“E-UNIVERSITET” - OTM FАOLIYATINI BOSHQАRISHNI АVTOMАTLАShTIRISHDА YANGI QАDАM

Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʼrinbosari А.А.Аbduhakimov raisligida 2019 yil 21 sentyabrь kuni Toshkent davlat pedagogika universitetida oʼtkazilgan videoselektor yigʼilishida mazkur universitetda joriy etilgan taʼlim, ilmiy va maʼmuriy faoliyat jarayonlarini boshqarishni avtomatlashtirishga qaratilgan «E-univesitet» axborot tizimi va «E-minbar» dasturiy platformasi taqdimoti boʼlib oʼtdi.

 

Taqdimot davomida Toshkent davlat pedagogika universitetida taʼlim jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish boʼyicha amalga oshirilgan ishlarga asosiy eʼtibor qaratildi.

Jumladan:

- universitetning taʼlim, ilmiy va maʼmuriy faoliyati jarayonlarini boshqarishni avtomatlashtirishga qaratilgan “E-universitet”” axborot tizimining 15 ta komponentdan iborat tarkibiy tuzilmasi ishlab chiqildi. Bugungi kunda “E-universitet” axborot tizimining boshlangʼich 8 ta komponenti dasturiy platforma koʼrinishida taʼlim jarayoniga joriy qilindi; 
- talabalar va professor-oʼqituvchilarni identifikatsiya qilish tizimi (FingerPrint texnologiyasi asosida) orqali kirish-chiqishini nazorat qilish elektron tizimi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida tatbiq etilgan axborot tizimlari (E-minbar) tajribasini oʼrganish asosida joriy etildi;
- Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida tatbiq etilgan axborot tizimlaridan Ye-minbar tajribasini oʼrganish hamda universitetda ayni vaqtga qadar joriy qilinayotgan axborot tizimlarini oʼzaro integratsiya qilish natijasida Smart-auditoriya faoliyati yoʼlga qoʼyildi.

Smart-auditoriya oʼzida FingerPrint, Smart-minbar, mulьtimediya proektori kabi zamonaviy axborot texnologiyalarini jamlagan tizim. 

FingerPrint texnologiyasi talaba va professor-oʼqituvchilarning barmoq izlarini skanerlash asosida davomatni avtomatik tarzda aniqlaydi hamda markaziy serverda qayd etib boradi. Ushbu elektron qaydlar yordamida guruh va fakulьtet kesimida joriy sanada mashgʼulotlarda qatnashmayotgan talabalar, semestr davomida koʼp dars qoldirgan talabalar toʼgʼrisidagi hisobotlar avtomatik tarzda shakllanadi.

Ushbu texnologiya oʼqituvchining dars boshlanishida anʼanaviy yoʼqlama (davomat aniqlash) uchun sarflaydigan vaqtini tejash bilan birga fakulьtet va kafedralardagi masʼul xodimlarning ish samaradorligini va shaffofligini oshiradi. Shuningdek, professor-oʼqituvchilar va talabalarni taʼlim jarayoniga, mashgʼulotlarni tashkil etishga alohida masʼuliyat bilan qarashga undaydi.

E-minbar dars materiallarini mavzu bayonidan chalgʼimasdan tushuntirishda yangi texnologiya boʼlib, oʼqituvchi uchun kerakli boʼlgan turli maʼlumot va uskunalar bilan jihozlangan. Ovoz kuchaytirish moslamasi oʼqituvchi va namoyish qilinayotgan mulьtimediya materiallari ovozini oʼquvchilarga yaxshi yetib borishini taʼminlaydi.

Darsni bir vaqtda vebinar koʼrinishida olib borishga moʼljallangan konferents-aloqa platformasi darsda qatnashmayotgan talabalarga mashgʼulotni onlayn tarzda kuzatish va oʼzlashtirish imkonini beradi.

Dars vaqtida koʼp zarurat tugʼiladigan, masalan proektor ekranini boshqarish, yoritish chiroqlarini oʼchirish va yoqish, xonadagi pardalarni tushirish va koʼtarish kabi amallarni oʼqituvchi oʼz joyidan turib touchscreen yordamida amalga oshiradi.

E-minbar dasturiy platformasi professor-oʼqituvchiga oʼzining virtual kabinetidagi ishini tashkil qilish, joriy sana uchun dars jadvali, taqvim-mavzuli (kalendarь-tematik) reja, bugungi mavzu va darsga oid boshqa maʼlumotlar bilan tanishish, mashgʼulot davomida talabalarga mavzu doirasida yanada koʼproq maʼlumot berishda qulay vosita hisoblanadi.

Univeristetda Belarusь davlat pedagogika universiteti bilan qoʼshma taʼlim dasturi asosida tashkil etilgan “Innovatsion pedagogika” fakulьtetida maʼruzalar oʼzaro tasdiqlangan jadval asosida onlayn (vebinar) shaklda tashkil qilinmoqda. Maʼruzalarga Belarusь davlat pedagogika universitetining yetuk professor-oʼqituvchilari jalb qilingan. Onlayn vebinar mashgʼulotlar conf.uzcloud.uz maxsus platformasida olib borilmoqda. Ushbu platforma video, ovoz hamda oʼqituvchining kompьyuteridagi taqdimotini bir vaqtda translyatsiya qilish, shuningdek vebinarni toʼliq yozib olish imkonini beradi.

Universitetda АKT infrastrukturasini rivojlantirish boʼyicha qator ishlar amalga oshirildi, jumladan, mavjud kompьyuterlar soni 1272 tani tashkil qiladi va ulardan oʼquv, boshqaruv jarayonlarida samarali foydalaniladi. Universitet axborot resurs markazida 87 ta, talabalar turar joyida 46 ta kompьyuterlar talabalar ixtiyorida. Universitet axborot tizimlarini yuritish uchun jami 9 ta server xizmat koʼrsatadi.

Qoʼyilgan topshiriq ijrosini taʼminlash yuzasidan shu kunga qadar 115 dona 50” va undan katta oʼlchamli zamonaviy televizorlar, 9 dona interaktiv doska xarid qilinib, ulardan oʼquv jarayonida mulьtimediya maʼlumotlarini namoyish etish uchun foydalanib kelinmoqda.

Internet tezligi hozirgi vaqtda 160 Mb/s ni tashkil qiladi. Barcha talabalar turar joylari yagona lokal va internet tarmogʼiga ulangan. Talabalar kontingentining ortishi, hamda taqdim etilayotgan onlayn materiallar qamrovining kengayganligi munosabati bilan internet tezligini 200 Mb/s gacha oshirish choralari koʼrilmoqda.

Tarix va fizika-matematika fakulьtetlari oʼquv binolarini optik aloqa liniyasi orqali yagona lokal va internet tarmogʼiga ulash, shuningdek mavjud lokal tarmoq qurish uchun “GELIOS LINE TECNOLOGY” xususiy korxonasi bilan 70 294 800 soʼmlik shartnoma tuzildi. Аyni vaqtda montaj ishlari yakuniga yetkazilib, yuqoridagi oʼquv binolaridagi 135 ta foydalanuvchi lokal va internet tarmogʼiga ulanish imkoniyatiga ega boʼldi.

Oʼquv binolari va talabalar turar joylarida yagona Wi-Fi tarmogʼini tashkil qilish uchun qoʼshimcha 50 dona sanoat Wi-Fi qurilmalari harid qilindi va oʼrnatildi. Ushbu qurilmalarning har biri 300 ta foydalanuvchini internet tarmogʼiga ulash imkonini beradi.

Oʼquv auditoriyalaridagi tartib-intizom hamda professor-oʼqituvchilar oʼtayotgan mashgʼulotlarni bevosita kuzatish va tahlil qilish maqsadida 1-3 oʼquv binolaridagi oʼquv auditoriyalariga jami 270 ta ovozli kuzatuv kameralari oʼrnatilgan. Taʼlim sifatini nazorat qilish boʼlimi tomonidan yuqoridagi tizimdan foydalangan holda mashgʼulotlardagi davomat, professor-oʼqituvchi va talabalarning darsdagi faolligi tizimli ravishda oʼrganib, tahlil qilib borilmoqda. 

Universitetda videodars.tdpu.uz – maʼruza mashgʼulotlarini video-katalogi yaratilgan. Ushbu katalogga 46 ta videodars joylashtirilgan. 
2019-20 oʼquv yilining birinchi yarim yili yakuniga qadar 200 ta videodarsni tasvirga olish va tizimga joylashtirish rejalashtirilgan.

Yigʼilish yakunida yuqoridagi aytib oʼtilgan axborot tizimlarini respublika oliy taʼlim muassasalarida joriy etilishi boʼyicha koʼrsatmalar berildi.

 

Manba: edu.uz