Hamkorlikning mustahkam rishtalari
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI), dunyoning yetakchi xorijiy universitetlari bilan ikki tomonlama kelishuvlar asosidagina emas, balki qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari assotsiatsiyalarini Global konfederatsiyasida 1999 yilda tashkil topganidan boshlab, faol ishtiroki bilan keng aloqalarni yo‘lga qo‘yib kelmoqda.
2010 yilda, institut tashabbusi va Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlar bo‘yicha Global forumi (GFAR), Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlarini olib borish konsultativ guruhini Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz bo‘yicha dasturlar realizatsiyasi bo‘limi (CGIAR - CAC), Quruq mintaqalarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlarini olib borish xalqaro markazni Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz buyicha bo‘limi (ICARDA - SAS), Vageningen universiteti va Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari Assotsiatsiyasi (CACAARI) madadi bilan Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozoqiston va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi universitetlarining ta’sis majlisi o‘tkazildi va unda Toshkent shahri TIQXMMI bazasida Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlarining rivojlantirish bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi universitetlari Konsorsiumi (CASCADE) tashkil kilindi.
2011 yildan boshlab, CASCADE mintaqaviy konsorsium sifatida qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar bo‘yicha oliy o‘quv yurtlari assotsiatsiyalari Global konfederatsiyasi kengash tarkibiga qo‘shildi (GCHERA).
2019 yilning 28 oktyabrida Xitoy Xalq Respublikasining Nankin shahrida global konfederatsiyaning bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu bosh assambleyada GCHERAdagi ko‘p yillik faol mehnatlarini inobatga olib, CASCADE konsorsiumi raisi, TIQXMMI rektori Umurzakov O‘ktam Pardaevich O‘zbekiston Respublikasi va konfederatsiya tarixida ilk bor GCHERAning Ijro qo‘mitasiga 4 a’zodan biri sifatida kiritildi.
Joriy yilning 25 sentyabrida Polshaning Poznan shahrida o‘tkazilgan Qishloq xo‘jaligi ta’limi va ilmiy hamkorlik Xalqaro Forumida CASCADE va TIQXMMI o‘zbek oliy ta’lim muassasalari orasidan birinchilardan bo‘lib XXRning Shimoli-g‘arbiy qishloq va o‘rmon xo‘jaligi universiteti (ShG‘QO‘XU) raisligidagi Ipak yo‘li qishloq xo‘jaligi ta’limi va ilmiy innovatsiyalar Alyansiga a’zo bo‘lishdi.
TIQXMMI va SHG‘QO‘XU hamkorligi 2010 yildan boshlab ShG‘QO‘XU doimiy ravishda tashkil etib kelayotgan xalqaro konferensiyalarida institut olimlar katnashishdan boshlangan. 2015 yilda hamkorlikni rivojlantirish uchun yaratilgan yuqori darajada shart-sharoitlar bu kabi tashriflarni 2016 yilda ham davom etishiga asos bo‘ldi va ShG‘QO‘XU Prezidenti ilk bor O‘zbekistonga tashrif buyurdi va institut bilan hamkorlik memorandumini imzoladi. Bu yili avgust oyida TIQXMMI rektori ShG‘QO‘XU yuqori darajadagi delegatsiyani xalqaro ofisi rahbari boshchiligida qabul qildi. Ushbu uchrashuvda ikki oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni keyingi bosqichga olib chiqish haqida kelishib olindi.
TIQXMMI rektori 2019 yilning 30 oktyabrida ShG‘QO‘XU joylashgan Yanling shahriga qilgan safari chog‘ida muzokaralarni davom ettirilib, ilmiy tadqiqot institutlari, o‘quv laboratoriyalari, universitet muzeyi hamda tajriba uchastka va stansiyalarini masofaviy monitoring markazi bilan yaqindan tanishdi.
Muzokaralar davomida TIQXMMI o‘quv xo‘jaligi qoshida Xitoy-O‘zbek Suv tejovchi qishloq xo‘jaligi ilmiy texnologik parkini tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Ushbu ilmiy texnologik park O‘rta Osiyoda Xitoy-O‘zbek hamkorligining ilk modeli bo‘lib, qishloq xo‘jaligi fanlari va texnologiyalari, innovatsiya hamda ishlanmalarni tadbiq etish bo‘yicha muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Yaqindagina tasdiqlangan 2020-2030 yillarda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasida hamda 2019 yilning 6 sentyabrida O‘zbekiston Respublikasi Perzidenti tomonidan qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning pirovard masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda qishloq xo‘jalik ishlab chiqarishiga raqamli texnologiyalarni tadbiq etish, yerlar, ekin maydonlari va o‘rmon massivlari xolatini ishonchli baholash maqsadida kosmik zondlash ishlarini o‘tkazish bo‘yicha muhim masalalar belgilab olindi.
O‘zbekiston oliy ta’lim maussasalari orasida birinchi bo‘lib TIQXMMI EkoGIS markazi Vageningen universiteti hamkorligi bilan birga tashkil etilgan, va ESRI Amerika kompaniyasi yaratgan ArkGIS dasturlar jamlanmasi, Leica Geosystems kompaniyasi yaratgan ERDAS Imagine dasturi yordamida o‘quv jarayonga fanlarni o‘qitishda GIS (Geoinformatsion tizimi) texnologiyalari va qishloq xo‘jaligi yerlari va ekinlarini masofaviy zondlashni kiritdi. Joriy 2019 yilda TIQXMMI Xitoyning GIS texnologiyalar uchun yangi va zamonaviy dasturlar platformalarini yaratuvchi SuperMap Software* kompaniyasi bilan O‘zbekiston hamda O‘rto Osiyoda joriy dasturdan keng foydalanish hamda mutaxassislarni malakalarini oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Joriy yilning 31 oktyabr kuni Pekin shahrida GIS dasturiy mahsulotlari va texnologiyalari Xalqaro konferensiyasi (GTC 2019 – GIS Software Technology Conference) doirasida SuperMap International kompaniyasi Geografik axborotlar jamiyati Xitoy Assotsiatsiyasi va Xitoy Fanlar Akademiyasi bilan hamkorlikda Xalqaro Forum tashkil etdi. Shu kuni TIQXMMI rektori, professor Umurzakoov O‘ktam Pardaevich, CASCADE Ijrochi kotibi, professor Po‘latov Alim Salimovich va SuperMap Software Vitse prezidenti, xonim Du Chinge (Mrs. Du Ginge) o‘rtasida tantanali ravishda hamkorlik shartnomasi imzolandi. Imzolangan hamkorlik shartnomasi TIQXMMI va CASCADE Konsorsiumiga O‘zbekiston Respublikasi hamda O‘rta Osiyoda SuperMap dasturlarining birinchi litsenzion foydalanuvchilari bo‘lib, talabalar, magistrantlar, doktorantlarga, shuningdek vazirlik va qo‘mitalarning mutaxassislarini malakalarini oshirishda dars jarayonlarini ushbu platformada olib borish imkoniyatini beradi.
* Ma’lumot uchun axborot: Xitoyning SuperMap Software kompaniyasi innovatsion GIS platformasi (geografik informatsion tizimi) va Osiyodagi xizmatlar uchun dasturiy mahsulotlarning yetakchi ishlab chiqaruvchilari va yetkazib beruvchilaridan biri, shuningdek IT-kompaniyasidir. Kompaniya 1997 yilda Xitoy fanlar akademiyasi negizida professor Chjong Yershong boshchiligida uning izdoshlari va doktorantlari bilan tashkil etilgan. Hozirgi kunda kompaniya qarorgohi Pekinda bo‘lib, 4000 dan ortiq xodimga ega, Xitoyda 20 ta filiali, Tokioda bitta vakolatxonasi, dunyoda ko‘plab agentliklari va sheriklari bor, jumladan Janubiy Koreya, Malayziya va boshqa mamlakatlar. 2009 yilda SuperMap Xitoyning birinchi GIS dasturiy ta’minotini ishlab chiquvchisi bo‘ldi. Endi kompaniya dunyodagi eng katta GIS platformalarini ishlab chiqaruvchilardan biriga aylandi. SuperMap Xitoyda GIS texnologiyalari bozorining 31,6 foiz ulushi bilan birinchi o‘rinni egallaydi va ESRI-ni ushbu sohada yetakchi bo‘lgan, taniqli AgrGIS dasturiy ta’minot platformasidan o‘tib ketdi. Hozirda SuperMap Osiyo, Yevropa, Afrika va Janubiy Amerikaga, shuningdek boshqa mamlakatlar va mintaqalarga muvaffaqiyatli kirib kelmoqda. U 30 dan ortiq mamlakatlarda distribyutorlar va sheriklar tarmog‘iga ega va 100 dan ortiq mamlakatlarda foydalanuvchilari bor.
Matbuot xizmati rahbari rahimboy jumaniyozov