Tabriklaymiz: X.Komilova - “Eng yaxshi innovatsion loyiha” Respublika tanlovi g‘olibasi
Mamlakatimiz xotin-qizlarining innovatsion g‘oyalari, loyiha va ishlanmalarini joriy etishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, fan-ta’lim va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida mehnat qilayotgan xotin-qizlarning amalga oshirayotgan loyihalari samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va O‘zbekiston ixtirochi ayollari markazi tashabbusi bilan “O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi” Respublika tanlovi o‘tkazildi.
«O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi» Respublika tanlovida olima ayollar, o‘qituvchi, ixtirochi, injener, konstruktor, dasturchi, shifokor, farmasevt, mutaxassis, tadbirkor va hunarmand xotin-qizlar hamda iqtidorli talaba va o‘quvchi qizlar o‘z ixtirolari, innovatsion g‘oya va loyihalari bilan ishtirok etishdi. Tanlov 3 bosqichda tashkil qilindi. Tanlovga 4000 dan ortiq arizalar kelib tushgan. Tanlovning yakuniy bosqichida tuman va shahar (viloyat) bosqichlaridan muvafaqqiyatli o‘tgan 300 dan ziyod ishtirochilarning hujjatlari va innovatsion loyihalari Respublika Ekspertlar Kengashi tomonidan ko‘rib chiqildi hamda ularning taqdimotlari eshitilib, keng muhokama qilindi. Loyihalar ichidan 100 ta eng munosib loyihalar va ularning mualliflari-tanlov g‘olibi sifatida tanlab olindi.
2020 yil 28 fevralda Toshkent shahridagi Inha universitetida O‘zbekiston Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va O‘zbekiston ixtirochi ayollari markazi tomonidan tashkil etilgan «O‘zbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyihasi» III respublika tanlovi g‘olibalarini taqdirlash tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ushbu tanlov tashkil etilgandan buyon TIQXMMI xotin-qizlari orasida birinchi bor “Oliy matematika” kafedrasi katta o‘qituvchisi Xolidaxon Komilova taqdirlandi. X.Komilova “Suyuqlik transportirovka qiluvchi kompozitsion quvurlarning tebranish jarayonini matematik modellashtirish” mavzusidagi loyihasi bilan «Eng yaxshi EHM uchun yaratilgan dastur va ma’lumotlar bazasi” nominatsiyasida qatnashdi va 1-o‘rinni egalladi.
TIQXMMI matbuot xizmati