Konstitutsiyamiz – urib turgan yuragimiz

Bosh qomusimiz - Asosiy qonunimiz sifatida e’tirof etiladigan Konstitutsiyamizning 26 yilligi munosabati bilan institutimizda joriy yilning 7 dekabr kuni Madaniyat saroyida katta ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Zal talaba va professor o‘qituvchilar bilan liq to‘la. O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi yangradi. Tadbir tantanali tarzda boshlandi.
Tadbirni o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Mirzaev Bahodir Suyunovich o‘zlarining kirish so‘zlari bilan ochib berdilar,
Undan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasining deputati Akmal Rahmonov so‘zga chiqdilar. Turli davlatlarda konstitutsiya masalasiga munosabat qay yo‘sinda bo‘lgani haqida muxtasar ma’lumot berib o‘tdilar. 1787 yili AQShda birinchi konstitutsiya qabul qilingan. Fransiyada konstitutsiya 15 marta qabul qilingan, Angliyada esa to hanuz qabul qilinmagani xususida qisqacha to‘xtalib, bizning konstitutsiyamiz gumanizm ruhi bilan sug‘orilgan insonparvarlik qomusi ekanini ta’kidladilar. Konservatorlar yangilik kiritishni, o‘zgarish qilishni xush ko‘rmaydiganlar bo‘lsa, reformatorlar taraqqiyot va yuksalish sari intiluvchilar bo‘lishini ham aytib o‘tdilar. Islohotlar taraqqiyotga xizmat qilishi aniq.
Keyin esa so‘z huquqshunos olim Jumanazar Xolmo‘minov, va O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining a’zosi, iqtidorli shoir Shodmonqul Salomga berildi. Ijodkor institut talabalari ishtirokida konsert dasturi tadbirga fayz kiritdi.
Bugun qalbimizdagi g‘ururni tuyadigan, dunyo bo‘ylab ijtimoiy, siyosiy va xalqaro maydondagi nufuzimizga daxldor bo‘lgan ulug‘ bayramimiz arafasidamiz.
Ma’lumingizkim, jonajon O‘zbekistonimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllandi, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin oldi.
Mamlakatimizning huquqiy poydevori bu shubhasizki, Asosiy qonunimiz – Konstitutsiyamizdir. Taraqqiyotimiz mezonlarini va yutuqlarimizning kafolatini u bilan bog‘lanishi bejiz emas.
Konstitutsiyamiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yo‘limiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi.
Konstitutsiyamiz asosida mamlakatimizda milliy qonunchilik tizimi, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari shakllandi. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyatimiz yuksalib, fuqarolarimizning dunyoqarashi tobora o‘sib bormoqda. Bularning barchasi, eng avvalo, Bosh qomusimizning hayotbaxsh kuch-qudrati natijasidir.
Asosiy qonunimiz ikki marta – 1992 yil sentyabr va noyabr oylarida umumxalq muhokamasiga olib chiqildi. Loyihalar muhokamasida keng jamoatchilik, butun xalqimiz faol ishtirok etib, mamlakatimizning taraqqiyot yo‘li, uning kelajagiga daxldor ko‘plab fikr-mulohazalar va takliflar bildirdi.
Umumxalq muhokamasi yakunlariga ko‘ra, Bosh qomusimiz loyihasiga 100 dan ziyod tuzatishlar kiritildi va 1992 yil 8 dekabr kuni Oliy Kengash sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi.
Mana shu o‘tgan chorak asrdan ziyod muddat davomida mamlakatimizdagi tub islohot va o‘zgarishlarning barchasi Konstitutsiyamiz asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa uning haqiqatan ham xalqimiz manfaatlariga, davlatimizning strategik maqsadlariga to‘la javob beradigan, har tomonlama puxta ishlangan muhim siyosiy hujjat ekanidan dalolat beradi.
Taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘yilar ekan, salohiyat va imkoniyatlarimizni xolis baholash bilan birga, xato va kamchiliklarimizni ham atroflicha tanqidiy tahlil qilish zaruratini Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev alohida e’tirof etgan holda, barcha islohotlarga o‘zlari bosh bo‘layotgani sir emas.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini qabul qilingani va mazkur hujjat mohiyatiga ko‘ra, jamiyat hayotining barcha sohalaridagi tizimli islohotlarning “yo‘l xaritasi”ga aylangani rost.
Birgina ta’lim tizimini oladigan bo‘lsak, ulkan islohotlarning samarasi o‘laroq, katta ishlar amalga oshirildi. Fan va ishlab chiqarish sohasining uzviy bog‘liqligi va kadrlar masalasida bir muncha ijobiy ishlar amalga oshirilganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ayni paytda farzandlarimiz tarbiyasida eng asosiy bo‘g‘in hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimiga e’tibor yuqori darajada bo‘lishi mamlakatimizning istiqboli bilan bilan bog‘liqligi ayon. To‘g‘ri, ushbu sohaga bir paytlar e’tiborimizni susaytirib yuborganimiz oqibatida ko‘pgina muammolar yig‘ilib qolganini ochiq aytish lozim, deb ta’kidlagandilar muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich.
Bog‘cha tarbiyasini ko‘rgan bolaning ongi, dunyoqarashi qanday yuqori bo‘lishini bugun kimgadir isbotlab o‘tirishning hojati yo‘q.
Shuning uchun ham Prezident tashabbusi va rahnamoligida Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi. Mazkur vazirlik zimmasiga ma’muriy islohotlar doirasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, bir qator muhim vazifalar yuklandi. Bu borada qabul qilingan dasturga muvofiq yaqin 3-4 yil mobaynida yurtimizdagi barcha hududlarda – bu katta shaharlar bo‘ladimi yoki olis qishloq va ovullar bo‘ladimi, yuzlab yangi bog‘chalar qurildi. Ularni zamonaviy talablar asosida jihozlab, malakali tarbiyachi va mutaxassislar, yangi metodika bilan ta’minlash borasida qizg‘in ishlar olib borildi.
“Inson manfaatlari hamma narsadan ulug‘” degan g‘oya asosida katta ishlar amalga oshirilayotgani bularning asosida yangi, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlashdek muhim maqsad borligini inkor etib bo‘lmaydi. Bu ishlar Konstitutsiyamizning asosiy tamoyillarini ro‘yobga chiqarishdagi ulkan qadamlardandir.
Ta’lim va tarbiya borasidagi huquqiy savodxonlik va huquqiy madaniyatga ega bo‘lish samaralidir.
Birgina institutimiz misolida oladigan bo‘lsak, qator tajribalar, ilg‘or texnologiyalarni ta’lim jarayoniga jalb etish harakatlarimizning samarasini bermoqda. Bu borada xorij davlatlarning ilg‘or tajribalaridan keng va maqsadli foydalanish, chet el investitsiyalarini kiritish, ayni paytda davlatlararo hamkorlik va do‘stlik rishtasini mustahkamlash borasidagi ishlarimiz e’tiborga molik.
Shu yilning o‘zidayoq, institutimizda Yaponiya, Xitoy, Germaniya, Koreya, Rossiya, AQSh, Vengriya, Turkiya kabi xorijiy davlatlarning fan-ta’lim mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyalar hamda imzolangan memorandumlar, Klaster markazining ishga tushirilishi kabi yutuqlar zamirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan qator qonun va qarorlari, xususan bizning institutimizga daxldor bo‘lgan joriy yilning 8 may kuni qabul qilingan “Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3702-sonli qarorida ko‘rsatilgan talablar alohida ahamiyatga ega.
Jamiyatimizda “Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar” degan prinsipni qaror toptirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimiz safarbar etilmoqda.
Xalqimiz uchun munosib hayot darajasini yaratib berish maqsadida, eng avvalo, kuchli iqtisodiyotni barpo etish, mamlakatimizning xalqaro maydonda har tomonlama raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadga muvofiq.
Bugungi kunda dunyo miqyosida shafqatsiz raqobat tobora keskin tus olmoqda. Bunday murakkab sharoitda zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini keng joriy etish bo‘yicha biz uzluksiz ish olib borishimiz kerak. O‘tgan yili qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmon ayni shu maqsadlarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgani bilan g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Prezidentimizning «Buyuk kelajagimiz bugundan boshlanadi» degan shiorida konstitutsiyaviy huquq va burchlarga og‘ishmasdan amal qilishga, xalqimizning farovon hayotini ta’minlash uchun bor kuch va salohiyatimizni ishga solishga chorlov borligini sezish qiyin emas. Davlat organlarining kundalik faoliyatida inson huquq va erkinliklari ustuvorligiga oid konstitutsiyaviy tamoyil so‘zsiz amal qilsa, «Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan prinsip barcha bo‘g‘indagi rahbarlar faoliyatida asosiy qoidaga aylansa, istiqbolli rejalar muddatidan oldin hal etiladi. Jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini himoya qilish muqaddas burch. Xuddi shu ma’noda, Konstitutsiyani urib turgan yuragimiz desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Institut Matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov