22- mart Butun jahon suv kunini nishonlash

22 MART - BUTUNJAHON SUV KUNI: SUV RESURSLARINI BARQAROR BOSHQARISHDAGI YANGI INNOVATSION YONDASHUVLAR

PRESS-RELIZ

Toshkent, 14 mart 2018 y. – Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Butunjahon suv kuniga bag'ishlangan «Barqaror rivojlanish yo'lida suv resurslaridan foydalanishning innovatsion usullari» mavzuidagi fotosuratlar ko'rgazmasi o'z ishini boshladi.

Mazkur tadbir tashkilotchilari O'zbekiston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti va Birlashgan millatlar tashkiloti Taraqqiyot dasturining Yevropa Ittifoqining «O'zbekistonning qishloq hududlarida suv resurslarini barqaror boshqarish» dasturi doirasida amalga oshirilayotgan «Texnik salohiyatni mustahkamlash» loyihasi.

Har yili 22 mart sanasida dunyo bo'ylab Butunjahon suv kuni nishonlanadi. Ushbu kun jamoatchilikning e'tiborini suv ob'yektlarining bugungi holatiga va ularni qayta tiklash va muhofaza qilish bilan bog'liq masalalarga jalb qilishga, yer yuzidagi har bir inson hayotidagi suvning tutgan o'rni haqida mulohaza qilishga, ichimlik suvining yetishmovchiligi bilan bog'liq muammolarga e'tibor qaratishga, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ularni asrab-avaylashning muhimligiga, aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash bilan bog'liq muammolarning yechimini topish uchun tegishli choralarni ko'rishga qaratilgan. 2018 yilgi Butun jahon suv kunining asosiy mavzusi – Tabiat suv uchun (Nature for Water).

Butunjahon suv kunining nishonlanishi aholini suvdan oqilona foydalanishga chaqirish hamda keng jamoatchilikning e'tiborini suv resurslarining mamlakatimiz va umuman olganda jamiyatimizning taraqqiyoti uchun qanchalik muhimligiga qaratishga yo'naltirilgan qator tadbirlarni o'z ichiga oladi. 14-16 mart kunlari bo'lib o'tadigan mazkur tadbirlarda asosiy e'tibor yoshlarning suvdan oqilona va samarali foydalanishdagi tutgan o'rniga qaratilgan bo'lib, ular doirasida suv resurslarini boshqarish va mamlakatimizni barqaror rivojlantirish masalalari bo'yicha oliy ta'lim muassasalari talabalari o'rtasida munozaralar o'tkazish ko'zda tutilgan.

Tadbirlarning birinchi kun dasturi o'z ichiga «O'zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda innovatsiyaning suv xo'jaligidagi o'rni» mavzuidagi munozaralarni ham kiritgan. Ikkinchi kuni oliy ta'lim muassasalari talabalari uch xil tanlovda ishtirok etish imkoniyatiga egadirlar. Tanlov g'oliblari faxriy yorliqlar va qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlanadilar. Butunjahon suv kunini nishonlash doirasidagi so'nggi kun tadbirlari o'z ichiga «Suvni tejash bo'yicha innovatsion yondashuvlar va texnologiyalar» mavzuidagi ko'rgazmani va «Suv resurslarini barqaror boshqarish uchun innovatsion yondashuvlar» mavzuidagi Butunjahon suv kunini nishonlash marosimini olgan. Unda O'zbekiston Respublikasi Suv xo'jaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Yevropa Ittifoqining O'zbekistondagi Delegatsiyasi, Germaniyaning O'zbekistondagi Xalqaro hamkorlik bo'yicha tashkiloti (GIZ) va BMTTDning O'zbekistondagi vakolatxonasi vakillari ishtirok etadilar.

Batafsil ma'lumot uchun: Toshkent shahri, Qori Niyoziy ko'chasi, 39. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Ilmiy tadqiqotlar va ilmiy pedagog kadrlar tayyorlash bo'limi, 11-bino, 2- qavat. Tel. 237-22-67, 237-09-46. Veb-sayt: www.tiiame.uz

 

Suv kuni-2018 tanlov qumitasi va mezonlari.pdf