Professor Karimov Baxtiyor Quramboevich “Xalqaro ekologiya va hayotiy faoliyat xavfsizligi Akademiyasi” xaqiqiy a’zosi (akademigi) etib saylandi

BMT Qoshidagi “Jamiyat ma’lumotlari departamenti” bilan assotsiatsiyalashgan “Xalqaro ekologiya va hayotiy faoliyat xavfsizligi Akademiyasi” (Mejdunarodnaya akademiya nauk ekologii i bezopasnosti jiznedeyatelnosti, assotsiirovannaya s Departamentom Obщestvennoy Informatsii OON (MANEB DOI OON) Ustaviga asosan “Ekologiya va suv resurslarini boshqarish” kafedrasi professori, b.f.d. Karimov Baxtiyor Quramboevich ushbu dunyo miqyosida tan olingan xalqaro tashkilotning xaqiqiy A’zosi (Akademigi) etib saylandi (№.05593 sonli 22.02.2018 da berilgan Diplom).

Baxtiyor Karimov 1960 yilda tug‘ilgan, ekologiya, biologiya va tashqi muhit muxofazasi soxasida xalqaro miqyosda tanilgan va tan olingan olimdir. Ingliz, nemis va rus tillarini mufassal biladi. Fan doktori dissertatsiyasini 1995 yilda Toshkent Davlat universiteti huzuridagi maxsus ilmiy kengashda «Ekologo-toksikologicheskie problemы sostoyaniya i rыboxozyaystvennogo ispolzovaniya gidroekosistem basseyna Aralskogo morya» mavzusida 03.00.16 - «ekologiya» ixtisosligi bo‘yicha himoya qilgan. 1992 yil 3 aprelda ekologiya ixtisosligi bo‘yicha katta ilmiy xodim ilmiy unvoni berilgan.

1987-1991 yillarda B. Karimov O‘rta Osiyo irrigatsiya ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida katta ilmiy xodim; 1991-2009 yillarda O‘zR FA Suv muammolari institutida «Gidroekologiya» laboratoriyasi mudiri; 2009 yil aprel oyidan 2012 yilgacha O‘zR FA Zoologiya institutida «Intensiv aqvaqultura va baliqchilik muammolari» laboratoriyasi mudiri; 2012 yil mart oyidan 2015 yil yanvar oyigacha O‘zR FA o‘simlik va hayvonot olami genofondi institutida Gidrobiologiya va Ixtiologiya laboratoriyasi mudiri lavozimlarida ishlagan. 2015 yilning 2 yanvaridan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Gidromelioratsiya fakulteti “Ekologiya va suv resurslarini boshqarish” kafedrasi professori lavozimida samarali ishlab kelmoqda.

B. Karimov o‘z ilmiy faoliyatini 1982 yilda Leningrad shaxridagi aspiranturaga kirishdan boshlagan. Uning ilmiy izlanishlari yo‘nalishi Orol dengizi xavzasidagi suv ekosistemalari ekologik holati va biologik resurslarni muxofaza qilish xamda ulardan ekologik barqaror foydalanish muammolarini yechimiga qaratilgan. Uning ilmiy ishlari natijalari mamlakatimiz va yetakchi xorijiy davlatlar ilmiy jurnallarida va tuplamlarida nashr etilgan (165 dan ortiq, jumladan 4 ta monografiya). Nashr etilgan eng mashhur ilmiy ishlari qatorida, uning Dunyoning 5 ta qitasi yetakchi ekolog olimlari bilan o‘zaro hamkorlikdagi ilmiy-tadqiqotlar natijasida yaratilgan, AQSh ilm-fan rivojlanishiga xomiylik qilish Assotsiatsiyasining Sayens (AAAS Science) — jurnalida 2016 yilda bosmadan chiqqan maqolasini ta’kidlab o‘tish lozim. Ushbu ilmiy jurnal dunyodagi sanoqli eng obro‘si baland ilmiy nashrlar jumlasidan bo‘lib (Nature jurnali bilan mavqe’i bir) 2017 yildagi impakt-faktori 37 ga tengdir.

B. Karimov O‘zR Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi (QSXV) iltimosiga binoan FAO loyihasi doirasida ishlab chiqilgan «O‘zbekiston respublikasida aqvaqultura va baliqchilikni rivojlantirishning 2008-2016 yillarga mo‘ljallangan Konsepsiyasi»ning asosiy avtorlaridandir. Ushbu Konsepsiya QSXV QXIIChB Kollegiyasi hamda O‘zbekiston respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi «Agrar, suv xujaligi va ekologiya masalalari Qo‘mitasi» tomonidan 2008 yilda ma’qullangan va mamlakatimizda baliqchilik sohasi rivojiga katta hissa qo‘shdi. Shuningdek, u 2009-2010 yillarda PROON BMT «Insoniyat rivojlanishi xaqidagi maruza»ni tayyorlashda ham ekolog-ekspert sifatida qatnashgan.

B.K. Karimov ma’naviy-ma’rifiy va jamoatchilik tadbirlarida ham faol ishtirok etib keladi. U turli yillarda quyidagi jamoatchilik vazifalarida ishlagan:

2002-2014 yy.: O‘zR VM huzuridagi Fan va Texnologiyalarni rivojini muvofiqlashtirish Kengashi (2006 yildan Qo‘mitasi) a’zosi,

2011-2014 yy.: O‘zR Oliy Majlisi agrar va suv xo‘jaligi masalalari Qo‘mitasi jamoatchilik eksperti,

2012-2015 yy.: O‘zR QSXV Vazirligi tomonidan 2012 yildan beri FAO Markaziy Osiyo va Kavkaz Mintaqaviy baliqchilik va aqvakultura Qomissiyasi (CACFish) Texnik-konsultativ Qo‘mitasi milliy koordinatori,

2014-yildan xozirgacha: Xalqaro tabiat muhofazasi Jamiyati Turlarni asrash Komissiyasi (IUCN SSC) va Xalqaro Vetland (WI) Tashkiloti tomonidan Markaziy Osiyo regioni chuchuk suv baliqlarini o‘rganuvchi mutaxassislar Guruhi (FFSG CA) Raisi etib tayinlangan.

2017 yildan boshlab Ukrainaning Kiev shaxrida nashr etilayotgan «Texnogen va ekologik xavfsizlik» xalqaro ilmiy jurnali ekspertidir.

B.Karimov ko‘pgina respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy anjumanlarda faol qatnashib keladi, bir qator xalqaro miqyosdagi konferensiyalar va seminarlar Ilmiy va Tashkiliy Qo‘mitalarining a’zosi va faxriy a’zosi etib saylangan, BMT FAOning Tailandda, Turkiyada, Ukrainada va Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan, baliqchilikka bagishlangan Sessiyalarida O‘zbekiston Respublikasining vakili sifatida ishtirok etgan.

U BMT koshidagi «Bioxilma-xillik va ekosistema xizmatlari bo‘yicha xalqaro ilmiy-siyosiy Platformasi (IPBES)ning Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlariga tegishli Maruzasini tayyorlash bo‘yicha tuzilgan avtorlar jamoasining a’zosidir. Xozirgi vaqtda u O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan tashkil etilgan “Qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirish, dehqonchilik va oziq-ovqat maxsulotlarini qayta ishlash  Konsepsiyasini tayyorlash Ekspertlari Guruxi” ning a’zosi etib tayinlangan.

B.Karimov rahbarligida yaratilgan intensiv baliqchilik sohasidagi ilmiy ishlanmalar 2009, 2010 va 2011 yillarda o‘tkazilgan innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar Respublika yarmarkalarida namoyish qilingan. Shuningdek, uning rahbarligi ostida 3 ta fan nomzodi va bir kancha magistrlik dissertatsiyalari tayyorlangan va muvaffaqiyatli himoya qilingan.

B.Karimov o‘zining; «doimiy mehnat, keng miqyosdagi hamkorlik – muhim ilmiy natijalar asosidir» degan shioriga amal qilgan holda Dunyoning barcha qitalaridagi ekolog olimlari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda.

Institutimiz jamoasi akademik B.Karimovga mustaxkam salomatlik va bundan keyingi ilmiy-pedagogik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qoladi.