Tabiat va tiriklik ne’mati
2018 yil 7 aprel kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 4-sonli talabalar turar joyida “Gidromelioratsiya” fakulteti, “Tuproqshunoslik va dehqonchilik” kafedrasi o‘qituvchi xodimlari Abdusamat Axatov, Vafoboy Shirimbetov, Shukurullo Ziyadov, tarbiyachi pedagog Javlonbek Qutlimurotovlar “Tabiat ne’mati, tiriklik asosi suvni asrash” mavzusida davra suhbati o‘tkazishdi.
Suvdan oqilona foydalanish tabiatning bebaho boyligi. Suv - hayot manbai, suv – bu hayot, suv – bu tabiatdagi barcha jonzotlar, o‘simlik dunyosi uchun eng kerakli manbadir. Qadimdan ota-bobolarimiz suvni tabiatning bebaho boyligi, ne’mati deb bilgan va uni tejab sarflashga harakat qilishgan.
Bugun nafaqat shahardagi xonadonlarimizda, balki qishloqdagi xonadonlarda ham barcha qulayliklarga ega uylar bo‘lib, ularda issiq va sovuq suv muhayyo. Ammo ayrim yurtdoshlarimiz ana shu bebaho ne’matni tejab sarflashga harakat qilishmaydi. Ertalab bir yuvinish yoki tishni tozalash uchun suvni ochib – quyib, 3-4 litr suvni ortiqcha sarflashadi. Ayrim bekalar idish-tovoq yuvish uchun ham suvni behudaga oqizib qo‘yishlariga nima deysiz?
Ko‘p qavatli uylarda yashovchi bekalarimiz juda ko‘p miqdorda suv sarflab gilamlarini ichimlik suvida yuvishadi, ayrim hamyurtlarimiz «Pulini to‘lab qo‘yibmiz-ku» degan qabilida ish ko‘rib, ichimlik suvi bilan tomorqalarini sug‘orishadi.
Yaqinda bir xonadon bekasi o‘ksinib gapirdi, uning turmush o‘rtog‘i yoshi bir joyga borib qolgan mo‘ysafid bo‘lsa-da, har kuni 400-500 litr suvni faqatgina yuvinish uchun sarflashi va natijada bir oyda suv uchun to‘lov miqdori 100 minggacha yetib borishi oilaga qiyinchilik tug‘dirayotganini aytdi. Oiladagilar oqsoqolga «suvni tejang» deb iltimos qilishsa-da, u yanada suvni oqizib qo‘yishni davom ettirayotganini kuyunib aytdi.
Bunday insonlar oramizda qancha. Ko‘pincha, chet el filmlarida stakanda suv olib tishini yuvayotganini guvohi bo‘lamiz. Bugungi kunda odamzot tabiat boyliklari suv, gaz va boshqa boyliklarni o‘ziga buynsundirib undan turli sohalarda foydalanmoqda. Ana shunday suv tejab sarflanmayotgan bir vaqtda dunyoning ayrim aniqrog‘i bir milliarddan ko‘proq aholisi toza ichimlik suvisiz qiynalib yashamoqda. Butun jahon Suv Kengashi ma’lum qilishicha, 2050 yilga borib sayyoramiz aholisining uchdan ikki qismi chuchuk suv tanqisligi muammosiga duchor bo‘lishi mumkin ekan.
Bugungi kunda yurtimiz qishloq xo‘jaligida ham “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston respublikasining Qonunida belgilangan suvni tejovchi texnologiyalarni va ilg‘or sug‘orish texnikasini joriy etish orqali sug‘orish vositalari va uskunalarini takomillashtirishga qaratilgan me’yorlarning har bir hududda bajarilishiga katta ahamiyat qaratilmoqda.
Mutaxassislarning ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining 98 foizi sug‘orma dehqonchilik hissasiga to‘g‘ri kelar ekan. Sug‘oriladigan maydonlarni hamda iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini suv bilan ta’minlash uchun 180 ming km. kanal, 141 ming km. zovurdan iborat suv xo‘jaligi tizimidan iborat. Ularning samarali ishlashi uchun har yili Davlat byudjetidan katta mablag‘ ajratilmoqda.
Jonajon O‘zbekistonimiz hududida suv resurslaridan oqilona foydalanish, yerning meliorativ holatini yaxshilash, suv xo‘jaligi inshootlarini takomillashtirish va zamonaviylashtirish borasida katta ishlar qilinishi natijasida, ya’ni suvni tejaydigan texnologiyalar (tomchilatib, yomg‘irlatib, egatga plyonka to‘shab, egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orish) keng joriy etilishi tufayli suvdan ancha tejalib foydalanilishiga erishilgan.
Qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanishga doir munosabatlarni tartibga solish maqsadida Suv iste’molchilari uyushmasi tashkil etilgan bo‘lib, ular ham bugungi kunda suv iste’moli va undan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarni bir tizimga solish borasida o‘z faoliyatlarini yanada yaxshilashlari zarur. Bugungi kunda ishlatilayotgan obi-hayotning 88 foizi qishloq xo‘jaligi ulushiga to‘g‘ri keladi.
Umuman, yurtimizda maishiy xizmat sohasida 8 foiz, energetika sohasida 1,5 foiz, sanoatda 2 foiz va baliqchilik tarmog‘ida esa 0,5 foiz suvdan foydalaniladi. Jahon tabiatni asrash fondi ma’lumotlarida sarflanayotgan chuchuk suvning 70 foizi qishloq xo‘jaligi, 20 foizi sanoat ishlab chiqarishi, atigi 10 foizigina maishiy iste’molga yo‘naltirilayotgani qayd etilayapti.
2050 yilga borib esa ekinzorlarga obi-hayot zahiralarining 90 foizi yo‘naltirilishi mumkin. Shuningdek, bugungi kunda elektr energiyasiga bo‘lgan talabning ortib borayotgani ham aynan suv bilan bog‘liqdir. 2030 yilga borib bunday ehtiyoj 55 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
Ko‘rinib turibdiki, suv manbalaridan oqilona foydalanish bugungi kunning dolzarb vazifasi hisoblanadi. O‘zbekistonda suv bo‘yicha 10 dan ortiq qonun hujjatlarida suvni tejash va undan oqilona foydalanish haqida qayd etilgan va uni takomillashtirish borasida doimiy ish olib borilmoqda.
Suv manbalaridan oqilona foydalanish bo‘yicha qonunchilik takomillashishi qishloq xo‘jaligi zamonaviylashishiga, ekotizim yaxshilanishiga, bir so‘z bilan aytganda, tiriklik manbai bo‘lgan suvga munosabat o‘zgarishiga zamin yaratadi.
Shunday ekan, biz aholi o‘rtasida doimiy ravishda suv tejash va uni iqtisod qilish bo‘yicha doimiy tushuntirish ishlarini olib borishimiz zarur.
4 - TTJ tarbiyachi-pedagogi Javlonbek Qutlimurotov axboroti,
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov.