Talabalar notiqlik to‘garagida

Uchta tushuncha zamon va makon tanlamaydi. Bular so‘zlash, tinglash va anglashdir. Odamzot yaralibdiki, o‘zaro munosabat jarayonida ana shu uch birlikka amal qilib kelinadi. Buning namoyon bo‘lishi har bir xalqning o‘z mentalitetiga mos va xos. O‘zaro munosabat, murojaat qilish jarayonidagi o‘zni tutish va fikr almashuvlar muomala madaniyati tushunchasida uyg‘unlashadi. Munosabat, murojaat, muloqot, munozara, mubohasa, muhokama, mulohaza singari tushunchalarning barchasi muayyan millatning tiynatiga mos bo‘lgan ziynatlar bo‘lib, u etik va estetik me’yorlar, qoidalar bilan amalga oshiriladi. Muloqot qisman monologik, asosan, dialogik, polilogik shaklda bo‘ladi. Boshqacha aytganda, ikki yoki undan ortiq kishilarning o‘zaro munosabatlarida reallashadi. Dunyo go‘zallik qonuniyatlariga binoan qurilarkan, demak, insonnning xulqi va nutqi ham, ko‘rinishi va kiyinishi ham, munosabati va muloqoti ham go‘zal bo‘lishi maqsadga muvofiq. Xalqimizning “O‘zingga qarab kutarlar, so‘zingga qarab kuzatarlar” - degan o‘giti bejiz emas. “Til yarasi bitmas, tig‘ yarasi bitar” - deganida ham inson uchun zarur bo‘lgan muomala jarayoniga e’tibor zaruriyatini sezish qiyin emas.

Shaxs ma’naviyatining uzviy bir bo‘lagi muomala madaniyati bo‘lsa, xulq-atvor, odob-axloq, nutqiy faoliyat tushunchalari uning zamiriga kiradi. Asrlar osha har bir xalqqa xos bo‘lgan, milliy-ma’naviy qadriyatlar yuksak madaniyat ramzigaaylangan urf-odatlar, yurish-turish, yashash tarzi barchasi kishi shaxsiyatida aks etishi tabiiy. Bularning barchasi nutq madaniyati va notiqlik san’atini egallash zaruriyatini bildiradi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusning birinchi tashabbusi ijrosi borasida ham bu harakatimiz ahamiyatlidir. TIQXMMI ning iqtidorli talabalari, yoshlar ittifoqi yetakchilari ishtirokida bugun NOTIQLIK SAN’ATI to‘garagining ilk dars mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Rektorimizning takliflariga binoan boshlangan bu harakatga talabalar o‘zlarining qiziqishlari bilan labbay deb javob berib, qo‘llab - quvvatlashdi. Ularning qiziqish doirasi kengligi, boshlovchilik mahoratini egallashga mayli ustuvorligi e’tiborga molik bo‘ldi.

Inson xushfe’l, kamsuqum, xokisor, olihimmat, muloyim, beozor bo‘lsa, ko‘pchilikning e’tirofu e’tiboriga tushadi. Chunki, e’tirof e’tiborga, e’tibor ehtiromga, ehtirom esa e’zozga eshik, ezgulikka beshikdir. Odamzotinng kimligini, ma’naviyatini atrofdagilariga bo‘lgan munosabatidan anglab olish qiyin emas. Chunki, muomala inson xulq-atvorining ziynatidir. Kishi xulqi bilan nazarga ham, hazarga ham duchor bo‘lishi hech gap emas. O‘zaro tushunish va bir-birini anglash tuyg‘usi muomala madaniyatining asosi hisoblanadi. Ba’zan bir zamonda, bir makonda yashaymiz, bir jamoada ishlaymiz-u, lekin bir-birimizni tushunmasdan dilxiraliklarga yo‘l qo‘yamiz. Har kimning xarakteri, saviyasi, didi har xil bo‘lgani uchun, o‘ziga yarasha muomalani talab qiladi. Shu tobda shoirning ushbu bitigi yodga keladi.

Qolmadi odamzot kirmagan go‘sha,

Yeru ko‘kda, suvda hozir hamisha.

Oh, gohida yonma yon turaru inson

Bir-birin qalbiga kirolmay sarson.

Suv va samo bilan sirlasha olgan inson eng yaqinlarining qalbiga yo‘l topa olmay iztirob chekishi taajjubli hol. Qalbga yo‘l ma’rifatdan boshlanadi. Ma’naviyatli inson kimga, nima haqda, qachon, qaerda, qanday qilib va qancha aytishni biladi va amal qiladi, shu asnoda obro‘ qozonadi, e’tiborga tushadi. Bir so‘z va bir xatti-harakat e’tirofga yoxud e’tirozga, nazarga yoxud hazarga, yaxshilikka yoxud vahshiylikka sababkor qilishi hech gap emas. Shundagina voizning o‘zi ham, so‘zi ham joiz bo‘ladi, suhbatdoshi qalbida iz qoldiradi.Ma’rifatli inson madaniyatli ayni damda ma’naviyatlidir. So‘zlash ma’rifatdan, tinglash madaniyatdan, anglash ma’naviyatdandir. Johil kishi so‘zning qiymatini va o‘zining qadrini bilmagani uchun xushmuomalada bo‘lolmaydi. Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish va olishish uchun esa bilim, tafakkur, yuksak darajadagi xulqiy va nutqiy madaniyat zarur.

Vaziyatga to‘g‘ri baho berish, maqsaddan kelib chiqqan holda yondoshish, xolislik, oqilona, odilona munosabat va samimiy muloqotgina muomala madaniyatining tarkibiy qismi bo‘la oladi. Hamma narsaga chidashi mumkin, lekin adaolatsizlikka chiday olmaslik bizning xalqimiz tabiatiga xosligini ta’kidlanishi bejiz emas. Birovni baholash aslida, o‘zingni baholashdir. O‘rinsiz tanbeh, dashnom yoki ta’na kishi dilini og‘ritadi va uning kayfiyatini buzadi, ruhiyatiga ta’sir qiladi. Samimiy muomalaga darz ketdimi, singan piyolani chegalashdek qiyin ish. Har bir narsa-hodisaning yoki shaxsning yutuq va nuqsonlarini, manfiy va musbat tomonlarini to‘g‘ri e’tirof etish va tushuntirishgina kelishmovchilik va janjallarni bartaraf etadi. Bu esa muomala madaniyatining o‘ziga xos sir-sinoatlarini bilish kerakligini anglatadi. Kimga va nimaga qanday ko‘z bilan qarash, munosabat bildirish muhim. Har kimning o‘z qalb qarichi, baholash mezoni bor. Gap qanday ko‘z bilan qarashda. Kimdir mehr ko‘zi bilan, yana kimdir qahr ko‘zi bilan, birov tasdiq ko‘zi bilan boshqa birov inkor ko‘zi bilan qarashga odatlangan hayotda. Har bir narsadan fazilat izlashdan ko‘ra, illat izlashga odatlangan kimsaga muomala madaniyati haqida so‘z ochish quruq safsatadir.

Inkor ko‘zi-la qaragan kishiga

Yusufning yuzi ham xunuk ko‘rinar.

Agar muhabbat-la qarasa devga

Dev ham farishtadek suluv ko‘rinar.

Demak, qanday ko‘z bilan qarash insonning fe’l-atvori, didi, saviyasi, niyati va dunyoqarashiga, boshqacha aytganda, ta’lim-tarbiyasiga bog‘liq ekan. Yashash qarash va kurashlar birligidan iborat ekan, insoniyatning tafakkur tarzi, munosabat tarhi ham o‘ziga xos bo‘lishi – tabiiy. Mutafakkirlardan birining “Kimki hayotdan olmasa ta’lim, Unga o‘rgatolmas hech bir muallim”, – degan hikmati bejiz emas. Ko‘rgan-kuzatgan, eshitgan-bilganlaringizdan hikmat izlaysiz. Nimanidir uqasiz, anglaysiz. Niyat – amalga yarasha degan gap bor, niyat xayrli bo‘lsa, oqibat ham xayrli bo‘ladi.

“G‘urbat izlaganga–g‘urbat bu dunyo,

Illat izlaganga–illat bu dunyo,

Kim neni izlasa, topar begumon,

Hikmat izlaganga–hikmat bu dunyo” –deb yozadi marhum Sadriddin Salim Buxoriy. Shoir–haq.

Tirikchilik tashvishi – hammamizga xos. Yeydigan taomimiz, kiyadigan kiyimimiz, yashaydigan joyimiz qayg‘usi hech bir tirik jonni chetlab o‘tmasligi aniq. Bularni ta’min etadigan uch birlik bor. Bu vaqt, zamon tushunchasi bilan izohlanadigan KEChA, BUGUN va ERTAdir. Biz vaqt izmidamiz. Ko‘pincha unga mas’ulligimizni yoddan chiqazib qo‘yamiz. Umrning qimmatli lahzalarini behuda o‘y-tashvishlarga, ikir-chikirlarga sarflaymiz. Ana shu vaqt birligi har kimning hayotida har xil iz qoldiradi. Bular o‘tmish, hozirgi vaqt va kelajak. Biri-biri bilan bog‘liq. Biri ikkinchisiga, ikkinchisi uchinchisiga zamin hozirlaydi. Birov “kecha” bilan g‘ururlansa, yana birov bugungi kuni bilan, boshqa biri esa ertangi kunga umid bilan yashaydi.

Odamzotdagi har qanday kasallik, illat, aslida, uning ruhiyatidagi siqilish, bezovtalikdan boshlanadi. Demak, kasallik ruhiyatdan tanaga ko‘chadi. Biz tanani davolashga ko‘proq e’tibor qilamiz. Shu bois bormagan joyimiz, uchrashmagan doktorimiz, ichmagan dorimiz, ko‘rsatmagan tabibimiz qolmaydi. Tanani har xil kimyoviy moddalar bilan to‘lg‘izamiz. To‘g‘ri, dori-darmon sabab ma’lum muddat tuzalib, kasallikning oldini olishimiz ham mumkin. Lekin ruhiyat davolanmas ekan, tana to‘la holda shifo topmaydi. Odamzotning tirikligi tan, jon va ruh birligidan iboratdir. Ular sog‘lom bo‘lmasa, barkamollik yo‘q. Barkamollik belgisi aqliy va jismoniy kuchga tayanadi. Shuning uchun ham bir paytlari duoxonlar, azayimxonlarga ehtiyoj sezilgan bo‘lsa kerak. So‘z va nutq orqali inson ruhiyatiga ta’sir etish va uni davolash – sinashta hol. Inson badanida illatga moyil kuchlar bo‘lgani holda, unga qarshi immunitetlar, instinktlar ham borligini inkor etib bo‘lmaydi. So‘z buzadi, so‘z tuzadi. Olqish ham so‘z bilan, qarg‘ish ham so‘z bilan. Omonlik-u yomonlik ham, obodlik-u barbodlik ham u bilan. So‘z o‘ldiradi, so‘z kuldiradi. Bunyodkor g‘oyalar ham, buzg‘unchi g‘oyalar ham u bilan. So‘z xususidagi bu ta’riflar bejiz aytilmagan.

Xulqi qanday bo‘lsa, kishi nutqi ham shunday bo‘lishi tabiiy. Mutafakkir Alisher Navoiy “Kimning miyasida illat ko‘p bo‘lsa, so‘zida mantiq bo‘lmaydi. Miyasi sog‘lom bo‘lsa, gap so‘zi yoqimli va xatosiz bo‘ladi”– deyishlari bilan haq. Xulq va nutq birlashib o‘z ro‘yobini ko‘rsatsa, kishi yo xushfe’l, yo badfe’l deyiladi. Insondagi ijobiy fazilatlar uni komillik sari yuksaltirsa, salbiy illatlar tubanlik qa’riga tortadi. Bu esa muomala jarayonida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Muomala inson xulqining oynasi ekani oydin bo‘ladi. Ma’rifatparvar adib Abdulla Avloniy “Turkiy guliston yoxud axloq” asarida odamzot tabiatidagi maqbul va nomaqbul xislatlarni qayd eta turib, insonlarni yaxshilikka chaqiruvchi, yomonliklardan qaytarguvchi ilm bu axloq ekanini ta’kidlaydi. “Inson ikki narsadan murakkabdur. Biri jasad, ikkinchisi nafsdur. Jasad ko‘z ila bor narsalarni ko‘rur. Ammo nafs idrok ila yaxshini yomondan, oqni qoradan ayirur. Jasadning ham, nafsning ham biror surati bordurki, yo yaxshi va yo yomon bo‘ladur. Jasadning surati hammaga ma’lum bir narsadurki, har vaqt ko‘zga ko‘rinib turadur. Ammo nafsning surati ko‘zga ko‘rinmaydurgan, aql ila o‘lchanadurgan bir narsadurki, buni xulq deb atalur. Agar bir kishi yoshligida nafsi buzulub, tarbiyasiz, axloqsiz bo‘lib o‘sdimi, bunday kishilardan yaxshilik kutmak yerdan turib yulduzlarga qo‘l uzatmak kabidur.”(A.Avloniy.,”Turkiy guliston yoxud axloq” T, O‘qituvchi, 1992 y.11-b.) Anglashilayaptiki, bunday badfe’l kishilarga tarbiya ham ojizlik qiladi. Bu borada boshqa bir shoirning bitigini keltirish o‘rinlidir.

Ilonni har qancha qilsang tarbiyat

Oxir zahrin sochib yetkazar zahmat.

Nokas tabiati ilon kabidur,

Yuzin ko‘rmaslikka etgil harakat.

Abdulla Avloniy xulqni yaxshi va yomonga ajratadi. Yaxshi xulqlar tarkibiga fatonat, diyonat, islomiyat, nazofat, sa’y va g‘ayrat, riyozat, shijoat, qanoat, ilm, sabr, hilm, intizom, vijdon, vatanni suymak, haqqoniyat, nazari ibrat, iffat, hayo, idrok va zako, hifzi lison, iqtisod, viqor, xavf va rajo, itoat, haqshunoslik, xayrixohlik, munislik, sadoqat, adolat, muhabbat, olihimmat va avfni kiritsa, yomon xulqlarga g‘azab, shahvat, jaholat, safohat, hamoqat, atolat, hasosat, rahovat, anoniyat, adovat, namimat, g‘iybat, haqorat, jibonat, hasad, kizb, nifoq, tama’, zulm singarilarni kirishini e’tirof etadi va ular ta’rifida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tadi. Bularning barchasi u yoki bu darajada odamlararo munosabat jarayonida qo‘llanilishidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Yaxshi tarbiya topganlarda yaxshi xulqlar, yomon tarbiya ko‘rganlarda esa yomon xulqlar hukmronlik qiladi. Bu esa muomala jarayonida oydinlashadi. Aslida, barcha muammolarning yechimi muomalada ekanini unutamiz va munosabatlarimizni chigallashtiramiz.

“Nurnoma”da keltirilishicha, sarvari koinot “Men yetti daryo yaratdim, - deb sanay boshlaydi, - ularning orasida biri ilm daryosi, ikkinchisi hilm daryosi”. Muomalaning barchaga daxldor bo‘lgani hilm haqida so‘z ochish mohiyatlidir. Bu haqda Abdulla Avloniy shunday yozadi: “Hilm deb bo‘lar-bo‘lmas ishga achchig‘lanmaydurgan, arslon yurakli. Yumshoq tabiatli bo‘lmoqni aytilur. Hilm insonlarning tab’idan xusumat, adovat, g‘azab, hiddat kabi yomon xulqlarni yo‘q qiladurgan har kimcha maqbul bir sifatdur. Hilm ilmi axloq yuzasidan insonga eng kerakli narsadur. (O‘sha kitob. 25-b.) Halimtabiatlilik muloyimlikdir. Jahl qilish, g‘azablanish ularga yot bo‘lishidan tashqari, fikrini bosiqlik, vazminlik bilan yetkazuvchi kishilardir. Jahlning jilovi shaytonning qo‘lida. Halimtabiat inson o‘zgani emas, o‘zini yenga olgan kishi mard hisoblaydi. Bu ularning shiori. Demak, insonlararo muomalada chin inson bo‘lmak uchun havasning qo‘liga nafsning jilovini bermaydirgan, bo‘lar-bo‘lmas narsalardan achchig‘lanmaydurgan, sovuqqonli, yumshoq tabiatli, muloyim so‘zli, halim va sabrli bo‘lmak lozimligi uqtiriladi. Shuning uchun ham hadisi shariflardan birida “Hilm xulqlarning sayyididur” deyiladi. Suqrot hakim: “Shiddat ila muomala qilgan kishilarga man viqor va halimlik ila muqobila qilurman, chunki hilm, shiddatni, xusumatni past qilur. Lekin kishini ojiz va xorlik darajasiga tushuradurgan halimlikdan man bezor”, - deb yozgandi.

Ma’rifatli, ma’naviyati yuksak bo‘lgan insonlar muomala madaniyatida ko‘pchilikka ibrat bo‘la oladi. Xushmuomalalik, xushfe’llik, beozorlik, muloyimlik, hayo-ibolilik ularning husniga husn, obro‘siga obro‘ qo‘shgan. Alisher Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida “Vafosizda hayo yo‘q, hayosizda vafo yo‘q” – deya bejiz ta’kidlamagan. Beandishalilik, befahmlik, befarosatlik esa kishini aqldan, hayodan judo qiladi. Sharq odobnomasida qaerga borish, qanday so‘rashish, qaerda o‘tirish, qanday so‘zlash, kimlarning suhbatida bo‘lish muomala madaniyatining mezonlari sifatida ko‘p bor tilga olingan. Sa’diy Sheroziy “Shirin so‘zli shilgay dushman po‘stini, dag‘al so‘zli dushman qilgay do‘stini” - deya o‘rinli ta’kidlagan.

Institut matbuot xizmati