Yangi qaror mohiyati
2018 - yil 27 - aprel kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 4-sonli talabalar turar joyida “Gidromelioratsiya” fakulteti “Pedagogika, psixologiya va o‘qitish metodikasi” kafedrasi dotsenti To‘ychiboy Boyto‘rayev, Zaxro Mirxadjayeva hamda tarbiyachi - pedagog Javlonbek Qutlimurotovlar “Yangi qaror: fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyati takomillashtirishdagi ahamiyati ” mavzusida davra suhbati o‘tkazishdi.
Hujjatda qayd etilishicha, ayrim tumanlarda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining yer uchastkalaridan oqilona foydalanish bo‘yicha ishlar holatini o‘rganish natijalari ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni tashkil etishni yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish zarurligini ko‘rsatmoqda. Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining bu sohadagi vakolatlarini kengaytirish va faol ishtirokini ta’minlash maqsadida: Tegishli hududda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga ajratilgan yer uchastkalaridan maqsadli foydalanilishi tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektor rahbarlari faoliyatini baholash ko‘rsatkichlaridan biri deb hisoblanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, qishloq xo‘jaligi vaziri hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi (keyingi o‘rinlarda Kengash deb yuritiladi) rahbarlariga fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari tuman kengashlari huzuridagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga kompleks xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini tashkil etish ta’minlanmaganligi qat’iy ko‘rsatib o‘tilgan. Belgilanishicha, 2018 - yil 1 - iyuldan: barcha fermer va dehqon xo‘jaliklarining Kengashga a’zoligi majburiy, tomorqa yer egalari uchun esa ixtiyoriy hisoblanadi; fermer va dehqon xo‘jaliklarining Kengashda a’zoligi tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi rayosati qaroriga muvofiq tugatilishi yer uchastkasiga egalik qilish, undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi yoxud uni ijaraga olish huquqi bekor bo‘lishi uchun asos bo‘ladi; fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari qishloq xo‘jaligida shartnoma majburiyatlarining bajarilishi yuzasidan monitoring hamda jamoat nazoratini amalga oshiradi.
Kengash, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining Kengashga a’zolik badallarini quyidagicha belgilash haqidagi takliflari ma’qullandi: paxta xomashyosi hamda donli ekinlar yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari uchun paxta xomashyosi hamda donning xarid narxidan 0,8 foiz miqdorida; boshqa fermer xo‘jaliklari uchun ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotishdan tushgan pul mablag‘larining 0,5 foizi miqdorida; dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer egalari uchun Kengashga a’zolik to‘g‘risidagi shartnomada ko‘rsatilgan miqdorda. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markaziy bank, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Kengash, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur band talablariga muvofiq Kengashga a’zolik badallarini o‘tkazib berish tartibini ishlab chiqadi hamda o‘rnatilgan tartibda tasdiqlaydi. Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlariga quyidagi huquqlar berildi: uyma-uy yurish orqali dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining yer uchastkalaridan maqsadli va samarali foydalanilishini, shu jumladan, yerni tayyorlash, urug‘, ko‘chat va daraxtlar ekish, issiqxonalar qurish, chorva va parrandalarni ko‘paytirish holatini davriy monitoring qilib borish; Kengash a’zolari – fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga tegishli yer uchastkalaridan maqsadli va samarali foydalanish zarurligi to‘g‘risida ko‘rsatmalar berish; tuman hokimlariga fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining tegishli yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini yer qonunchiligiga muvofiq tugatish zarurligi to‘g‘risida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan takliflar kiritish. Barcha qishloq tumanlarida asosiy vazifasi quyidagilar orqali fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va sotishda amaliy yordam ko‘rsatish hisoblangan “Tomorqa xizmati” MChJlar tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilindi: fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga shartnoma asosida zarur moddiy resurslar, shu jumladan, urug‘lar, ko‘chatlar, taralar, texnika va boshqa vositalar yetkazib berish; yerlarni rekultivatsiya qilish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish; sug‘orish tizimini yaratish va yaxshilash, suv nasoslari o‘rnatish, artezian quduqlar qazish va tomchilatib sug‘orishni tashkil etish; ishlab chiqarilgan mahsulotlar va qishloq xo‘jaligi ekinlarini ichki va tashqi bozorlarda sotish, shu jumladan, ularni tayyorlash, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi va Kengash bilan birgalikda qishloq tumanlarining ixtisosligidan kelib chiqqan holda “Tomorqa xizmati” MChJlar faoliyatini samarali tashkil etishda, shu jumladan, bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan davlat mulki ob’yektlarini belgilangan tartibda ajratish orqali ko‘maklashadi.
4 - TTJ tarbiyachi-pedagogi Javlonbek Qutlimurotov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov