Yoshlik shijoati

2018 yil 10 may kuni Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari  instituti 4-sonli talabalar turar joyida  O‘zMTDP “Yoshlik” shaharchasi Kengashi raisi Farxod Axmedov, Moxira Abdujaparova hamda tarbiyachi pedagog Javlonbek Qutlimurotovlar “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida” gi Qonun ijrosini ta’minlash yuzasidan o‘rganishlar bo‘yicha davra suhbati o‘tkazishdi.

Tadbirda O‘zMTDP “Yoshlik” shaharchasi Kengashi raisi Farxod Axmedov talabalarga  Jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida O‘zbekistonning jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish,  joriy yilda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlar qabul qilinganligi, bundan tashqari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtirishning ta’sirchan tizimini yaratish, qonun buzilishlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning zamonaviy tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish maqsadida Prezidentimizning “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganligi borasida, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o‘zining har bir chiqishlarida sohaga mas’ul bo‘lgan idoralarning asosiy vazifasi jinoyatchini topish va jazolash emas, balki jinoyat sodir etilishiga sharoit yaratib bergan holatlarni aniqlash, ayniqsa tizimli muammolar bilan ishlashga alohida urg‘u qaratishni ko‘p bora ta’kidlaganligini aytib o‘tdi.

E’tirof etish kerakki, huquqbuzarliklarning bir qismi tayin bir ish joyiga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan sodir etilmoqda. Bunday shaxslar tomonidan huquqbuzarlik sodir etilishini oldini olishda aholi bandligini ta’minlash, uyushmagan yoshlarni ish bilan ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Jinoyatchilikning oldini olishda mahalla instituti imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarur hisoblanadi. Shu bois, Respublikamizda mahalla fuqarolar yig‘inining "Mahalla posboni" jamoatchilik tuzilmasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Qolaversa, Prezidentimiz ta’kidlagandek, sodir etilgan jinoyatlarni mahallada keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilishni profilaktik ahamiyatga ega. Negaki, jinoyatchilikka qarshi kurashish faqat huquq tartibot organlarining emas, balki keng jamoatchilikning vazifasi bo‘lmog‘i zarur.

Hammamizning oldimizda turgan yana bir muhim masala bu yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishdir. Chunki, yoshlar bizning kelajagimiz. Shundan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston yoshlar o‘rtasida turli xil illatlarning oldini olish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mustaqillik qo‘lga kiritilganidan 3 oy o‘tmasdan, ya’ni 1991 yil 20 noyabrda “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. 2016 yilga kelib “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Bundan tashqari, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi, qator xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilindi.

Parlamentning yoshlar bilan ishlash borasidagi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi tuzildi va o‘zining faoliyatini boshladi. Yoshlarning, ayniqsa uyushmagan, ish bilan band bo‘lmagan, tayin bir mashg‘ulotga ega bo‘lmagan yoshlarning kasb-hunarlarni puxta egallashi uchun munosib sharoitlar yaratishga, bandligini ta’minlashga, ishbilarmonlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishga ko‘maklashish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha takliflar kiritish ushbu komissiyaning asosiy vazifalaridan biri qilib belgilandi, ushbu komissiya voyaga yetmaganlar tomonidan turli jinoyat, huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, bir so‘z bilan aygganda, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ta’minlash borasida bizning oldimizga qo‘yayotgan vazifalarni bajarishga o‘zining hissasini qo‘shadi deya o‘z so‘zini tugatdi. Tadbir so‘ngida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan faol qatnashishdi davra suhbati  qizg‘in bahs-munozara va savol-javoblarga boy o‘tdi.

 

4-sonli TTJ tarbiyachi pedagogi Qutlimurotov Javlonbek axboroti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov