To‘y hasham o‘zni namoyish etishmi?
2018 yil 17 mart kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 4-sonli talabalar turar joyida “Pedagogika, psixologiya va o‘qitish metodikasi”, “Fizika va kimyo” kafedralari o‘qituvchi xodimlaridan dotsentlar Toychibay Bayturayev, Lobar Nigmatova, katta o‘qituvchi Zaxro Mirxodjayeva, dotsent Abduxakim Axmedov hamda tarbiyachi pedagog Javlonbek Qutlimurotovlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni tartibga solish to‘g‘risida»gi murojaatnomasi bo‘yicha davra suhbati o‘tkazishdi.
To‘y inson umrining eng esda qoladigan fasli, bebaho onlaridir. Ota – ona bir umr o‘zi yemay – ichmay farzandi uchun yig‘inadi. Necha yillab orzu qilganlari ro‘yobi farzandining baxtli onlarini ko‘rganida yuzaga chiqadi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Orzu – havaslarning bo‘lgani yaxshi, ammo ana shu orzu-havaslarni ro‘yobga chiqarishga biroz qiynalib, diqqat bo‘lib qolayotgan oilalar ham yo‘q emas.
Hashamatli to‘y qilish qonunan ta’qiqlanadi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 29 iyunda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumaniga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayoni topshiriqlari ijrosini ta’minlash, shuningdek, Toshkent shahar hokimining 2012 yil 10 martdagi 732-sonli hamda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2012 yil 18 aprelidagi 137/4-18-sonli «To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni tartibga solish to‘g‘risida»gi qarorlarining ijrosi samaradorligini oshirish, shahar aholisi orasida ularning targ‘ibotini kuchaytirish maqsadida «Jamoatchilik Kengashi» tomonidan tavsiya etilayotgan takliflar asosida poytaxtning barcha mahallalarida ushbu tartibni targ‘ib etish tavsiya etiladi:
1. Nikoh to‘yi o‘tkazilayotganidan mahalla xabardorligini ta’minlash maqsadida FHDYo idoralari tomonidan nikohlanuvchi yoshlarning ariza topshirayotgan vaqtida ularning yashash joylaridagi mahallalardan ma’lumotnoma olinishi;
2. To‘yxona, restoran va kafelarda o‘tkaziladigan tadbir ish kunlari soat 7:00dan 9:00gacha, 12:00dan 14:00gacha va 18:00dan 23:00gacha o‘tkazilishi;
3. Tadbirlarda taklif etilganlar sonining cheklanishi (200-300 kishidan oshirmaslik);
4. Tadbirda diniy mavzuda ma’ruza ko‘zda tutilgan bo‘lsa, faqat din sohasi vakili tomonidan ma’ruza qilinishi;
5. Inson tug‘ilishi bilan bog‘liq barcha tadbirlarni faqat yaqin qarindoshlar davrasida o‘tkazilishi;
6. Tug‘ruqxonadan olib chiqish tadbirini barcha sanitar normalarga rioya qilgan holda, ortiqcha dabdabalarsiz tashkil etilishi;
7. Beshik to‘yi, o‘g‘il to‘y, aqiqa kabi marosimlarning 20-30 nafardan iborat yaqin qarindoshlar o‘rtasida ortiqcha sarf-xarajat va tog‘oralarsiz o‘tkazilishi;
8. Nikoh to‘yi bilan bog‘liq marosimlar qisqartirilishi. Shu o‘rinda oqo‘rar va fotiha marosimlarini birlashtirish, ortiqcha xarajat talab qiluvchi barcha holatlarga qat’iy chek qo‘yish tavsiya qilinadi.
9. Ramazon va Qurbon hayitlarida kelin tomonidan yuboriladigan yo‘qlovlarga chek qo‘yish. Kelin va kuyovning ota-onasi, yaqinlari, ayniqsa keksalarni borib ko‘rish va tarixiy obidalarni ziyorat qilish yoki turli ko‘ngilochar maskanlariga borishlarini tashkil qilish.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tanqididan keyin to‘ylar boshqacha o‘tadigan bo‘ldi. To‘ylarda endi vals tushish, tort kesish, gul otishu pul sochish taqiqlandi.
Cheklovlar jumlasiga yana quyidagilar kiritilgan:
– yengil mashinalar sonini cheklash (faqat kelin-kuyovga);
– audio soz-ovozlarni pasaytirish;
– milliy qo‘shiqlarni ko‘paytirish;
– Love Story’ni yo‘q qilish;
– kelin salomni nikoh to‘yi vaqtida to‘yxonaning o‘zida o‘tkazish va turli sovg‘alar berishni yo‘q qilish.
Yangi tartibga muvofiq, qovurdoq, challar va quda chaqirish marosimlari bekor qilingan.
Muchal to‘yi va aqiqa marosimini o‘tkazmaslik so‘ralgan.
Bundan tashqari, marhumlarni xotirlab o‘tkaziladigan marosimlarga to‘xtalib, janoza o‘qilgach, 3 kungacha dasturxon bezatilmagan holda fotihagarchilikni tashkil qilish tavsiya etiladi.
4–TTJ tarbiyachi-pedagogi Javlonbek Qutlimurotov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov