Ispaniya delegatsiyasining tashrifi
Har qanday taraqqiyotning zaminida bevosita hamkorlikning natijasi, hamjihatlikning samarasi yotadi.
Ispaniya delegatsiyasining Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga tashrifida ham ana shu maqsadning ifodasini ko‘rish mumkin.
2019 yilning 8 may kuni Ispaniyaning Kastilya La-Mancha (UCLM) universiteti xalqaro hamkorlik aloqalari bo‘yicha prorektori, professor Fatima Guadamis Gomes (Fatima Guadamillas Gomes), kadrlar masalasi bo‘yicha direktor Yordi Kimeno (Jordi Gimeno Bevia) va “ALEX-YASIN” ekologik tashkiloti direktori Alexandro Pastranalarning TIQXMMIga tashrifi istiqboldagi rejalarni belgilash bilan bog‘liq jarayonda ahamiyatlidir.
Tashrif davomida xorijlik mutaxassislar institutimizning e’tiborga sazovor joylari, auditoriya va laboratoriyalariga kirib amaliy va nazariy jarayonning uyg‘unligi bilan qiziqishdi. So‘ngra rektorimiz, professor O‘. Umurzakov ishtirokida TIQXMMI bilan Kastilya La-Mancha (UCLM) universiteti o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Institutimizda xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik muntazam tarzda amalga oshirib kelinayotganining ham guvohi bo‘lishdi. Rektor xorijiy ta’lim muassasalari bilan xalqaro magistratura ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilganini e’tirof eta turib, yaqinda Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib institutimizda Xalqaro doktoranturani tashkil etilayotgani xususida ham ma’lumot berib o‘tdilar.
Xorijlik mutaxassislarning yurtimizga tashrifi Samarqanddan boshlangani bejiz emas. Ular tarixiy shahardagi qadamjolarni ziyorat qilishlari barobarida Sohibqiron Amir Temur davrida XV asr boshida Ispaniya qiroli Genrix III de Trastamara nomidan 1404 yili Samarqandga Amir Temur huzuriga elchi bo‘lib kelgan Rui Gonsales de Klavixo haqida o‘qigani, ispaniya elchisini qiziqtirgan joylarni ziyorat qilishni ko‘ngilga tugganlari borasida so‘zladi.
Klavixo Samarqand atrofida Amir Temur barpo qildirgan ko‘plab bog‘larni ko‘rib hayratga tushgan: “Samarqandga, Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi” kitobida "Shahar atrofida bog‘lar va uzumzorlar shunchalik ko‘pki, u yerga yetib kelgan kishi go‘yoki o‘rtasida shahar joylashgan baland daraxtlar o‘sib yotgan bir o‘rmonga yaqinlashganday bo‘ladi, ular ba’zi joylarda bir-ikki liga (5-10 kilometr) masofagacha yastangan". Ispan sayyohi yana Amir Temur katta maydonlarda maxsus uzumzorlar barpo etganini, shahar va bog‘lar orqali juda ko‘p ariqlar o‘tkazganini ham o‘z bitiklarida qoldirgan.
Ispaniyalik mutaxassislarning yurtimizga ilk tashrifi ularni quvontirgani haqida gapirdi. Ayni paytda ular faoliyat yuritayotgan universitet haqida muxtasar ma’lumot berish ham o‘rinlidir.
Kastilya La-Mancha (UCLM) universiteti (Universidad de Castilla La Mancha) Ispaniyaning davlat universiteti hisoblanadi. Xalqaro ta’lim reytingi bo‘yicha universitet jahonning eng yaxshi 1000 ta universitetlari ro‘yxatiga kiradi. Universitet 1982 yilda Ispaniya Qirolligining “Kastilya La Mancha” Avtonom okrugida tashkil etilgan.
Universitetning Albasete, Kuenka, Syudad-Real va Toledo shaharlarida filiallari (kampuslari) mavjud.
Ayni paytda universitetda 30 000 dan ortiq talaba tahsil olmoqda va 2300 nafar professorlar faoliyat olib bormoqda. Universitetning bakalavriat bosqichida 50 ta yo‘nalish, magistraturada 100 dan ortiq mutaxassisliklar bo‘yicha, doktoranturada esa barcha fan sohalari bo‘yicha tahsil olish mumkin.
Universitetning asosiy yo‘nalishlaridan biri fundamental tadqiqotlardir. Universitetda 35 ta ilmiy-tadqiqot markazlari va institutlar mavjud. Mintaqaviy taraqqiyot instituti va Kastilya La-Mancha ilmiy texnika Parki shular jumlasidandir.
“ALEX-YASIN” ekologik tashkiloti Ispaniya delegatsiyasini moliyaviy xarajatlarini to‘liq qoplaydi. Oqava suvlarni tozalab qayta ishlash bo‘yicha Ispaniya dunyoda birinchi o‘rinni egallashini g‘urur bilan e’tirof etgan Alexandro Pastrana O‘zbekiston bilan hamkorlik imkoniyatlarini keng yo‘lga qo‘yishdan har ikki tomonlama manfaat ustunligini ta’kidlaydi.
Xullas, delegatsiya bilan keng qamrovli muzokaralar olib borildi. Shuningdek, ularga institutning barcha fakultet laboratoriyalari va ilmiy salohiyati namoyish etildi. Muloqot jarayonida delegatsiya vakillari bilan kelajakdagi hamkorlik bo‘yicha kelishib olindi.
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov