Ichimlik suvi qadri

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida “Ichimlik suvdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-5018-sonli hamda 2018 yil 22 yanvardagi “2017 yil-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-5308-sonli Farmonlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining 2018 yil 30 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2017 yilda huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning holati haqidagi axborot to‘g‘risida”gi SQ-287-sonli qarori ijrosini ta’minlash hamda ichimlik suvini asrab avaylash har birimizning insoniylik burchimiz ekanligini o‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga singdirish maqsadida, joriy yilning 24 aprel kuni Toshkent shahridagi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti kengashlar zalida “Ichimlik suvi qanchadan-qancha odamlar uchun hali ham shirin orzuligicha qolmoqda” mavzusida yoshlar bilan davra suhbati o‘tkazildi.

Dastlab, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori B.Mirzaev so‘zga chiqib, davra suhbatining asosiy maqsadi va vazifalari hamda davra suhbati ishtirokchilarini tanishtirib o‘tdi.

Shundan so‘ng, ichimlik suvi resurslari bebaho ne’mat ekanligi, hozirgi kunda ichimlik suviga bo‘lgan munosabatimizni tiklashimiz orqaligina tabiatimizni va suvni asrab qolishimiz mumkinligi borasida to‘xtalib o‘tdi.

Kun tartibidagi masala bo‘yicha, O‘zbekiton Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davsuvinspeksiya bo‘lim boshlig‘i I.Klichxanov mustaqillik yillarida O‘zbekistonda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani, ichimlik suvi ta’minoti tizimini rivojlantirishga doir muhim dastur va loyihalar hayotga izchil tatbiq etilib, shahar va tumanlar, jumladan, chekka hududlarni markazlashtirilgan suv ta’minotini tubdan yaxshilash imkonini berayotganligini ta’kidladi.

  

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-5308-sonli Farmoni ijrosi bo‘yicha Toshkent shahrida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shu bilan birga, ichimlik suvini samarali ishlab chiqarish, yetkazib berish va undan oqilona foydalanish, ichimlik suvi sifatini nazorat qilish hamda oqova suvni tozalash xizmatlarini tashkil etish sohasidagi qonunchilik va me’yoriy-texnik hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish bilan bog‘liq muammolar tizimli ravishda hal etilayotganligini qayd etib, ko‘rgazmali taqdimot orqali atroflicha tushuncha berdi.

Shundan so‘ng, shahardagi "To‘lqin Akrom-o‘g‘li jome"  jome’ masjidi imom xatibi S.Sotimov so‘zga chiqib, ichimlik suvidan oqilona foydalanish, ichimlik suvi Alloh tomonidan insoniyatga ato etilgan bebaho ne’mat ekanligi, suvdan maqsadsiz foydalangan holda, isrof qilish katta gunoh ekanligi haqida qur’on oyatlari va xadislardan misollar keltirgan holda ibratli hikoyalarni aytib, institut talabalariga bir yoqadan bosh chiqarib, ichimlik suvidan oqilona va samarali foydalanish bo‘yicha Toshkent shahrida, viloyatlardan kelgan talabalar o‘zlari yashaydigan viloyatda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishlari lozimligi haqida tushuntirish berib, so‘ziga yakun yasadi

Kun tartibidagi masala yuzasidan, Toshkentning “Bo‘zsuv” bosh suv inshooti  boshlig‘i S.Saidvaliev so‘zga chiqib, o‘zi rahbarlik qilayotgan tashkilotning vazifa va funksiyalari bilan batafsil tanishtirdi. Sifatli ichimlik suvini aholi xonadoniga yetkazib berish sohasida shahar miqyosida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi va yoshlarga tabiiy resurslarni, xususan ichimlik suvini asrab-avaylash har birimizning insoniylik burchimiz ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

  

Shundan so‘ng, Davsuvinspeksiyaning markaziy apparat bo‘lim boshlig‘i I.Klichxanov institut faol yoshlariga tashkilotning asosiy vazifasi, funksiyalari haqida axborot berib, markaziy apparat va Toshkent shahar hududiy inspeksiyasi ishonch telefon raqamlarini ma’lum qildi.

Tadbir davomida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti faol talabalari ichimlik suvini tejashning samarali vositalarini ishlab chiqish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ichimlik suvini iste’mol qilish madaniyatini oshirish, targ‘ibot va tashviqot ishlarni jadallashtirish bo‘yicha o‘z fikr va mulohazalarini bildirdilar.

Bundan tashqari yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar. Jumladan, mazkur institutning “Iqtisodiyot va Menejment” fakulteti talabasi U. Fayzullaev, ichimlik suvi sohasida qabul qilingan qonun va qarorlar haqida to‘liqroq ma’lumot berishlari haqida so‘radi.

Davsuvinspeksiyaning bo‘lim boshlig‘i I.Klichxanov mamlakatimizda sohaga oid qabul qilingan Farmon va qarorlar haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

 

Institut yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Akmal Berdimurodov axboroti,

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov.