Sariq kasallik ofati
2018 - yil 12 - aprel kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 4-sonli talabalar turar joyida institut qoshidagi “Tibbiy bo’limi” terapevt doctor Xaliva Lilya Viktorovna, hamshira Xasanova Gulnoz Yusipjanovna, tarbiyachi pedagog Javlonbek Qutlimurotovlar "Virusli gepatit A kasalligi profilaktikasi” mavzusida davra suhbati o’tkazishdi.. Virusli gepatit A kasalligi – bu o‘tkir yuqumli jigar kasalligi hisoblanib, qo‘zg‘atuvchisi gepatit A kasalligi virusi hisoblanadi. Har yili o‘n millionga yaqin odam ushbu kasallikka chalinadi. O‘zbekiston Respublikasida virusli gepatitlarning A, V, Sturlari ko‘proq uchraydi. Maktabgacha yoshda bo‘lgan bolalar va kichik maktab yoshidagi bolalar boshqalarga nisbatan ko‘proq kasallanadi.
Inkubatsion davri, yani virusning organizmga tushishi va kasallikning ilk belgilari paydo bo‘lishi 15 kundan 50 kungacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Kasallikning yuqish yo‘li alimentar yo‘l bilan – virus bilan zararlangan oziq-ovqat mahsulotlari, suv, o‘yinchoqlar va iflos qo‘l orqali yuqadi. Virus tashqi muhitga chidamli 60°C haroratgacha bo‘lgan chuchuk va sho‘r suvda bir necha oylab saqlanishi mumkin. Gepatit A kasalligi jigar to‘qimalarini yallig‘lanish vanekrozli o‘zgarishlarga va intoksikatsiya(zaharlanish) sindromlarini paydo bo‘lishiga, jigar va taloqni kattalashishi, jigar faoliyatining klinik va laborator buzilishlari, sariqlik belgilarining paydo bo‘lishi, siydik rangini to‘q rangga kirishi va axlatni rangsizlanishi bilan xarakterlanadi. Klinikasida quyidagi simptomlar namoyon bo‘ladi: holsizlik va darmonsizlik, ishtaha yo‘qolishi, ko‘ngil aynish va qayt qilish, mushaklarda og‘riq. Yashash va ish joylarining sanitariya jihatdan qoniqarsiz holatda bo‘lishi, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik, aholining zichligi, oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash qoidalarining buzilishi, sifatsiz ichimlik suvidan foydalanish viruslarning ko‘payishiga sharoit yaratadi.
Virusli gepatit kasalligidan qanday himoyalanish kerak?
• Sog‘lom turmush tarziga rioya qilish.
• Shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, ovqat tayyorlash va ovqatlanishdan oldin, jamoat joylariga va hojatxonaga borgandan so‘ng qo‘lni yaxshilab sovunli suvda yuvish.
• Oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash va saqlash jarayonlarida sanitar-epidemiologik qoidalarga rioya qilish.
• Meva va sabzavotlarni iste’mol qilishdan oldin oqar suvda yaxshilab yuvish va so‘ngra qaynagan suvda yuvish.
• Yashash joy gigiyenasiga rioya qilish: xonalarni shamollatish va namli tozalov ishlarini olib borish.
• Pashshalarga qarshi- ichak infeksiyalarini tashuvchilariga qarshi kurash.
Yodda tuting! Profilaktik qoidalar kundalik turmush tarzingizga aylanishi kerak!
4 - TTJ tarbiyachi-pedagogi Javlonbek Qutlimurotov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov