Taraqqiyot mexanizmi va til taktikasi

             Bugungi kunda ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, hatto, xalqaro maydondagi munosabatlarning ham kaliti til taktikasi bilan bog‘liq ekani oynadek ravshan. Nega biz chuqur bilimga, teran tafakkurga egamiz-u, lekin fikrimizni sodda, ravon va ta’sirchan ifoda etishdan yiroqmiz?  Bo‘yi barobar kitoblar yozgan ayrim olimlar ham minbarga chiqib, mikrofonni ushlab jamoaga yuzlangani hamonoq, o‘zini yo‘qotib qo‘yadi. Buning boisi nima? Bir so‘z bilan aytib bo‘lmaydi buni.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining professor-o‘qituvchilari bilan o‘tkazilgan ochiq ma’ruza va ijodiy muloqotda xuddi shu muammolarga e’tibor qaratildi.

Institut “Axborot xavfsizligini ta’minlash” bo‘limining boshlig‘i, filologiya fanlari nomzodi Rahimboy Jumaniyozov tomonidan “Til taktikasi – taraqqiyot strategiyasining ta’sirchan mexanizmi” mavzuida o‘tkazilgan ijodiy uchrashuvda quyidagi fikrlar o‘rtaga tashlandi.

Nutqiy mahoratga ega bo‘lish nimalarni talab etadi?  Tinimsiz mashq, mashaqqatli jarayon degani bu. “Mashqda qancha ko‘p ter to‘ksang, jangda shu qadar kam qon to‘kasan,” - deganida rus harbiy sarkardasi Suvorov yuz bora haq. Biz hozirgacha uning cho‘qqisiga chiqishga intilamiz, lekin uddasidan chiqa olmaymiz. Notiqlik san’atini o‘rgatib turib o‘rganishda davom etamiz. Qoyani ko‘rib turibmiz, unga intilish uchun maqsad va g‘oya ham aniq, lekin voyaga yetmaganmiz nazarimda. Bir karra ta’lim berish, aslida, ikki karra ta’lim olish deganidir.

Mavzuni ta’sirchan ifoda etishda qo‘llaniladigan turli metodlar ustida ishlash har bir pedagogning burchi. Bugungi  kunda, globallashuv zamonida pedagoglarimizga yuklanayotgan mas’uliyat hissi va majburiyat burchi ham shu.

Tadbir davomida pedagoglar nutq malakalarini shakllantirish va nutqiy ko‘nikmani hosil qilish uchun o‘z ustlarida ishlash zarur ekanliklarini yana bir bor his etishdi. Chunki, busiz taraqqiyotga ham, ma’naviyatga ham erishib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham ma’naviyat va mafkuraning, ta’lim va tarbiyaning muhim quroli va mayog‘i bo‘lgan til taktikasi muhim ekanligini unutmaslik kerak. Yaqinda institut talabalari bilan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijasida ham xuddi shu shu boradagi kamchiliklarimiz e’tirof etilgan. O‘z mashg‘ulotlarini qiziqarli tarzda, auditoriya diqqatini jalb etmasdan o‘tish tuzsiz taom yedirish demakdir. Taomning ta’mi tuz bilan, odamning tab’i so‘z bilan, suvning ta’mi muz bilan ekanligi doimo yodda turishi shart. Pedagoglar harakati talabalarning fandan bezib ketishiga sababchi bo‘lmasligi zarur. Tinimsiz izlanish va mashqiy jarayongina o‘zining ijobiy ma’nodagi natijalarini berishi aniq. Ijtimoiy vosita quroli bo‘lgan tildan foydalana olish imkoniyatlarining kengayishi ko‘proq kitob mutolaasi bilan bog‘liq ekani ayon. Ta’bir joiz bo‘lsa, aytish mumkinki, kitob bilim, fikr va nutqning onasi va oynasidir.

Shu bois Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev “Ma’naviyat – eng ta’sirchan va qudratli qurolimizdir,” - deganlarida shubhasizki, uning ro‘yobini ta’min etuvchi til taktikasini ham nazarda tutganlari sir emas.

Bir soat davom etgan ushbu muloqot nazariy bilim, badihago‘ylik va yumor bilan sug‘orilgan ruhda o‘tdi.

“Gumanitar fanlar” kafedrasining o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov axboroti

Institut matbuot kotibi: Rahimboy Jumaniyozov.