Xayriya davom etadi
Yaxshilik hammaga xos va mos fazilatdir. U hech qachon yosh, joy tanlamaydi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Xotin-qizlar qo’mitasi raisi hamda institut faol talabalari ham bu borada juda faol. Chunki ular iyun oyini bolalarga quvonch ulashish bilan boshlashdi. Respublika onkologiya markazida ”Bolalarga bering dunyoni” shiori ostida o’tkazilgan tadbirdan, u yerdagi bolalarning quvonchidan ruhlangan institutimizning bir guruh iqtidorli talabalari 2018-yilning 5-iyun sanasida “Baxtli bolalik uchun” shiorini targ’ib qilgan holda Toshkent viloyatining Bo’ka tumanida joylashgan 15-sonli mehribonlik uyiga bolalarga quvonch ulashish maqsadida tashrif buyurdilar hamda u yerdagi 180 nafardan ziyod bolalarga xushkayfiyat bag’ishlab qaytdilar.
Mehribonlik uyiga kirib kelish bolajonlarning talabalarni iliq mehrlariga to’la kutib olishi bilan boshlandi. Tayyorlangan turli xildagi o’yinlar va musobaqalar hammani xotirasida muhrlandi. Tadbirni boshlanishini mehribonlik uyida istiqomat qiluvchi chempionlarni taqdirlash bilan boshlandi. Bolajonlarning ko’zlaridagi quvonch talabalarga katta g’ayrat bag’ishladi. Ilg’or talabalar bilan birgalikda Institutimizda tahsil olayotgan Xitoy Xalq Demokratik Respublikasi fuqarolari shuningdek, Buyuk Britaniyalik talabalar ham tadbirda ishtirok etdilar hamda o’zining chiqishlari bilan bolalarning qalbidan joy oldilar.
Kichkintoylar ham faqat tomosha bilan cheklanib qolmadilar. Ularning yod olgan she’rlari ham talabalarning, tadbir qatnashuvchilarining kayfiyatini ko’tardi. Tadbirning yakunida bolajonlar Institutimizning iqtidorli talabalari bilan birgalikda kun shiori tushirilgan qog’ozlarga turli xildagi ranglar bilan dastxat tayyorladilar.
Institut Yoshlar Kengashi media guruh rahbari Ulug’bek Manzirboyev axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov.