“DSinGIS” loyihasi Erasmus+ ko’rgazmada g’oliblikni qo’lga kiritdi

Qilingan harakatlar va amalga oshirilgan ishlar natijasi g’alaba  bilan yakunlansa, quvonch va shod-xurramlik chulg’aydi kishini. Bu rag’bat aslida, e’tiborning bir ko’rinishi va ayni paytda, mamlakat ilm-fani taraqqiyotiga xizmat qilishning muhim bir omilidir.

Joriy yilning 5 oktabr kuni O’zbekistondagi Erasmus+ Milliy Ofisi (NEO) tomonidan Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetida “Erasmus+ Axborot kuni” deb nomlangan tadbir tashkil etildi. Unda Yevropa Ittifoqining ta'lim, audiovizual vositalari va madaniyat ijroiya agentligi (EACEA) loyiha maslahatchisi Piya Xeynamaki xonim ishtirok etdi.

Mazkur tadbirda loyihalarga hujjat topshirish, ularga qo’yiladigan talablar, loyihani yozish va boshqarish bo’yicha axborot va ko’rsatmalar berilib, muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan loyiha rahbarlari o’zlarining tajribalari bilan o’rtoqlashdilar. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida respublikamiz OTMlari tomonidan hamkorlikda amalga oshirilgan va amaldagi xalqaro loyihalar ko’rgazmasi ham tashkil etilib, unda jami 32 ta turli yo’nalish va sohalarga qaratilgan loyihalar ishtirok etdilar. Jumladan, mazkur ko’rgazmada institutimizning “DSinGIS-Geoinformatika sohasida doktorantura” loyihasi jamoasi – loyihaning O’zbekistondagi Milliy koordinatori, va institut Xalqaro hamkorlik bo’limi boshlig’i I.Abdurahmanov, loyihaning Milliy menejeri, “Ekologiya va suv resurslarini boshqarish” kafedrasi tayanch doktoranti M.Reimov hamda Xalqaro hamkorlik bo’limi metodisti A.Xamraliyev va Ta'lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi bosh mutaxassisi Z.Mamatqulov ishtirok etdilar.

Ko’rgazma davomida DSinGIS loyihasiga tadbir ishtirokchilari orasidan qiziquvchilar ko’payib, ular o’zlarining qiziqtirgan savollariga javoblar oldilar. Xususan, Yevropa Ittifoqi vakili Piya Xeynamaki ushbu loyiha to’g’risida o’zining ijobiy fikrlarini bildirdi. Ko’rgazma bir qator Yevropa hamda Osiyo davlatlaridan tashrif buyurgan ekspertlar tomonidan o’rganib chiqilib, turli kriteriyalar bo’yicha baholandi. Unda institutimizda amalga oshirilayotgan “DSinGIS: Geoinformatika sohasida doktorantura” loyihasi ko’rgazmada ishtirok etgan 32 ta xalqaro Erasmus+ loyihalari orasida faxrli 1-o’rinni qo’lga kiritdi.

Shuningdek, I.Abdurahmanov va M.Reimov tomonidan “Loyihaning mahalliy jamoasi tomonidan moliyaviy boshqaruvining amalga oshirilishi” mavzusida taqdimot qilinib, ular mazkur yo’nalishdagi o’z tajribalari bilan o’rtoqlashdilar. Mazkur taqdimot qatnashchilarda katta qiziqish uyg’otib, ular o’zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

DSinGIS loyihasi haqidagi batafsil ma'lumotni loyihaning quyidagi web sayti orqali olishingiz mumkin:

http://geoinformatics.uz

Ta’kidlab o’tish joizki, bugungi kunda institutimizda amalda jami 16 ta turli loyihalar amalga oshirilayotgan bo’lib, shulardan 10 tasi Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida bajarilayotgan loyihalardir.

 

Xalqaro hamkorlik bo’limi metodisti A.Xamraliyev axboroti

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov