Yoshlar bandligi va yoshlarni kasbga yo‘naltirish masalalari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 apreldagi PF-6208-sonli Farmoni, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2021 yil 29 apreldagi 202-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash yuzasidan, Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Mirzakalon Ismoiliy” M.F.Y., bilan TIQXMMI “Qishloq va suv xo‘jaligi energiya ta’minoti” fakulteti hamkorligida 2021 yil 30 iyun kuni “Uyushmagan yoshlar bandligi va yoshlarni kasbga yo‘naltirish masalalari” mavzusida mahalla faollari bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “Mirzakalon Ismoiliy” M.F.Y. raisi Xalimova Mashxura Maxamatovna, mahalla faoli R. Timashova, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining bir guruh professor-o‘qituvchilari, jumladan ET va EJF kafedrasi dotsenti T. Bayzakov, fakultet dekan muovini O. Matchonov, ET va EJF kafedrasi assistenti Sh. Yusupovlar ishtirok etishdi. Tadbirda dotsent T. Bayzakov ma’ruza qildi. Davlatimiz tomonidan fuqarolar manfaatidan kelib chiqib, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, xoh u davlat tashkiloti bo‘lsin, xoh u xususiy tadbirkorlik sub’ekti yoki oilaviy biznes bo‘lsin, mehnat qilishiga teng sharoit muhayyo etilgan.
Mahallalarda bandlik masalasini hal etish uchun, eng avvalo, aholining asosiy qismini tadbirkorlik faoliyatiga qiziqtirish, ularni moliyaviy qo‘llab - quvvatlash hamda yoshlarni kasbga o‘rgatish zarur. Qolaversa, yoshlarning bilim darajasini oshirish, ularni bilim olishga va kasbga yo‘naltirish, bozor munosabatlariga xos “munosib ish sharoitlarni barpo etib”, ularni “ishga chorlash”, “ishga jalb etish” iqtisodiy mexanizmining joriy qilinishi maqsadga muvofiqdir. Bu aholini, ayniqsa, yosh mutaxassislar bandligini ta’minlash, ijtimoiy faolligini oshirish uchun katta imkoniyatdir. Davra suhbatida mavzu doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda bugungi kunning dolzarb muammolari haqida suhbat o‘tkazildi. Tadbir juda qiziqarli va maroqli savol - javoblarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi.
TIQXMMI matbuot xizmati