Shoiru she’ru shuur
2-TTJ da tarbiyachi-pedagog, psixolog Sagdullaeva Dilorom Muxiddinovna tashabbuslari bilan tashkillashtirilgan ijodiy kechada shoira Malika Salimova va Xolbibi Sa’dinovalar ishtirok etishdi.
Dastavval, Dilorom Muxiddinovna buyuk o‘zbek ayoli shoira Zulfiyaxonim hayoti va ijodiga to‘xtalib o‘tdilar.
Taniqli san’atkorlarning qo‘qshiqlarini sevib tinglaymiz-u lekin she’rlarini kim yozganligi bilan unchalik qiziqavermaymiz. Zulayho Boyxonova, Sardor Mamadaliev va boshka san’atkorlarga she’rlar yozib berib ular ijodining kamolotiga o‘shz hissasini qo‘shayotganlardan birlari shoira opalarimiz Malika Salimovna hamda Xolbibi Sa’dinovalardir. Ular o‘z ijodlari bilan talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Talabalardan “GIM” fakulteti 109-guruh talabasi Xursandbek Maxammadjonov she’r yozib turishini va kelajakda kitob qilib chop etish orzusi borligini aytib o‘tdi. Bu borada shoira opalarimiz kerakli maslaxat va yo‘l-yo‘riqlarini berishdi.
Talabalar uchun ushbu qiziqarli ijodiy kecha bayram oldi tabrigi bo‘ldi desak, o‘rinlidir.
Talabalar ham Malika va Xolbibi opalarga tez-tez tashrif buyurishlarini tilab qolishdi. Unda GIM, GTS fakulteti talabalari tashriflari uchun har ikkala shoirga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.
Talabalarga milliy ruh va iftixor tuyg‘ularini baxsh etgani bois Malika Salimovaning ushbu she’rini e’tiboringizga havola qilamiz.
O‘ZBEKLARIM
Osmon ilmin hali olam bilmay turib,
Fazolarga hech kim narvon ilmay turib,
Hastalarga shifo aytgan ko‘rmay turib,
Tojmahallar qurib ketgan O‘zbeklarim.
O‘n bir yoshda o‘ttiz pora qur’on o‘qib,
Shoirlari tushlarida she’rlar to‘qib,
O‘zi yemay bolasini bolda boqib,
Onalarin Hajga eltgan O‘zbeklarim!
Bitta mixsiz minoralar qurib qo‘ygan,
Farhodlari suvni ortga burib qo‘ygan,
Kerak bo‘lsa tog‘larni ham surib qo‘ygan,
Yelkalari yerga tegmas O‘zbeklarim!
Zulm kelsa, dod deyishni or deb bilgan,
Davlat emas, ibodatni kor deb bilgan,
Yaxshi kunlar sabrdan so‘ng bor deb bilgan.
Hurligini uzoq kutgan O‘zbeklarim!
Mehnatini or bilmagan O‘zbeklarim,
Kulbasini tor bilmagan O‘zbeklarim,
Begonaga bitta nigoh in’om etgan,
Ayolini yor bilmagan O‘zbeklarim.
Shukronani shior qilgan O‘zbeklarim,
Munosibni sardor qilgan O‘zbeklarim,
Molu-davlat hasratida kuygani yo‘q.
Tinch yashashni qaror qilgan O‘zbeklarim.
Dushman kirsa, qadamini yirib qo‘ygan,
Bir to‘y qilsa qirqta qo‘yni so‘yib qo‘ygan,
Tog‘dan balan xirmonlarni uyib qo‘ygan,
Ketmon bilan elni boqqan O‘zbeklarim!
Qozonidan qo‘shniga osh olib qo‘ygan,
Eshigiga chorig‘ini ilib qo‘ygan,
Uy to‘rini qaldirg‘ochga berib qo‘ygan,
Hotamtoy deb dovrug‘ olgan O‘zbeklarim!
Xaritada yo‘qsiz degan ko‘rsin endi,
O‘zbeklarim ko‘krak kerib yursin endi.
Kundan - kun ko‘p yaxshi kunlar bo‘lsin endi.
O‘zbeklarim mening jondek O‘zbeklarim!
“GIM” fakulteti 109-gurux talabasi Maxammadjonov Xursanbek axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov