Vaqtning qadr-qiymati
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 4-sonli talabalar turar joyida “Gidromelioratsiya fakulteti”, “Tuproqshunoslik va dehqonchilik” kafedrasi mudiri Obid Xakberdiev, Salim Buriev, Tozovoy Turaev, Shukrullo Ziyadov, Vafoboy Sherimbetov, Rinat Kusaliev, tarbiyachi-pedagog Javlonbek Qutlimurotovlar “Vaqt qadri” mavzusida davra suhbati o‘tkazishdi.
Ko‘pchilikning vaqtga beparvo bo‘lishiga asosiy sabab ularning hayotda maqsadi yo‘qligidir. Vaqtning isrofiga sabab bo‘layotgan yana bir omil vaqtning qiymatini bilmaslikdir. Bunga hozir internetda ko‘p tarqalgan bir go‘zal o‘xshatishni misol qilib keltirish mumkin: bir kecha-kunduzda 86400 soniya bor. Faraz qilaylik, kimdir bizga 86400 dollar berib, «Mana shu pulni ertaga shu paytgacha ishlatib tugatishing kerak. Ishlata olmasang, kuyib ketadi, lekin biron narsaga yetmay qolsa, qo‘shib berilmaydi», dedi. Eng dangasa odam ham bu pulni qo‘liga olgan zahoti to uni tugatgunicha ko‘ziga uyqu kelmaydi, chunki bu g‘animat ne’matdan iloji boricha ko‘proq, o‘rinliroq foydalanib qolishga shoshadi.
Holbuki, bizga berilgan 86400 soniya bu pullardan bir necha yuzlab baravar qiymatliroqdir. Ammo afsuski, biz bu ne’matni zoe qilmaslikka bu qadar kuyunchalik qilmaymiz. Vaqtimizni isrof qilayotganimizga yana bir sabab - irodasizlik, ahdida tura olmaslik, subutsizlikdir. Tan olaylik, ertadan boshlab falon ishni qilishni boshlayman, dushanbadan boshlab falon ish bilan shug‘ullanishni boshlayman deganimizga necha yillar o‘tib ketadi.
Vaqt ketdi - baxt ketdi,
Toji sari taxt ketdi.
Vaqt — omad.
Vaqtimizni qadrlaylik, azizlar!
4 –TTJ tarbiyachi pedagogi Javlonbek Qutlimurotov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov