Bugungi islohot – istiqbolga hisobot
Ta’limning tayanch kuchi ilmiy-pedagogik jamoaning majburiyati va mas’uliyatiga bog‘liq. Shunday ekan, pandemiya pand berishiga qaramasdan, mavjud vaziyat va imkoniyatdan kelib chiqqan holda, ish tutish davr talabi. Har qanday holatda, har qanday sharoitda ham ta’limga e’tibor aslo susaymasligini Prezidentimiz qayta-qayta uqtirgani hammamizning diqqat-e’tiborimizda. Shuning uchun ham bir soniya bo‘lsa-da, ta’limga e’tibor pasayishi mumkin emas.
Xo‘sh, ta’lim sohasidagi islohotlarga Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining yondashuvi qay yo‘sinda? 2020-yilning 7 - iyul kuni soat 11:00 da "Bugungi kunda Ogohlik - davr talabi" mavzuidagi onlayn muloqotda ana shu masalalar xususida so‘z bordi. Unda ta’lim muassasamizning deyarlik barcha jamoasi, prorektorlar, rektorat jamoasi, Ilmiy Kengash a’zolari, barcha fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, institutning barcha bo‘limlar xodimlari hamda ishlar boshqarmasi xodimlari, jami 400 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Onlayn muloqotga institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor Ruzimurat Choriev moderatorlik qilarkan, muloqotning maqsad-mohiyati haqida ma’lumot bera turib dastlabki mulohazalarni bildirishlari uchun institut rektori, professor Umurzakov O‘ktam Pardayevichga yuzlandilar. Institut rektori jamiyatimizda, xususan, oliy ta’lim tizimida hanuz uchrayotgan illat bo‘lmish korrupsiya va uning oldini olish borasidagi o‘z fikrlarini o‘rtoqlashdilar.
Muhtaram Prezidentimizning 2019 yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va undagi «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirilishi haqidagi harakatlar borasida so‘z yuritdilar. Birinchi navbatda oliy ta’lim tizimini rivojlantirish Konsepsiyasida ko‘zda tutilgan ta’lim sifatini va mazmundorligini oshirish hamda korrupsion harakatlarga mutlaqo chek qo‘yish zarur. Taassufki, MDH davlatlarining ta’lim tizimi hanuzgacha bu balodan qutula olmayapti. Respublika oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi bo‘lib bizning institut Uzreport telekanali va HUAWEI kompaniyasi bilan hamkorlikda professor-o‘qituvchilar ma’ruzalarini ommaviy-axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali talabalar e’tiboriga yetkazish ishlarini amalga oshirgani ta’lim tizimiga e’tiborimiz yuqori darajada ekanini bildiradi. Barcha imkoniyatlar safarbar qilinib, masofaviy ta’lim yo‘lga quyildi.
Kuni kecha 4 iyul kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov rahbarligida OTMlarda qabul jarayonlarining borishi masalalariga bag‘ishlab videokonferensiya tarzida o‘tkazilgan yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tdi. Unda oxirgi paytlarda OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilik e’tiboriga yetkazilgan oliy ta’lim muassasalari (NamDU, SamDAQI, BuxMTI, Nukus DPI, SamDU, TDO‘TAU, O‘zDJTSU) xodimlari tomonidan sodir etilgan korrupsiyaviy holatlar tanqidiy muhokama qilindi. Bu masalada rektorlar, ta’lim muassasasidagi ma’naviy-axloqiy muhit uchun mas’ul bo‘lgan prorektorlar faoliyatiga salbiy baho berildi.
So‘ngra rektor yuqoridagi illat, ya’ni korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari oxirgi uch yildan buyon keng qamrovda amalga oshirilayotgan bo‘lsa ham “Bugungi kunda Ogohlik-davr talabi” ekanini e’tirof etib barchani qat’iy ogohlantirdilar. O‘rinsiz harakatni, insonni sharmanda bo‘lishiga sabab bo‘luvchi illatni umuman MIYadan, XAYoLdan, TASSAVURdan ham chiqarib tashlasak, shaffoflik, xolislik va ob’ektivlikni ta’minlagan bo‘lamiz, dedilar. Barcha qilingan samaradorlik ko‘rsatkichlarini biron bir noma’qul hatti-harakat yoki muloqot bilan yo‘qqa chiqarishda sababchi bo‘lib qolmaslikka chaqirib, qonunga rioya etish hammaning qatiy belgilangan burchi ekanini eslatib o‘tdi. So‘ngra institutga 2020-2021 o‘quv yilida abiturentlarni qabul qilish bo‘yicha Qabul komissiyasi ishiga to‘xtalib, qilinayotgan ishlar ko‘ngildagidek emasligini ta’kidladilar. So‘zlarining yakunida davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan islohotlarga hissa qo‘shish sizning va bizning asosiy burchimiz sanaladi, deya uqtirdilar.
Keyin mavzu yuzasidan o‘z mulohazalarini bildirish uchun professor Altiev Abdurashid Sultonovich navbat oldilar. Ular korrupsiya har qanday sohaga putur yetkazishi mumkinligini aytib, hatto bu masalalarni hokimlik tizimiga, ayrim davlat organlariga borib bog‘lanayotgani haqida kuyunib gapirdilar. Korrupsiyaga qarshi agentlik tashkil qilingani o‘rinli bo‘lgani, endilikda bunda xatti-harakatlarning ildiziga bolta urilishi haqida gapirdilar. Chunki bu holat oyoqqa kishandek, taraqqiyotga to‘siq bo‘layapti dedilar. Qonun buzilishlariga yo‘l qo‘yib bilib bilmasdan qilingan ish ta’limga xiyonat ekanini ta’kidlab o‘tdilar.
So‘ngra akademik Mirziyod Mirsaidov kuni kecha televizor orqali namoyish etilgan Samarqandda diplom sotish bilan shug‘ullanib jamoasi oldida mulzam bo‘lganlarning fojiasidan saboq olish, to‘g‘ri xulosa chiqazish kerakligini e’tirof etdi. Institutning mavqei kundan kunga oshib, jahonga yuz tutib borayotgan bir paytdagi noma’qul harakat hammamizning yuzimizga dog‘ tushirishi mumkinligini kuyunib gapirdilar. Chunki, yaqin orada Jahon miqyosidagi 1000 talikka kirishimiz muqarrar bo‘lgan paytda yuzimiz yorug‘ bo‘lishi kerak.
Institutimizning Buxoro filiali direktori Nusrat Murodov bo‘layotgan tadbir va onlayn muloqotlardan tegishli xulosalar chiqarayotgani, bu yilgi Qabulni yorug‘ yuz bilan shaffof tarzda o‘tkazishga so‘z berib, har bir jarayonni o‘zi shaxsan nazorat qilib borayotganini ta’kidladi. Rektor unga javoban ijtimoiy tarmoqda biron bir noxush gap tarqalsa, albatta munosabat bildirib, ular uzrini aytishni talab etish odillik va xolislik belgisidir deya ilova qildilar. Muloqot davomida qabul komissiyasining mas’ul kotibi Alisher Fathullaev qabul jarayonida olib borilayotgan faoliyatga izoh berib o‘tdi.
Magistr Sanjar Baydillayev ta’lim tizimidagi zaruriy talablarni amalga oshirishdagi muammolarga to‘xtaldi. Professor Uchqun Xolmatovich Ne’matov “pora olganni yuzini ko‘rsatmasdan TV orqali namoyish qilish o‘rinsiz ekanini, imkon bo‘lsa ochiqdan-ochiq basharasini ko‘rsatib, lozim bo‘lsa mahallalarida ham rasmlarini ilib qo‘yish kerak, shundagina firibgarlikning oldi bir muncha olingan bo‘lardi”,- dedi. Rektorimiz fikr bildirganlarni mulohazalarini ma’qullash asnosida pandemiya xavfi hali tugamagani, uning ikkinchi to‘lqini kirib kelmasidan, barcha gigiena qoidalariga rioya etish lozimligini yana bir bor eslatdilar. R. Choriyev institut xodimi uydami, to‘ydami, ko‘cha ko‘ydami, qaerda bo‘lmasin, ibratli bo‘lishi, namunaviy axloqqa ega bo‘lmog‘i kerakligini ta’kidlab tadbirga yakun yasadilar. Shuni unutmaslik kerakki, bugungi ijobiy harakat ertangi ijodiy barakat belgisidir.
TIQXMMI matbuot xizmati