Jonga davo - nazm va navo

2021-yilning 3-fevral kuni institutda Buyuk mutafakkir Mir Alisher Navoiy tavalludiga 580 yil to‘lishi munosabati bilan O‘zbek Milliy maqom markazi bilan hamkorlikda “Nazm va navo” kechasi tashkil etildi. Tadbir musiqa va she’riyatning uyg‘unligi ifodasi sifatida o‘zgacha ahamiyat kasb etdi. Boisi, har yili fevral oyining 9 sanasida  Buyuk mutafakkir hazrat Alisher Navoiy tavalludi keng tantanalar bilan nishonlanadi. Bu yil esa 580 yillik yubileylarini nishonlash arafasida turibmiz. Albatta, bu kabi tadbirlarimiz ajdodlarimizga ko‘rsatilayotgan ehtiromning yorqin namunasidir. Shu bilan bir qatorda, bugungi kunda hukumatimiz tomonidan mumtoz musiqa madaniyatimizga berilayotgan e’tibor, ayniqsa maqom san’atining yanada jonlantirilishi xalqimiz ma’naviy hayotida muhim o‘zgarishlar yasadi.

Bu xususda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham - “Agar biz asl, haqiqiy san’atni bilmoqchi, o‘rganmoqchi bo‘lsak, avvalo mumtoz maqom san’atini bilishimiz, o‘rganishimiz kerak. Ana shunday ulkan ma’naviy boylikning shakllanishi va taraqqiyotida, bu umrboqiy san’atning bizgacha yetib kelishida beqiyos xizmat ko‘rsatgan ulug‘ shoir va mutafakkirlar, bastakor va sozandalar, buyuk hofizlarning xotirasini hurmat-ehtirom bilan yod etamiz.” – deb aytgan fikrlari ham  bugungi tadbirning  ahamiyati nechog‘lik ekanini ko‘rsatib turibdi.  Haqiqatan ham, biz uchun bebaho badiiy qomus bo‘lgan maqom san’ati  asrlar, necha yuz yillar davomida inson ruhini, uning dard-u armonlarini, ezgu intilishlarini yuksak pardalarda ifoda etib kelmoqda.

Sharq mumtoz adabiyoti, tasviriy san’ati, ilmu ma’rifat, islomiy qadriyatlardan oziqlangan maqom san’atiga – ana shunday buyuk madaniy meros rivojiga buyuk mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy ham o‘z g‘azal va ruboiylari bilan munosib hissa qo‘shgani bilan biz haqli ravishda faxrlanamiz.Bobokalonimiz o‘zlarining purhikmat hayoti va boy ilmiy-ma’rifiy ijodi bilan nafaqat millatimiz adabiyoti, balki jahon tamadduniga ulkan hissa qo‘shdi. U kishi tomonidan ilgari surilgan umumbashariy g‘oyalar so‘nmas yulduz misol bashariyatni ma’naviy komillikka, poklikka, yaratuvchanlik va bunyodkorlikka undab keladi. Va asrlar o‘tsa hamki, o‘zining ulug‘vorligini, yuksak qadr-qimmatini yo‘qotmaydi.

“Nazm va navo” kechasiga O‘zbek milliy maqom san’ati markazining bir guruh el ardog‘idagi san’atkorlari O‘zbekiston xalq artistlari Matluba Dadaboeva, Soyibjon Niyozov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Gulbahor Erqulova, Elmurod Ahmedov, Furqat Ashuraliev, Ahmadjon Dadaev, “Shuhrat medali” sohibi Kamoliddin Alimaxsumovlar tashrif buyurib o‘z chiqishlari bilan yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

 

TIQXMMI matbuot xizmati