Davlat-xususiy sherikchiligining mohiyati
So‘nggi yillarda yig‘ilgan xalqaro tajribalar ko‘rsatib turibdiki, iqtisodiy rivojlanish va davlat (jamiyat) mulkini boshqarish samaradorligini oshirish uchun resurs bazasini kengaytirish va foydalanilmayotgan resurslarni mobilizatsiya qilishning asosiy mexanizmlaridan biri davlat-xususiy sherikchiligi (DXSh) hisoblanadi.
Mazkur anjuman O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 fevraldagi 133-F-sonli Farmoyishi bilan tasdiqlangan “2019 yilda Respublika miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy va ilmiy-texnik anjumanlar rejasi”ga asosan tashkil qilindi. Konferensiyaning maqsadi qishloq va suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik mexanizmini shakllantirish va rivojlantirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Shuningdek, sohaga investitsiyalarni joriy etish tajribalarini umumlashtirish asosida takliflar tayyorlanadi.
Davlat-xususiy sheriklik mexanizmidan dunyoning barcha rivojlangan mamlakatlarida iqtisodiyotning ko‘pchilik sohalarida keng foydalanilmoqda. Xususan, davlat-xususiy sheriklik yordamida investitsiyalar yo‘l infrastrukturasi, aeroportlar, temir yo‘llar, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot sohalariga yo‘naltirilgan. Davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha dunyoda Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSh peshqadamlik qilmoqda. Davlat-xususiy sheriklik loyihalari boshqa mamlakatlarda ham rivojlanmoqda, MDH mamlakatlarida bunday loyihalar Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘istonda rivojlanmoqda. Qishloq va suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklikdan foydalanish bo‘yicha Janubiy va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlari peshqadamlik qilmoqdalar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida turizm, hududlarda zamonaviy ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, aerokosmik texnologiyalarni joriy etish sohalarida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirish belgilab berildi. 2019 yil – “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da qishloq xo‘jaligining muhim tarmog‘i hisoblangan urug‘chilik davlat-xususiy sheriklik asosida klasterlarni tashkil etishda, umumiy o‘rta ta’lim tizimida, tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish jarayonida, yangi madaniyat va istirohat bog‘larini tashkil etishda, kommunal xo‘jalik sohasida, davlatning boshqaruv sohasida davlat-xususiy sheriklik imkoniyatlaridan keng foydalanish vazifasi qo‘yildi. Bundan ko‘rinib turibdiki, davlat-xususiy sherikchiligi hayotimizning har jabhasiga kirib bormoqda.
Hozirgi kunda qishloq va suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish va shakllantirishning aniq yo‘nalishlari belgilab berilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda. Anjumanga olimlar, professor-o‘qituvchilar, soha mutaxassislari, ilmiy izlanuvchilar, magistrantlar va talabalardan 150 ga yaqin ilmiy maqolalar kelib tushgan.
Anjuman yalpi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari A. Mirzaev, O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirligi huzuridagi davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi mutaxassisi A.G‘aybullaev, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi boshqarma boshlig‘i Sh.Sattorov, Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi bosh ilmiy kotibi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor N.Xushmatov, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi mutaxassisi A.Choriev, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti kafedra mudiri A.To‘laboev, dotsent G‘.Dusmuratov, talabalar S.Hoshimov va J.Hasanovlar ma’ruza qilishdi.
Anjuman kunning ikkinchi yarmi va 2 may kuni quyidagi 4 ta sho‘bada o‘z ishini davom ettiradi:
-Suv xo‘jaligi va melioratsiya masalalari hamda suv xo‘jaligi sohasida davlat-xususiy sherikchiligi: muammolar va yechimlar;
-Qishloq va suv xo‘jaligida innovatsion texnika va texnologiyalarni joriy etish hamda ularda davlat-xususiy sherikchiligini qo‘llash;
-Yer va suv resurslaridan samarali foydalanish hamda qishloq va suv xo‘jaligida davlat-xususiy sherikchiligini tashkil etish va boshqarish;
-Mamlakat iqtisodiyotining boshqa tarmoq va sohalarida (ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, kommunal xo‘jaligi, davlat boshqaruvi va boshqalar) davlat-xususiy sherikchiligining mahalliy va xorijiy tajribalari.
Institut matbuot kotibi RAHIMBOY JUMANIYОZOV