Bayramona shukuh va ruh bilan

         Bayram taraddudi barcha jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalarida o‘ziga xos tarzda kechishi tayin. Yangi yilni kutib olish ma’lum ma’noda o‘tgan yilning sarhisobi va kelayotgan yildagi rejalarni belgilash ham demakdir. Yil davomida erishilgan yutuq va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar insonning o‘z-o‘ziga hisoboti, ayni paytda o‘z kasbiga, vazifasiga nisbatan mas’ullik hissini oshirishi tayin. 

Institutimiz jamoasi ham yangi yilni munosib kutib olish maqsadida 29 dekabr kuni bayramona bezatilgan muhtasham talabalar oshxonasiga jam bo‘lishdi. Turli noz-ne’matlar bilan  muzayyan qilingan to‘kin dasturxon atrofidan o‘rin olgan nufuzli mehmonlar, institutimizning professor o‘qituvchilari, ishchi xodimlar, tarbiyachilarning ko‘tarinki kayfiyati ularning yuz-u ko‘zlarida zohir edi. 

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga qilgan murojaatidagi mulohazalar, xususan 2019 yilni «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb atashlari bilan bog‘liq takliflari barchamizga ayricha ruh va mazmun baxsh etdi. 

Yangi yilga bag‘ishlangan tadbir avvalida institutimiz rektori, professor Umurzakov O‘ktam Pardaevich yangi yil bazmi dasturxoniga taklif etilgan mehmonlarga o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirib ularni bayram bilan qutladilar. Jumladan, yil davomida erishgan yutuqlarimizni taqdimot dasturi orqali namoyish etaturib, Prezidentimiz e’tiroflaridan kelib chiqqan holda, keyingi yil og‘ir va mas’uliyatli yil bo‘lishini uqtirib o‘tdilar.

Yakunlanayotgan yil institutimiz hayotida, umuman ta’lim tizimida tarixiy voqealarga boy bo‘ldi. Barchangizga ma’lum, mamlakatimizda so‘nggi yillarda barcha sohalarda bo‘lgani kabi, oliy ta’lim tizimida ham ulkan islohotlar olib borilmoqda va izchillik bilan davom ettirilmoqda. Shular qatorida Prezidentimizning biz uchun eng muhim bo‘lgan 2018 yil 8 maydagi 3702-sonli qarori va 2018 yil 5 iyundagi PQ-3775-son qarori qabul qilindi.

Har ikkala qaror ham institutimiz hayoti bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, institutning kelajakdagi istiqbolli taraqqiyotini  va asosiy vazifalarni belgilab berdi. Bular asosan oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonining sifati va mazmuni hamda samaradorligini oshirish, ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, ilmiy-muammoli laboratoriyalar, yuqori texnologiya markazlari, ilmiy klasterlar va texnoparklarni tashkil etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va mehnat bozorida haqiqiy raqobatni yuzaga keltirish, zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari va ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash kabi vazifalardan iborat.

Rektor institut jamoasini muhtaram Prezidentimiz tomonidan qo‘yilgan barcha vazifalarni yuqori darajada bajarish uchun bir tan, bir jon bo‘lib sadoqat bilan vijdonan  ishlashga chorladi.

Yil davomida har bir oyda o‘tkazilgan xalqaro anjumanlar va erishilgan yutuqlarni bir-bir sanab o‘tdilar.

2018 yilda Yevropa Ittifoqi ko‘magida institutda “DSinGIS: Geoinformatika sohasida doktorantura” xalqaro loyihasi moliyalashtirilib Geoinformatika ixtisosligi bo‘yicha xorijda fan doktorlarini tayyorlash yo‘lga quyilgani, jahon banki hisobidan quyosh batareyalarida ishlovchi 3 ta nasos institut hududiga, 2 tasi Ilmiy o‘quv markaz poligoniga, Qorasuv daryosidan suv tortuvchi 1 ta energiya tejamkor nasos o‘rnatilgani, Talabalar sport haftaligida Toshkent shahridagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilgan “mini-futbol” sport turi bo‘yicha institutimizning “Irrigator” jamoasi faxrli 1-o‘rinni egallagani, “O‘zbekiston futbol federatsiyasi kubogi” musobaqasining Toshkent shahar bosqichida  “mini-futbol” sport turi bo‘yicha institutimizning “Irrigator” jamoasi faxrli 1-o‘rinni ishhol qilgani, Budapesht shahrida Vengriyaning Obuda Universiteti bilan hamkorlik memorandum imzolangani, “Gidrotexnika inshootlarining samara-dorligi, ishonchliligi va xavfsizligini oshirish” mavzusida yuqori saviyadagi Xalqaro ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazilgani va 20 ga yaqin xalqaro tashkilotlardan vakillar ishtirok etgani, Markaziy Osiyo xududiy ekologik markaz bilan hamkorlikda “Innovatsiyalar va ilmiy tadqiqotlar klasteri” tashkil etilgani, “Suv resurslaridan foydalanish asoslari mavzusida O‘zbekiston, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Tojikiston va Rossiya Davlat qurilish universitetlari magistrantlari ishtirokida yozgi maktab kursi tashkil etilgani, xalqaro suv resurslarini boshqarish (IWMI) instituti bilan hamkorlikda “GAT asoslari va uning yer-suv resurslarini boshqarishdagi imkoniyatlari” mavzusida xalqaro yozgi maktab tashkil etilgani, mazkur maktabda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, va O‘zgidromet markazining yosh mutaxassislari tinglovchi sifatida ishtirok etgani, Michigan Shtati Universiteti va Sloveniyaning Nitra qishloq xo‘jaligi universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma dastur asosida xalqaro magistratura tashkil qilingani, yilning eng yaxshi pedagogi tanlovida 28 nafar professor-o‘qituvchi ishtirok etgani va institutning 10 nafar professor o‘qituvchisi yilning eng yaxshi pedagogi nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib bo‘lishgani, QS  reyting tizimi platformasida Respublikada birinchi bo‘lib institutning profili “Tashkent Institute of Irrigation and Agricultural Mechanization Engineers (TIIAME)” nomi bilan yaratilgani, institut hududida «Kitoblar dunyosi» do‘koni va sun’iy qoplamali “Futbol maydonchasi” talabalar ixtiyoriga topshirilgani, Germaniyaning Folksvagen fondi tomonidan moliyalashtirilayotgan “SUSADICA” Markaziy Osiyoda qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish loyihasi doirasida qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti ixtisosligi bo‘yicha 10 nafar tayanch doktorantlar ikki tomonlama diplom berish bo‘yicha xalqaro PhD doktorantura maktabi ochilgani, O‘zbekiston–Rossiya ta’lim forumi doirasida Rossiyaning 4 ta OTM bilan shartnoma imzolangani, YuNESKO Bosh qarorgohining xulosasiga asosan, institutda “Suv diplomatiyasi, suv resurslarini boshqarish, atrof muhit-himoyasi YuNESKO kafedrasini tashkil qilish ruxsat berilgani, O‘zbekistonda birinchi marotaba o‘tkazilgan Scopus statiskasi bo‘yicha Institutimiz –“Yil kashfiyoti” Professor Alim Pulatov – “Qishloq xo‘jaligi fanlarida eng faol tadqiqotchi” nominatsiyasiga loyiq ko‘rilgani, Rossiya Federatsiyasi ta’sischiligida «PARKENTSUVQURILISH» tashkiloti bilan “Fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi”ga bag‘ishlangan hamkorlik shartnomasi imzolangani, Buxoro paxta tekstil klaster, Sirdaryo Bek klaster, Toshket paxta tekstel-baliq klasterlari ishtirokida “Innovatsion klaster – fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi mezoni” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tgani, Rossiyaning ROSTSELMASh kompaniyasi bilan hamkorlik shartnomasi imzolangani, “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” kafedrasi dotsenti Abdillaev Tulegen “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangani, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning 2018 yil 13-14 dekabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida o‘tkazilgan yig‘ilishida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshi filialini ochishga qaror qabul qilingani borasida axborot berib o‘tdilar.

Rektor tabrigi nihoyasida Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev  2018 yil 28 dekabr kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga Murojaatnomasida yangi – 2019 yilga yurtimizda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb e’lon qilganliklari bilan jamoani qutlab by yil har qachongidan ham kuchliroq ishlashimiz zaruratini ta’kidlab o‘tdilar.

    

  

 

 So‘ngra bayram tadbiri taniqli xonandayu-sozandalar, qiziqchi va askiyachilarning chiqishlari hamda go‘zal va maftunkor raqqosalarning jozibador raqslariga ulanib ketdi. Totli va tansiq taomlar barchaga xush keldi. Bayram tadbiri ko‘ngildagidek o‘tdi.

    

 

Institut Matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov