Besh asrning ikki qanoti
Orada besh yuz yillik vaqt masofasi bor. Bu o‘zbek madaniyati va san’atining ikki darg‘asi - Hazrat Alisher Navoiy va xalq shoiri Abdulla Oripovning qutlug‘ sanalari bilan bog‘liq. Bu ayni kunlarda keng nishonlayotganimiz Navoiy hazratlarining 580 va Abdulla Oripovning 80 yilligiga daxldor bo‘lgan Prezidentimizning maxsus qarorlarida o‘z mohiyatini ifoda etadi. Bugun 9-fevral kuni barcha tashkilotlar, oliy ta’lim muassasalari Alisher Navoiy tavalludiga bag‘ishlangan katta tadbirda ishtirok etishdi. Mazkur tadbir Alisher Navoiy haykali oldida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Mir Alisher Navoiyni mutafakkir shoirligi, davlat arbobi ekanligi xaqida juda iliq fikrlar aytishdi. Barcha oliy ta’lim muassasalar qatori Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlari ham hazrat Navoiy haykali poyiga gullar qo‘yib xotirlashdi. Tadbir juda a’lo darajada o‘tdi. Shu bilan bir qatorda institutning "Yer resurslarini boshqarish" fakulteti Yoshlar bilan ishlash buyicha dekan muovini X.Eshova fakultetning iqtidorli talaba-yoshlari va jamoasi, institut kutubxonalari xodimlari, talabalar turar joyi tarbiyachi pedagoglari, institut Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor R.Choriev boshchiligida atoqli ijodkorning haykali poyiga gullar qo‘yishdi.
Xiyobonda kitob javonlari qo‘yilib, Abdulla Oripov hayoti mobaynida yozgan kitoblari namoyish etildi. Ayniqsa, talaba-yoshlarimiz tomonidan she’rxonlik uyushtirilib adabiyot shinavandalari mushoiraga chorlandi. Unda shoir ijodidan namunalar, shoirning ona Vatan haqidagi she’rlari aytildi. Tadbirda shoirning rafiqasi Hanifa opa va qizlari Shoiraxon Abdulla akaning hayotiy kechinmalari va faoliyati borasida to‘lqinlanib gapirib, uning she’rlaridan ayrim namunalarni o‘qib berishdi. Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Sharifa Salimova, Farog‘at Xudoyqulova, Botir Ergashev, Amirqul Karimov va taniqli jurnalistlardan Ahmad Nur, mashhur aktyorlardan xalq artisti Turg‘un Azizov, xizmat ko‘rsatgan artistlar Ra’no Yarasheva, Mehriddin Rahmatov, Lola Eltoeva hamda professor Jamila Shermuhamedovalar ulug‘ shoir bilan bog‘liq xotirotlarini o‘rtoqlashdilar.
So‘ngra tadbir qatnashchilariga minnatdorchilik bildira turib institut prorektori R. Choriev bugungi kunda adibning ijodini targ‘ib qilish maqsadida yo‘l xaritasi ishlab chiqilgani, shoir ijodi va hayot yo‘liga bag‘ishlangan ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy, badiiy va ijodiy tadbirlar o‘tkazib kelinayotgani, yangi qiziqarli dasturlar rejalashtirilayotgani borasida axborot berib o‘tdi. Jumladan, Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muzey tashkil qilingani va shoir nomida stipendiya hamda ko‘krak nishoni ta’sis etilgani, Abdulla Oripov tug‘ilib o‘sgan Koson tumanidagi Neko‘z qishlog‘iga talabalar bilan sayohatlar uyushtirish, shuningdek, institutda Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash va shu munosabat bilan respublika miqyosida konferensiya tashkil etish, Abdulla Oripov to‘g‘risida hujjatli film yaratish, institutda «Abdulla Oripov izdoshlari» to‘garagini tashkil etilishi, Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi bilan hamkorlikda tadbirlar tashkil etish, shoir she’rlari asosida taniqli san’atkorlar ijrosida katta konsert dasturi o‘tkazish kelgusida amalga oshiradigan rejalar hisoblanadi.
Ikki adib besh yuz yildan ziyod muddat mobanidagi madaniyatimizning qo‘sh qanoti. Ularning adabiy merosidan avlodlarimiz ko‘p yillar ma’naviy oziq olishiga shubha yo‘q. Yosh avlodning bular ijodiyotiga ehtiromi, e’tiqodi, mehri va ixlosi yuqori bo‘layotgani sir emas. Bu esa uchinchi renessansning bo‘y ko‘rsatishidan nishondir.
TIQXMMI matbuot xizmati