Uch avlod bongi
O‘zbek xalqining boy musiqiy merosi haqida so‘z ketganda, bu bebaho boylikning bizgacha yetib kelishida jonbozlik ko‘rsatgan ustoz san’atkorlarning ijodiy faoliyatiga to‘xtalmasdan iloj yo‘q. Biz bu o‘rinda Rajabiylar sulolasining yirik namoyandasi, atoqli bastakor, xonanda va sozanda, O‘zbekiston xalq artisti, akademik Yunus Rajabiy (1897–1976) nomini tilga olib o‘tish joiz.
TIQXMMIda “Ibratli, iqtidorli, ijodkor, iste’dodli insonlar” ruknida o‘tkazilgan tadbirda rajabiylar sulolasining uch avlodi borasida so‘z ketdi. Ana shu shajaraning vakillari ishtirok etishdi. O‘zbekiston xalq hofizi Hasan Rajabiy va o‘g‘illari Javlon Rajabiy, Aziz Rajabiy va nevaralari Yunus Rajabiylar bilan birgalikda tashrif buyurishdi. Otasi va o‘zlari ijrosidagi ashulalarni ijro etishdan oldin Hasan aka shular xususida so‘zladilar.
Poytaxtimizning Chaqar mahallasida san’atsevar bog‘bon Rajab ota oilasida aka-uka Rizqi va Yunus Rajabiylar dunyoga keldi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, mohir sozanda Rizqi Rajabiy (1887–1977) tanbur cholg‘usi bo‘yicha shuhrat qozonadi. Bugun Rizqi ota noxuni ostida sadolangan “Miskin”, “Nasrulloyi”, “Munojot”, “Abdurahmonbegi”, “Samoi dugoh”, “Gulyor-Shahnoz”, “Garduni” va “Ufori segoh”, “Tanovor”, “Girya”, “Suvora” kabi magnit tasmalariga muhrlangan ko‘plab maqom va mumtoz kuy yo‘llari milliy musiqa xazinamizdan mustahkam o‘rin olgan. Shuningdek, Rizqi Rajabiy oilasida bo‘lajak maqomshunos olim va sozanda (tanbur va dutor cholg‘ulari ijrochisi), san’atshunoslik fanlari doktori Is’hoq Rajabov (1927–1982) voyaga yetdi. Mumtoz maqomlarga doir salmoqli tadqiqotlari bilan “Shashmaqom”ga oid murakkab ilmiy-nazariy, tarixiy va amaliy masalalarni hal etib bergan Is’hoq Rajabov Yunus Rajabiyning eng yaqin maslakdoshlaridan biri edi.
Yangi avlod maqomchilariga ustozlik qilib yurgan kezlari shogirdlariga qarata aytgan, “Ko‘proq diqqat bilan tingla, shunda kuy dilingga ko‘chadi”, – degan ta’kidi Yunus Rajabiyning o‘ziga xos shioriga aylangan edi. Dastlab dutor chertish mashqini akasi Rizqi Rajabiyga qiziqib boshlagan Yunus tez orada ilk ko‘nikmalarni hosil qiladi. Mashhur naychi-sozanda Abduqodir Ismoilovning betakror nolalaridan ilhomlangach, nay chalishni mustaqil ravishda o‘rganishga kirishadi. Turkiston xalq konservatoriyasida o‘qib yurgan kezlari (1919–1923) bu cholg‘ulardagi ijrochilik malakalarini oshiradi, keyinchalik dutor ijrochiligini Hoji Abdulaziz Rasulov ko‘magida takomiliga yetkazadi.
Ayni paytda ashulachilik san’atiga ixlosi baland Yunus Rajabiy el ardog‘idagi ustoz hofizlardan saboq oladi, jumladan, andijonlik Mirza Qosim hofizdan Farg‘ona-Toshkent maqom yo‘llarining ayrim qismlarini o‘rganadi. 1910 yillarga kelib, bu maqomlarning barcha ashula yo‘llarini Mulla To‘ychi Toshmuhammedov, Shorahim Shoumarov, Inog‘omjon hofiz va Ilhom hofizlar ustozligida mukammal ijro etishga erishadi.
Shirali ovoz sohibi Yunus Rajabiy tez orada el nazariga tushib, haqli ravishda obro‘-e’tibor qozonadi. Inchunin, huzurli dard va betakror ovoz tarovati bilan yo‘g‘rilgan noyob hofizlik iste’dodi “Ushshoq”, “Ko‘cha bog‘i I-II”, “Girya”, “Gulyor-Shahnoz”, “Bayot I-II”, “Talqini bayot”, “Dugoh-Husayn”, “Chorgoh I”, “Qalandar I”, “Adoiy I-II”, “Koshki” singari mumtoz ashula yo‘llarida yorqin ifodasini topadi.
