Institutimizning Qarshi filialida
Mustaqilligimizning 28 yilligi bayramini katta shodiyona bilan kutib olingan shu kunlarda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Qarshi filiali 1-kurs talabalari safiga qabul qilinganligi quvonarlidir. Bular institutimiz Qarshi filialining qaldirg‘ochlari sifatida birinchi bo‘lganliklarini eslab yurishadi.
Muhtaram Prezidentimiz 2018 yilning 13-14 dekabr kunlari Qashqadaryo viloyatidagi tashriflarida, o‘lkamizning janubiy vohalarida xususan, Qashqadaryo viloyatida qishloq va suv xo‘jaligi sohasida yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj juda yuqoriligini inobatga olib, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Qarshi filialini ochish taklifini ta’kidlagan edilar.
Shu bois, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 maydagi 437-sonli Qaroriga asosan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshi filiali tashkil etildi.
Muhtaram yurtboshimiz rahnamoligida yoshlarga ko‘rsatilayotan yuksak g‘amxo‘rlikning namunasi sifatida qisqa muddatda Qarshi shahri markazida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshi filiali uchun 900 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosi barpo etildi.
Institutimiz rektori O‘.Umurzakov o‘z nutqlarida bunyod etilgan ushbu o‘quv binoda talabalar chuqur bilim olishlari uchun yaratilgan barcha qulay shart-sharoitlar uchun institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, talabalar va ota-onalar nomidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlis senati a’zosi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi, Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Sharopovich Ro‘ziyevga, “Sho‘rtan gaz kimyo” MChJ qurilish montaj tashkiloti rahbari, “Shuhrat” medali sohibi Ibrohim Halilov va barcha quruvchilarga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Prezidentimizning 2019 yil 6 sentyabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5812-sonli Farmonlariga asosan 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab yurtimizda Ta’limning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uyg‘unlashgan yangi boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim tizimi hamda tabaqalashtirilgan ta’lim dasturlari joriy etiladigan ta’lim muassasalari tarmog‘i tashkil etiladi.
Shunday ekan, filialda tashkil etilgan zamonaviy o‘qitish vositalari bilan jihozlangan keng va yorug‘ auditoriyalar, o‘quv-laboratoriya xonalari, lingofon va kompyuter sinflari, barcha qulayliklarga ega Axborot resurs markazi, sport zali, talabalar oshxonasi, talabalar turar joylari – yoshlarni chuqur bilim olishiga, malakali mutaxassis, jismonan va ma’nan sog‘lom shaxslar sifatida shakllanishiga zamin yaratadi.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Qarshi filialiga 2019-2020 o‘quv yilida 6 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga jami 254 nafar yoshlar talabalikka qabul qilindi. Eng e’tiborli tomoni shundaki, Respublikamizda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va 12 ta viloyat mavjud bo‘lsa, shundan joriy o‘quv yilida filialga talabalikka qabul qilinganlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va yana 10 ta viloyatdan tashrif buyurganligi kishini behad quvontiradi. Aynan shu ko‘rsatkichning o‘zi ham Prezidentimizning ushbu qarorlari o‘ta dolzarbligidan dalolat berib turibdi.
Joriy o‘quv yilida Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish, Suv xo‘jaligi va melioratsiya, Gidrotexnika inshootlari va nasos stansiyalaridan foydalanish, Yer kadastri va yerdan foydalanish, Texnologiya jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va boshqarish, Geodeziya va geoinformatika ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Viloyatdagi kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni muntazam ravishda o‘rganib, bu yo‘nalishlar soni va turlarini yanada kengaytirib va ko‘paytirib borish, qishloq va suv xo‘jaligi tashkilotlari va korxonalarida faol mehnat qilayotgan sohaning fidoiy xodimlari uchun sirtqi ta’limni ham yo‘lga qo‘yish va’da qilindi.
Shuningdek, rektor O‘. Umurzakov sirtqi ta’limda ham kunduzgi ta’limdan kam bo‘lmagan o‘qitish sifati ta’minlanishini, bu borada masofaviy ta’lim, innovatsion ta’lim texnologiyasi va o‘qitishning eng zamonaviy uslublari joriy qilinishini, Bosh institutning eng tajribali akademiklari, professorlari o‘quv jarayoniga muntazam ravishda jalb qilib borilishini, kelgusida filialda magistratura va doktorantura ta’lim bosqichlari ham yo‘lga qo‘yilishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Bugungi kunda filial talabalariga Germaniyaning Hohenheim universitetida o‘zining PhD dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan, Wageningen universiteti Environmental Sciences yo‘nalishi bo‘yicha ikki tomonlama Master degree (Msc) darajasini olgan o‘qituvchilardan iborat 20 dan ortiq professor-o‘qituvchilar o‘quv mashg‘ulotlarini olib borishadi. Ularning 8 nafari ilmiy daraja va ilmiy unvonga ega bo‘lib, olimlar salmog‘i 40 % ni tashkil etadi.
Bu harakatlarning hammasi mamlakatimizning chinakam ma’nodagi rivoji uchun intilish hamda ta’lim tizimiga yuqori darajadagi e’tibor va bilimli, tajribali soha mutaxassislarini tayyorlash bilan bog‘liqligi oynadek ravshan.
Institut Matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov