Sardobaliklar – TIQXMMI siz bilan birga!
Bugungi kunda jahonda yuzaga kelgan pandemiya sabab ba’zi davlatlarning yetakchilari o‘zlarini izolyatsiya qilib olgan bir paytda sirdaryoliklar boshiga tushgan sinovli kunlarda davlatimiz rahbari xalq bilan birga bo‘lib ruhini ko‘tarmoqda. Bu vaziyat yurtboshimizning elparvarligi, millat dardi bilan yashashini yana bir isbot qildi. Ana shunday murakkab vaziyatda toshqin talofatlari qanchalik achinarli bo‘lmasin, butun O‘zbekiston xalqi sirdaryoliklar bilan birga ekanligi, Toshkent shahri va barcha viloyatlar, tomonidan toshqindan aziyat chekkanlar uchun jo‘natilayotgan mehr-muruvvat, insonparvarlik karvonlarining ketma-ket jo‘natilib turgani, xalqimiz o‘rtasidagi mehr-oqibat rishtalarining mustahkamligidan dalolat beradi. Sardoba suv omborida yuzaga kelgan talofat va suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha Hukumat komissiyasi tashkil etilib, aholini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish va ularga har tomonlama yordam berish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Barcha jarayonlar davlatimiz rahbarining nazorati ostida.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti jamoasi ham mazkur xayrli ishga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida toshqindan aziyat chekkan yurtdoshlarimiz bilan birga bo‘lish, ularga har tomonlama ma’naviy va moddiy yordam ko‘rsatish maqsadida institut Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor rahbarligida Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i, “Gumanitar fanlar” kafedrasidan sotsiolog mutaxassislar, shuningdek, mutaxassislik kafedralari professor-o‘qituvchilari va doktorantlardan tashkil topgan ishchi guruh vakillaridan iborat 12 nafar xodimlar Sirdaryo viloyatining Sardoba, Mirzaobod hamda Oqoltin tumanlaridan evakuatsiya qilinib Sardoba tumanidagi Paxtaobod qishloq xo‘jalik kasb-hunar kolleji hamda 21-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi, tuman №1 va №6 maktabgacha ta’lim muassasalari hamda Jizzax viloyatining Do‘stlik tumani Manas qishloq fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan №5 va №12 sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablariga joylashgan aholi vakillari bilan uchrashib, ularning holidan xabar olishdi.
Ishchi guruh 3-4 may kunlari aholi o‘rtasida mavjud muammolar hamda qiynab kelayotgan savollarini har tomonlama o‘rganish maqsadida anketa so‘rovnoma asosida suhbat o‘tkazilib, so‘rovnoma natijalari maxsus internet tizimida tashkil etilgan bazaga kiritildi. Suhbatlardan ma’lum bo‘ldiki, toshqindan zarar ko‘rgan aholining ko‘nglida tabiiy ofat oqibatlarini zudlik bilan bartaraf etishga bo‘lgan ishonch tayanch bo‘layotgani sezilib turibdi. Sardobaliklar Prezidentimizning Sirdaryoda ekanligi, “Sharoit yaxshi bo‘lmaguncha, birorta rahbar, men boshchiligimda hech qayoqqa ketmaydi”, degan qat’iy va’dasidan kuch olib yashayapti. Aziz birodarlarimiz! Qalban siz bilan birgamiz! Sardobaliklar, siz qush uchmas cho‘lni gulistonga aylantirgan matonatli elning avlodisiz, demak yana tik oyoqqa turishingizga, talafotlarning o‘rnini to‘ldirib, to‘kis, butun yashashingizga o‘zingiz ishongandek, biz ham ishonamiz!
Pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Choriev Ro‘zimurat Kungratovich ma’lumoti.
TIQXMMI matbuot xizmati