Maqomlarni mukammal o‘rganish yo‘lidagi tinimsiz izlanishlar Yunus Rajabiyni “Shashmaqom” markazi – Buxoroga yetaklaydi. “Men bu yerda Ota Jalol, Ota G‘iyos, Usta Shodi, Qori Kamol, Abdusamad Begijon, Qori Najm, Domla Halim Ibodov kabi o‘zbek va tojik xalqlari orasida dong chiqargan mohir maqom ijrochilari bilan uchrashdim. Ulardan maqomlarning tarixiy masalalari va ijro etish asoslarini o‘rgandim. Oldin bilganlarimni mukammallashtirdim, ular bilan birga maqom yo‘llarining ayrimlarini ijro etdim” , – deb xotirlaydi san’atkor.
Millat qayg‘usi bilan yongan Yunus Rajabiy mumtoz “Shashmaqom”ni saqlab qolish va undan kelgusi avlodni bahramand etish yo‘lida yana bir bor jasorat namunasini ko‘rsatdi, B.Zikriev, M.Tolmasov, D.Ibodov, M.Toshpo‘latov, Yo.Dovidov, M.Mullaqandov kabi ustozlar ijrosiga tayanib, oqilona yo‘l tutdi. Bu jarayonda uning ilmiy-ijodiy salohiyati ham yorqin namoyon bo‘ldi. Jumladan, maqom turkumlarida yetishmayotgan cholg‘u va aytimlar o‘rnini shu uslub doirasida yaratgan ijod namunalari bilan to‘ldirdi, forsiy g‘azallar bilan “o‘qilgan” aytim yo‘llariga turkiyda bitilgan mumtoz she’riyat namunalarini ham mazmun, ham aruz bahrlariga ko‘ra to‘g‘ri tanlab bog‘ladi hamda nozik did bilan zargarona ishlovlar berdi. Bu salmoqli ishning yakuni sifatida “Shashmaqom” majmuasi 1959 yili “O‘zbek xalq musiqasi” nota yozuvlari turkumining beshinchi jildida “Buxoro maqomlari” nomi bilan nashr yuzini ko‘rdi. Jumladan, 1963 yili Is’hoq Rajabovning “Maqomlar masalasiga doir” salmoqli monografik tadqiqoti e’lon qilindi va shu asosda keyinchalik maqomshunoslik fan tarmog‘i shakllandi, 1970 yillarga kelib o‘zbek san’atkorlari – Mirsodiq Tojiev va Mirxalil Mahmudovlarning kompozitorlik ijodiyotida maqom qonuniyatlari bilan uyg‘unlashgan simfoniyalar yuzaga keldi va dovrug‘i jahonga yoyildi, 1972 yili Toshkent davlat konservatoriyasida “Sharq musiqasi” kafedrasi ochilib, unda maqomlarni amaliy va nazariy o‘rganish ishlari yo‘lga qo‘yildi, 1983 yildan esa har to‘rt yilda bir marotaba Yosh maqom ijrochilarining Respublika (hozirda Yunus Rajabiy nomidagi) tanlovi o‘tkazila boshlandi. San’atkorning nainki musiqa, balki milliy madaniyatimizni rivojlantirishga qo‘shgan beqiyos hissasi munosib bahosini topgan edi. Jumladan, u 1953 yil “O‘zbekiston xalq artisti” unvoniga sazovor bo‘ladi, 1966 yilda esa O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi etib saylanadi.
Istiqlol yillari ustoz san’atkor Yunus Rajabiy ijodi alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Aziz Rajabiy "Mening yurtim" telekanalining "41-hunar" nomli ko‘rsatuvida ishtirok etdi. U ko‘rsatuv davomida o‘zining sartaroshlik qilishga qobiliyati borligini ma’lum qilib, bir safar mijozlardan birining sochini portugaliyalik futbolchi Ronalduniki kabi turmaklashiga to‘g‘ri kelganini aytdi.
Yunus Rajabiyning nevarasi bo‘lmish Aziz Rajabiy yana bir mashhur futbolchi Devid Bekhemning soch turmaklatish bo‘yicha qiziqishlariga to‘xtalib o‘tgan. "Devid Bekhem ham o‘z muxlislari uchun turli xil soch turmaklash uslublari orqali o‘rnak bo‘lgan", deydi u.
O‘zining tan olishicha, Aziz tanbur chalishni o‘rganishdan oldinroq, qaychi bilan soch kesishni boshlagan ekan. Uning doimiy mijozlari otasi, O‘zbekiston xalq hofizi Hasan Rajabiy hamda amakisi, O‘zbekiston xalq artisti Obid Yunusov hisoblanishgan.
Tadbir savol va javoblar ruhida, ko‘tarinki tarzda o‘tdi. Ota - bola Hasan Rajabiy va Aziz Rajabiy ijrolaridagi qo‘shiqlar ishtirokchilarida iliq taassurot qoldirdi.
“Gumanitar fanlar” kafedrasining o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov