Ziyorat ziynati
Muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish inson ruhiyatining tozarishiga xizmat qilishi muqarrar. Ezgulikka da’vat, bugungi kunning shukronasi, ertangi kunga umid tuyg‘ulari bo‘ladi unda. Ziyorat orqali odamzot qadr, himmat, yurtga muhabbat, oilaviy hamda jamoaviy mehr, vatan qismatiga daxldorlik tuyg‘ularini tuyishi tabiiy. Shunday ekan, ziyoratgohlarni aylanish ajdodlarning, o‘tmish bobokalonlarimizning xotirasiga munosib munosabat demakdir.
Xuddi shu maqsadda institut rektori Umurzakov O‘ktam Pardaevichning tashabbuslari bilan ta’lim muassasasimizda ko‘p yillardan beri ishlab kelayotgan bir guruh ayollar 10 yanvar kuni “Zangi Ota” ziyoratgohiga borishdi. 25 ta pedagog ayolning ahillik bilan muqaddas qadamjoga tashriflari muborak bo‘lishini tilash bilan birga ularga mutasaddi va hamkor sifatida moliya ishlar bo‘yicha prorektor Baxtiyor O‘rishevich Hasanov hamda institut xotin-qizlar kengashi raisasi Xafizova Zulfiya Xolmuradovna hamroh bo‘lishdi.
Aslida, ziyoratdan maqsad, oxiratni eslagan holda, ma’naviy ozuqa olish hamda ming yillik tarixga ega xalqimizdan yetishib chiqqan mutafakkirlar ruhini shod etishdir.
Shuningdek, doimo ezgulikka, hayot sinovlarida o‘zini oqlagan qadriyat va an’analarni ajdodlardan avlodlarga yetkazishdagi beqiyos o‘rni va ahamiyatini bilish ham uning zamiriga jodir. Inson zoti fazilati ziyorat ziynati bilan uyg‘un ekanligini ular yaxshigina idrok etishdi.
Institut xotin-qizlar kengashi raisasi Zulfiya Xafizova axboroti
Institut matbuot kotibi: Rahimboy Jumaniyozov