Sertifikatsiyalash va sinash jarayoni
Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash fakulteti “Mashinalardan foydalanish va ta’mirlash” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda 5430100-“Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish” ta’lim yo‘nalishining 4-kurs talabalariga 2018 yil 20 aprel kuni O‘zbekiston qishloq xo‘jalik texnikasi va texnologiyalarini sertifikatsiyalash va sinash davlat markazi direktor o‘rinbosari A.Y.Tolibaev “O‘zbekiston qishloq xo‘jalik texnikasi va texnologiyalarini sertifikatsiyalash va sinash davlat markazida qishloq xo‘jalik texnikasi va texnologiyalarini sertifikatsiyalash va sinash jarayoni to‘g‘risida” mavzusidagi muammoli ma’ruzasi bo‘yicha qisqacha ma’lumotni keltiramiz.
Muammoli ma’ruza “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakulteti a’zolari va 5430100-“Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish” ta’lim yo‘nalishining 4-kurs talabalariga mo‘ljallangan. Muammoli ma’ruza materiali 33 betdan iborat elektron variantda taqdim etildi. Ma’ruzachi ma’ruzaning kirish qismida markaz tashkil etilganligi haqidagi xabarni berib o‘tdi:
O‘rta Osiyo mashina sinash stansiyasi, (keyinchalik, O‘zbekiston mashina sinash stansiyasi deb nomlangan) 1948 yilda Toshkent viloyati, Yangiyo‘l tumanida tashkil topgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 5 martdagi №97 Qaroriga asosan “O‘zagromashservis” uyushmasi tarkibidagi O‘zbekiston qishloq xo‘jalik texnikasi va texnologiyalarini sertifikatsiyalash va sinash davlat markaz (O‘zQTTSDM) deb qayta nomlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 23 maydagi “Qishloq xo‘jalik texnikasi va texnologiyalari sinovlari tizimlarini yanada takomillashtirish” to‘g‘risidagi №PQ-1972 Qaroriga asosan O‘zQTTSDM O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiritildi.
Markazning asosiy maqsadi – respublikamizda va chet el firmalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mashinalarining sinovlarini o‘tkazish. Olingan natijalar va yechimlarni O‘zbekiston sharoitida qishloq xo‘jaligiga tadbiq etish.
O‘zQTTSDMning texnik imkoniyatlari – chet el texnikalaridagi innovatsion texnik yechimlarni baholash va O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mashinalar uchun tavsiyalar berish.
Mavjud me’yoriy hujjatlarni innovatsion texnik yechimlar asosida yangi sinash usullarini qo‘llash orqali qaytadan ishlab chiqish. O‘zQTTSDMni texnikaviy jihozlash.
Markazning vazifalari va funksiyalari tarkibi shulardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining soha ilmiy – tadqiqot institutlari bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikasi, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishning resurslarni tejaydigan zamonaviy texnologiyalari sinovlarini o‘tkazish sohasida yangi standartlar, uslubiy hujjatlar va tartibotlarni ishlab chiqish va amaldagilarini qayta ko‘rib chiqish;
seriyalab ishlab chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish maqsadida qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikasini, ularning agregatlari va uzellarining tajriba namunalari sinovlarini o‘tkazish;
mahsulot sifatining barqarorligini nazorat qilish va uni ishlab chiqarishni davom ettirish imkoniyatini aniqlash maqsadida seriyali ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikasi sinovlarini o‘tkazish;
Respublikada qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda uni qo‘llash samaradorligini aniqlash maqsadida qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikasining, shu jumladan xorijda ishlab chiqarilganlarining sinovlarini o‘tkazish;
qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikasining boshqa yangi turlarini qo‘llagan holda qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirishning resurslarni tejaydigan zamonaviy texnologiyalari sinovlarini o‘tkazish;
chet el va mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi va melioratsiya texnikasi tavsiflarining xalqaro standartlarga va normativ-texnik hujjatlarga muvofiqligini aniqlash maqsadida sertifikatlashtirish sinovlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkazish.
Ma’ruzachi shular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aytib o‘tdi. Fakultet, kafedra a’zolari va talabalari muammoli ma’ruzani qiziqish bilan tingladilar va o‘zlari qiziqtirgan savollariga javoblarni olib, o‘zaro fikr-mulohazalarni almashdilar.
Ma’ruzachi so‘zining yakunida shubhasizki, mahalliy kadrlar yetishida bugungi talabalarning mas’uliyati borasida ham so‘z yuritdi. Talabalarga katta yutuqlarga erishishlarini tilab o‘tdi.
O‘qilgan mavzu bo‘yicha barchada yaxshi taassurot qoldirdi.
“Mashinalardan foydalanish va ta’mirlash” kafedrasi assistenti Nosir Djuraev axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov