Ta’limdagi illatlar ildizi

Kasallikni ma’lum muddat mobaynida uzluksiz ravishda tizimli muolajalar bilan davolash mumkin. Lekin ijtimoiy hayotda shunday bir illat borki, uni butunlay tag tubi bilan quritishning iloji bo‘lmayapti. Bu koronavirus kabi butun dunyoga yoyilgan korrupsiya balosidir. Taraqqiyotga to‘siq, rivojlanishga g‘ov bo‘layotgan ushbu illat, ayniqsa, ta’lim va o‘qishga qabul masalarida yaqqolroq ko‘zga tashlanayotgani sir emas. Bu haqda hukumatning qonun va qarorlari qabul qilingan bo‘lsa ham, pora berish va pora olish bilan bog‘liq jinoyatlar televidenie orqali namoyish qilinayotgan bo‘lsa ham baribir uning oldini olishdagi muammolar yechilmayapti. 9 iyul kuni soat 11.00da Respublika Oliy ta’lim Kengashining navbatdan tashqari kengaytirilgan ZOOM dasturi orqali tashkil etilgan onlayn yig‘ilishida xuddi shu masalaga e’tibor qaratildi. Tadbirni moderator sifatida kengash raisi, TIQXMMI rektori, professor Umurzakov O‘ktam Pardayevich boshqarib bordi. Unda kengash a’zolari, rektorlar va filial direktorlari hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament vakillaridan iborat jami 110 dan ziyod ishtirokchi qatnashishdi. Kengash raisi kirish so‘zida "Bugungi kunda ogohlik - davr talabi" mavzui nuqtai nazaridan o‘z mulohazalarini bildirdi. Jumladan, Prezidentimiz tomonidan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilayotganini e’tirof etdilar. Ta’bir joiz bo‘lsa, mamlakat generatori hisoblangan oliy ta’lim tizimida millat va taraqqiyot kushandasi bo‘lmish korrupsiyadan xalos bo‘lolmayotganimiz borasida so‘z yuritib, Prezidentimizning 2019 yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va undagi "Korrupsiyasiz soha" loyihasini amalga oshirilishi xususida o‘z mulohazalarini bildirdilar. Nazarimda, - deya fikrlarini davom ettirdi Kengash raisi, - faqat MDH davlatlarining ta’lim tizimi hanuzgacha bu balo qazodan qutula olmayapti.

Bugungi kunda oliy ta’lim tizimida uchta asosiy muammo bor, bular: Kirish. Sifat. Tenglik. Bu muammolar har qanday mamlakatda oliy ta’lim uchun o‘ta dolzarbdir. Chunki har uchalasi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib va ularni ajratib bo‘lmaydi. Buning negizida ko‘zga ko‘rinmas “korrupsion vabo” yotibdi. Binobarin, bu illatning eng og‘riqli nuqtasi qaerdaligiga bir nazar tashlang. Oliy ta’lim sohasida korrupsiya ko‘lami O‘zbekiston universitetlarining chet ellik talabalar uchun jozibadorligini tushirib yuboradi. O‘zbekistonga kelib tahsil oladigan talabalar sonining kamayishi esa O‘zbekiston oliy ta’limi obro‘sining tushib ketishiga olib keladi va o‘z navbatida xalqaro reytingda mavqeyi pasayib mehnat bozoriga sifatsiz mahsulotlar “ya’ni kadrlar” kirib keladi. Bir tassavur qiling yana 15-20 yildan keyin shu kadrlar mamlakatni boshqarsa, ta’lim yoki tarbiya bilan shug‘ullansa, kelajak yosh avlodni qanday oqibatga olib kelishi mumkin, deya kuyunchaklik bilan gapirdi Kengash raisi. So‘ngra shu mavzu bilan bog‘liq holda fikrlarini aytishlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti bo‘lim boshlig‘i Jahongir Ibragimovga so‘z berdilar. Ular islohotlar samarasiga zid bo‘lgan korrupsiya haqida, uning tizimga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganiga misollar keltirib o‘tdi.

J. Ibragimov o‘z nutqida o‘qishga kiritish, boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chirish, grant pullarini tarqatish, talabalarni yotoqxonalarga joylashtirish, bakalavr tizimida, kurs ishlari himoyasida, lavozimni o‘zgartirishda, soxta diplomlarni sotish, diplomlarni nostrifikatsiya qilishda, maishiy xizmat texnik uskunalari, qurilish uchun ajratilgan pullarni o‘zlashtirish kabi ko‘pgina holatlarda korrupsion harakatlarni ko‘rish mumkinligini ta’kidladi. So‘ngra mavzu yuzasidan Respublika oliy ta’lim Kengashi a’zolari, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsieva, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov va Oliy ta’lim muassasalari rektorlari kengashi raisining o‘rinbosari, Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadritdin Turobjonov va Toshkent davlat pedagogika universiteti rektori Alisher Umarov, Toshkent davlat yuridika universiteti rektori Rahimjon Hakimov va boshqalar o‘z mulohaza, tavsiya va takliflarini bildirdilar. Kengash raisi onlayn yig‘ilishni yakunlar ekan, yuqorida bildirilgan mulohazalar nuqtai nazaridan bir necha qarorlarni qabul qilganliklari borasida ushbu mulohazalarni qayd etdilar.

"O‘tgan yili rektorlar murojaatnomasi e’lon qilingandi. Bu OAVda e’lon qilindi. Natija ko‘ngildagidek bo‘lmagani rost. Bu gal murojaat qilmoqchi emasmiz. Avvalo, har bir rektor bugungi ko‘tarilgan masalalarni aniq va ta’sirsan shaklda prorektorlardan tortib laborantlargacha karantinni e’tiborga olgan holda onlayn tarzda yetkazishi shart. Ikkinchidan, bu masalalarni aholiga yetkazishimiz kerak. Aminmanki, har bir viloyatda rektorlar, professor-o‘qituvchilar korpusida tuman, shahar va viloyat deputatlari hatto senatorlar ham bor. Qolaversa, bizning respublika oliy ta’lim kengashi tarkibida ham bor. Ular ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar qilib aholiga yetkazishga o‘zlarining saylovchilar yashaydigan hududlarga borib masala mohiyatini tushuntirishlari zarur. Aholining huquqiy savodxonligi yetarli emas, tan olish kerak. O‘qish va ish masalasida albatta, rektorlarga yo‘l topib, tanish-bilish izlashga tushishadi. Bu korrupsion holatlarni kelib chiqishi nodonlik, aholining huquqiy savodsizligidan, aslida. Uchinchidan, o‘qituvchilarning ayrimlari ana shunday qabih ishga moyil hamkasblarini bilishadi, lekin indashmaydi, jim turishadi. Buni qanday tushunish mumkin. To‘rtinchidan, biz "El-yurt umidi" jamg‘armasi bilan bir necha so‘rovlar o‘tkazib tahlillarni tayyorladik. Yaqin orada kengashimiz va rektorlar kengashini chaqirib onlayn orqali ularga yetkazamiz. Beshinchidan, Rektorlar kengashining prezidiumini tashkil qilamiz va unda har bir sohaning vakili, har bir viloyat vakili bo‘ladi. Ular sho‘ba bo‘lib o‘zlarining masalalarini muhokama qilib prezidiumga chiqazishadi. Xorijiy tajribalarni o‘rganib, antikorrupsion dasturlarni pishiq ishlashimiz kerak. Oltinchidan, Respublika oliy ta’lim kengashi tarkibi biroz o‘zgaradi. Biz xursandlik bilan Kengashimizning uchta a’zosi G‘ulom Samadov, Xushnudbek Xudoyberdiev, O‘ktam Salomovlarning yuqori vazifalarga ko‘tarilgani bilan chin dildan qutlaymiz", - deya Kengash raisi mamnuniyat bilan o‘z mulohazalarini yakunladilar. Onlayn yig‘ilish ochiq va samimiy tarzda, qizg‘in savol-javoblar yo‘sinida o‘tdi.

TIQXMMI matbuot xizmati