Zamonaviy, nufuzli, nomdor nashr

Dunyoning eng rivojlangan davlatlari tarixidan shu narsani anglash mumkinki, ularda ilm-fan va taʼlim tizimiga eʼtibor yuqori darajada boʼlgan. Chunki bugungi kunda ilm-fan va taʼlim taraqqiyotning muhim omili ekanligi oynadek ravshan boʼlib qoldi. Shunday ekan, uning taraqqiyot darajasini, rivojlanish meʼyorlarini belgilaydigan matbaa nashrlari katta ahamiyat kasb etadi. Oʼzbekiston Respublikasida ham bunday yoʼsindagi qator jurnallar borligi maʼlum. "Zamonaviy taʼlim" (Sovremennoe obrazovanie) nomi bilan chop etiladigan ushbu jurnal Toshkent viloyat xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasii oshirish instituti (hozirda hududiy markaz)ning nashri sifatida  Surxondaryo viloyati xalq taʼlimi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti bilan hamkorlikda muntazam ravishda nashr etib kelinmoqda. Mana, qoʼlimizda uning yangi, 7-soni. Demak, ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yiliga bagʼishlangan va undagi vazifa va topshiriqlarning ijrosiga qaratilgan maxsus son.    

Mazkur jurnal Oʼzbekiston Respublikasi Oliy attestatsiyasi komissiyasi Rayosatining 2015-yil 20-martdagi 214/2 sonli qarori bilan doktorlik dissertatsiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar roʼyxatiga kiritilgan. Unda asosan, pedagogika va psixologiya fanlari boʼyicha dolzarb mavzudagi maqolalar chop etib boriladi. U RINTs maʼlumotlar bazasiga shuningdek, SubrLeninka ilmiy elektron kutubxona bazasiga ham kiritilgan. Jurnal taʼlim tizimining muhim mezonlari uning tarraqiyotini belgilovchi omillarni nazarda tutgan holda ushbu ruknlarni oʼz ichiga oladi: Oliy taʼlim, taʼlim psixologiyasi, kasbiy taʼlim, taʼlim texnologiyalari, taʼlimning axborot resurs tarkibi. Ushbu ruknlarga mansub boʼlgan maqola mualliflari haqida ham muxtasar maʼlumotlar berib boriladi. Jurnal ikki tilda chop etiladi. Jurnalning bu galgi soni TIQXMMI "Pedagogika, psixologiya va oʼqitish metodikasi" kafedrasi professor-oʼqituvchilarining maqolalari bilan muzayyan etilgan.

Jurnaldagi dastlabki maqola TIQXMMI kafedrasining professori, muhtarama ustozimiz Shoumarova Muhayyo Shoumarovnaning qalamiga mansub. Maqola shunday nomlangan: “Muhandis-pedagogik taʼlimning tarkib topishi va hozirgi holati”. Maqolada asosan muhandis-pedagogik taʼlimning TIQXMMI sharoitida shakllanishi hamda hozirgi holati va bu jarayonda mazkur institutning "Pedagogika, psixologiya va oʼqitish" metodikasi kafedrasining oʼquv ilmiy faoliyati yoritilgan. Shuni eʼtirof etish joizki, pedagogika psixologiya va oʼqitish metodikasi kafedrasi 2020-2021 - yangi oʼquv yilini yuqori saviyadagi ishlar bilan boshlashdi. Pandemiya davrida jamoa jam boʼlib ishlashi imkoni boʼlmasa-da kafedra aʼzolari, zamonaviy taʼlim, ilmiy, amaliy, ommabop jurnalning 7-sonida oʼzlarining ilmiy maqolalari bilan qatnashib, nazariy tarzda ilmiy-pedagogik jarayonni asoslab berishga xizmat qilishdi. Dunyo universitetlari reytingida oʼzining salohiyati, pedagogik faoliyati, taʼlim texnikasi bilan alohida rutbaga ega boʼlib kelayotgan TIQXMMI ning muhandis pedagoglar tayyorlash masalasiga ham eʼtibori yuksak darajada ekanligi haq.

Maqolada taʼlim tizimida muhandis-pedagog kasbining tashkil etilishi va ravnaqi borasida eʼtiborga molik mulohazalar ilgari surilgan. Jumladan, Oʼzbekiston Respublikasida hunar-texnika taʼlimi uchun muhandis-pedagoglar tayyorlash ishi 1972-yili Buxoro yengil sanoat va oziq-ovqat texnologiyalari institutida boshlangan. Muhandis-pedagoglarni tayyorlash tizimini rivojlantirishning asosiy muammolaridan biri, pedagogik va texnik tayyorgarliklarni aloqasini toʼgʼri yoʼlga qoʼyish ekani maʼlum. Bu sohada institutimizda alohida "Pedagogika, psixologiya va oʼqitish metodikasi" kafedrasi 1982-yildan oʼz faoliyatini boshlagan boʼlib, pedagogika fanlari nomzodi K.D.Mirsaidov, Z.Ismailova, psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Asamova, pedagogika fanlari nomzodi dotsent D.Himmataliev va pedagogika fanlari nomzodi dotsent M.Baybaeva kafedra mudiri lavozimida ishlaganlar. 2018-yildan hozirgi kunga qadar pedagogika fanlari doktori, professor Zuhra Kabulovna Ismoilova kafedraga rahbarlik qilib kelmoqda.

Maqola muallifi shuningdek, kafedra faoliyatiga oʼzlarining munosib hissalarini qoʼshgan murabbiylarning nomlarini ham keltirib oʼtgan. Yana bir eʼtiborli jihati shundaki, kafedrada 2001-yildan beri kasb-hunar taʼlimi nazariyasi va metodikasi ixtisosligi boʼyicha tayanch doktorantura faoliyat koʼrsatib keladi. Faoliyat mobaynida erishilgan ushbu yutuqlarni ham qayd etishni oʼrinli hisoblaymiz. Kafedrada olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlari natijasida 500 dan ortiq ilmiy ishlar chop etilgan boʼlib, ulardan 10 ta monografiya, 4 ta darslik, 20 ga yaqin oʼquv-uslubiy ishlanmalar. VOS va SCOPUS xorijiy ilmiy jurnallarda ham qator maqolalar chop etilgan. Oʼziga xos samarali mehnat va hamkorlik natijalarini kafedra professor oʼqituvchilari rahbarligidagi ikki nafar prezident stipendiyasi sohibi, ikki nafar pedagogika kasbiy taʼlim fanlaridan olimpiada gʼoliblari va bir qancha nomdor stipendiya sohibligiga erishganlar misolida ham koʼrish mumkin.

Har bir pedagogning malakasini oshirish, bilimlarini mustahkamlash va dars berish jarayoni bilan bogʼliq boʼlgan pedagogik va axborot kommunikatsion texnologiyalar asosida darsni tashkil etishlarini inobatga olgan holda, Pedagogik mahorat maktabi malaka oshirish kursi 2006 yildan tashkil etilgan boʼlib hozirda ham oʼz faoliyatini olib boradi. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6 -sentyabrdagi "Professional taʼlim tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida"gi PF 5812-sonli farmoni asosida professional taʼlim tizimini ilgʼor xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, boshlangʼich oʼrta va oʼrta maxsus professional taʼlim bosqichlarini joriy qilish orqali mehnat bozori uchun malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlash masalasiga katta eʼtibor qaratilgani ham maqolada eʼtirof etilgan.

Shuningdek, jurnalda "Zamonaviy oʼqituvchining pedagogik mahorati va pedagogik texnikasini oshirishda boshqaruv sanʼatidan foydalanish"(professor Z.K.Ismoilova), "Boʼlajak oʼqituvchilarda kasbiy kompetentlikni rivojlantirish mexanizmi"(D.O. Ximmataliev), "Oliy taʼlim muassasalari ixtisoslik fan oʼqituvchilarining kasbiy kompetentligini rivojlantirish"(D.А. Mustafoeva) "Professional taʼlim tizimi uchun pedagoglar tayyorlash: muammo va takliflar"(P.M.Maxsudov), "Integratsiyalashgan axborot-taʼlim muhitida rahbar va pedagog kadrlar kasbiy kompetentligini rivojlantirish texnologiyalari"(dotsent R.K.Choriev), "Oliy oʼquv muassasalarida tarmoq interfaol taʼlim vositalarini qoʼllash asoslari" (X.E.Toʼychiev) kabi bir qator dolzarb mavzudagi maqolalar ham berilganki bu nomdor va zamonaviy nashrning nufuzini yanada oshirishga xizmat qilishi aniq. Pedagogik jamoaning ilmiy - nazariy qarashlarining tahliliy maqolalar sifatidagi jamlanmasi soha taraqqiyotiga xizmat qilishi bilan birga ayni paytda ilm-fan, taʼlim, amaliyot va ishlab chiqarish uygʼunligiga hamda fanlararo integratsiyalashuvga zamin hozirlashi tayin.

TIQXMMI matbuot xizmati