kuy hamda qo‘shiqlari davraga ajib bir tarovat va fusunkorlik baxsh etdi.

Hazrat Navoiyning "Har tuning qadr o‘lubon, har kuning o‘lsun Navro‘z" degan hikmati ham eldoshlarimizga tabrik o‘rnida qiymatlidir. Ma’lumki, tunning bezagi oy, kunning bezagi quyosh bo‘lganidek, bayramlarning ham shunga monand ziynati bor. Navoiy haqli ta’kidlaganidek, tungi bayram bezagi u - Qadr,  ro‘zai Ramazondagi 27 - kuniga o‘tar kechasi, ya’ni taqdir kechasi bo‘lsa, kunduzgi bayram bezagi bu Navro‘z, ya’ni yilboshidir. Shunday ekan, tun-u kunimiz tinch, xalqimiz farovon, elimiz va yerimiz to‘kin-sochin bo‘lsin deb niyat qilamiz.

 

Institutimizdagi ushbu bayramona dasturni, shubhasizki, professor-o‘qituvchi va talabalarga ma’naviy kuch-quvvat manbai bo‘ldi deyish mumkin.

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov