Talabalik ham sharaf

Ta’lim tizimida yangi kuch-quvvat, yangi g‘oya, yangi rejalar odatda, yangi o‘quv yili oldidan bo‘ladi. Muhimi, o‘zining bilimi va intellektual qobiliyati bilan ajralib turgan talabalik safiga qabul qilingan talabalarning sevinchi bu borada cheksiz. Ta’limning yuqori bosqichiga qadam qo‘yib ilm sirlarini egallashga intilayotgan yoshlarning g‘ayrati va talabchanlik salohiyati pedagoglarni ham shodlantirishi aniq. Ana shunday ko‘tarinki kayfiyat 5 sentyabr kuni institutimizning madaniyat saroyiga jam bo‘lgan barcha ishtirokchilarni chulg‘ab oldi.

Talabalik safiga qabul qilingan yoshlarni tabriklash institutdagi o‘quv-ta’lim jarayoni bilan tanishtirish yo‘sinida tashkil etilgan tadbir uzoq vaqt talabalarning yodida saqlanib qolishi tayin.

Institutimiz rektori O‘.Umurzakov shaffoflik asosida o‘zining haqiqiy  bilimlari asosida talabalikka qabul qilingan 1 - bosqich talabalarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 27 yillik bayrami va yangi o‘quv yili bilan qizg‘in qutladi.

Rektor o‘z nutqlarida mustaqillik siyosati bois erishayotgan yutuqlarimiz, o‘qish va o‘qitish jarayonida ta’lim sifatining ahamiyati borasida so‘z yuritib, jumladan quyidagilarni qayd etdilar.

27 yil tarix oldida qisqa muddat bo‘lsa-da, Ona yurtimiz tarixida ulkan voqealarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, keyingi ikki yil Respublikamiz hayotida keskin yangilanish, taraqqiyot va xalq manfaati yo‘lidagi zalvorli islohotlarga boy bo‘ldi. Ozodlik tushunchasining mohiyatini obodlik va shodlik bilan his etish mumkin. Shuning uchun ham “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlari elimiz shodligi va farovonligiga qaratilgani sir emas.

     Muhtaram Prezidentimiz yo‘lboshchiligidagi ushbu xayrli harakatlar va istiqbolli rejalar xalq roziligi bilan bog‘langani, buning zamirida esa mamlakatimizni yanada rivojlangan davlatlar safida ko‘rish istagi borligini hammamiz bilamiz. Barcha sohalardagi keskin o‘zgarishlar, qurilish va bunyodkorlik ishlarida olib borilayotgan oqilona va odilona siyosatning mohiyati borligini hech kim inkor eta olmaydi.

      Qalbi qaynoq, qo‘li qadoq, olijanob xalqimizda azaldan yaratuvchanlik ishtiyoqi, ulug‘ maqsadlar sari yuksak ishonch bilan dadil qadam tashlash zavqi bor. Shuning uchun ham Prezidentimizning qat’iy ishonch bilan "Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz" - degan da’vatlarida ham ulug‘ haqiqat bor.

Xalq xo‘jaligining barcha jabhalari kabi suv xo‘jaligi, irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash sohasiga ham alohida e’tibor bergan, Haq roziligini xalq roziligidan topishni niyat qilgan Prezidentimiz o‘tgan yili O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati  bilan tantanali tadbirda  xuddi shunday ruhdagi ibratli mulohazalarni ilgari surganlari bejiz emas.

Prezidentimiz kasbiy bayramimiz bilan tabriklay turib, “qalbimga eng yaqin insonlar, qadrdonlarimning eng ko‘pi  qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida ishlashadi”, - deya o‘z nutqini boshlaganlari hamon yodimizda.

Mehnati sharafli, noni totli bo‘lgan dehqonlarimizning shu paytgacha kasbiy bayrami bo‘lmaganini, ular xalqimizni boqadigan, kiyintiradigan, hayotning baquvvat ustuni, tiriklikning mustahkam tayanchi ekanini qayd etganlarida ham ana shu mehr va samimiyat borligini ilg‘ab olish qiyin emas.

Dehqonchilik ham ilm. Yerga urug‘ sochishdan tortib, uni parvarishlab, hosil undirib, yig‘ib-terib olishgacha bo‘lgan jarayon katta ilmiy nazar, tajriba va ko‘nikmani talab etadi. Albatta, bu jarayonni tabiiy iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda, tuproq tarkibini jiddiy o‘rganish orqali amalga oshirish maqsadga muvofiq.

Ilm shunchaki, fan uchun, ilmiy risola yoki monografiyalar uchun emas, balki u ishlab chiqarish bilan bevosita bog‘lanishi zarur. Ilm hayotga, ishlab chiqarish jarayoniga xizmat qilmas ekan, uning qiymati yo‘q. Ilmning kuchi uning amalga  ko‘chishida.

Bunday harakatlarimizning samarasini xorij davlatlarning ilg‘or tajribalaridan keng va maqsadli foydalanish, chet el investitsiyalarini kiritish orqali ta’minlash mumkinligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda va taqozo etmoqda. Bu deyarlik barcha soha uchun muhim, ayni paytda davlatlararo hamkorlik va do‘stlik rishtasini mustahkamlashga ham zamin hozirlaydi.

Shu yilning o‘zidayoq, institutimizda Yaponiya, Xitoy, Germaniya, Koreya, Rossiya, AQSh, Vengriya, Turkiya kabi xorijiy davlatlarning fan-ta’lim mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalar hamda imzolangan memorandumlar, Klaster markazining ishga tushirilishi shu yo‘sindagi fikrimizning isbotidir.

Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning yaqinda Bekobod tumanida viloyat fermerlari bilan uchrashuvda “Bizning kamchiligimiz – qishloq xo‘jaligida ilmni ishlatmaymiz. Dunyo bozorida raqobat shafqatsiz. Unga munosib bo‘lish uchun, avvalo, ilm kerak. Yaxshi nav, yaxshi qarov, innovatsion texnologiyalar kerak”, - degan fikrlari institutimizning talabasi bo‘lgan siz azizlarga ham bevosita daxldordir.

Qishloq xo‘jaligi va irrigatsiya sohasining taraqqiyotini ilm bilan bog‘lab o‘rgangan izlanuvchan, intellektual salohiyatli talabalar biz uchun umid va ishonch, qutlug‘ qadam va yorug‘ kelajakdir.

Prezident tashabbusi bilan qabul qilingan “Yoshlar - kelajagimiz” dasturining amaliy maqsadlari ham sizning istiqbolingizga tegishli. Bu – sizlar uchun ham mas’uliyat, ham majburiyat.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan qator qonun va qarorlari, xususan bizning institutimizga daxldor bo‘lgan joriy yilning 8 may kuni qabul qilingan  “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ – 3702- sonli qarorining ijrosi biz uchun dasturulamal bo‘lishi kerak. Unda suv xo‘jaligi, irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash sohasida kadrlar tayyorlash borasida bugungi kunda o‘z yechimini kutayotgan dolzarb muammolar aniq ifoda etilgan. Bu esa ta’lim sifatini yuqori bosqichga ko‘tarish va kadrlar masalasini jiddiy o‘ylash zarurati siz olayotgan ta’lim va o‘zlashtirayotgan bilim darajangizga bog‘liq.

So‘zim yakunida sizlarni talabalik safiga qabul qilinganingiz bilan yana bir bor tabriklay turib, yurt uchun fidoyi, g‘ayrat-shijoatli, o‘qish va o‘rganishda aslo tolmas, ilm sari intiluvchan yoshlar ekaningizga ishonch bildiraman.

Hadisshunos alloma Imom Buxoriyning ushbu mulohazalarini doim yodingizda tutasiz degan umiddaman. “Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas.”

Prezidentimizning “Ilm, izlanish bo‘lmagan joyda hech qanday, rivojlanish, yuksalish va umuman, biror bir sohaning kelajagi bo‘lmaydi”- degan qat’iy fikri va da’vatiga sadoqatli va munosib bo‘lish sizlarga yarashadi, aziz talabalar. Siz-u bizning g‘ururimizga bois bo‘ladigan yana bir jihat shundaki, davlatimiz rahbari aynan siz talabasi bo‘lgan shu institutda o‘qib, faoliyat ko‘rsatganlaridir. Shunday ekan, ularga munosib va g‘oyalariga sadoqatli bo‘lish fuqarolik burchimiz, yurt taqdiriga daxldorligimizdir.

Ushbu o‘gitlardan to‘g‘ri xulosa chiqargan har bir mutaxassis ta’lim va tajribani, malaka va ko‘nikmani, nazariya va amaliyotni uyg‘un olib borishgina muvaffaqiyatlar garovi va taraqqiyotning muhim omili, mustahkam poydevori bo‘lishini idrok etmasdan qolmaydi.

Shundan so‘ng talabalikka musharraf bo‘lgan talaba tomonidan talabalik qasamyodi o‘qib eshittirildi. Yoshlarni tabriklash uchun tarix fanlari doktori, professor Shohista O‘ljaevaga so‘z berildi. Ular talabalarni va institut ahlini bayram bilan tabriklab yosh avlodga omad ta’lim jarayonida muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tiladilar.

Institutimiznig faxriy mehmoni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonunchilik palatasi deputati Akmal Rahmonov so‘zga chiqib mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar yoshlar uchun berilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z ochib talabalarni samimiy tabrikladi. So‘ngra tadbirning badiiy qismida institut talabalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi.

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov